Sochlaringiz ham qarishi mumkin! Ishonmaysizmi? Chakki qilasiz. Chunki bu ayni haqiqat! Ayniqsa, soch uchininng gullashini esa bevaqt tushgan ajinga o`xshatish mumkin. Demak, xuddi yuz va qo`l terimiz kabi sochlarga ham alohida parvarish kerak.
BOISI NIMADA?
Buning bir qancha sabablari bor:
- vitamin etishmasligi;
- noto`g`ri parvarish;
- kimyoviy bo`yoqlar bilan soch bo`yash;
- soch folekulasiga mos bo`lmagan shampun va ishqorli sovunlarda yuvish;
- shamol va quyoshda ko`p yurish;
- soch uchun mo`ljallangan laklardan foydalanish;
- muntazam bir xil turmak qilish;
- fendan foydalanish;
- soch dazmolini ko`p ishlatish;
- temir taroqda tarash;
- soch tuzilishining zararlanishi;
- yoshga bog`liqlik va ichki organizm kasalliklari.
Sochni qaychilash echim emas!
Mummodan qutilishning oson yo`li gullagan soch uchini qaychilash, deb o`ylasangiz adashasiz. Bu eng so`nggi choradir. Shoshilmang! Avvalo yuqorida ko`rsatilgan sabablar bor-yo`qligini aniqlang. So`ng uy sharoitida bajarish mumkin bo`lgan usullarni ko`rib chiqing.
(alohida)
Sochni quritishda fen bilan oraliq masofa 20 sm.dan kam bo`lmasin. Shunda zarari kamroq bo`ladi. Hozirda fen ta`sirini kamaytiruvchi vositalar ishlab chiqilgan bo`lib, ulardan soch quritishdan oldin boshga bir tekis surtib oling.
Maxsus yog`lar
Kokos, qora sedana, kanakunjut, zaytun, bodom yog`ini 1 haftada 1 marotaba sochingizga surtib,boshingizni uqalasangiz boshdagi tomirlar harakatga kelib, sochlarni o`sishiga yordam beradi. Moy nafaqat sochlaringizning ildiziga, balki uch qismiga ham surtilganiga amin bo`ling.
Parvarishlaymiz
Tiklovchi va davolovchi shampunlardan foydalaning. Tarkibida lesitin va vitamin V5 bo`lganiga e`tiboringizni qarating, moychechakli, yalpizli, ohak gulli shampunlar ham ayni siz uchun. Noto`g`ri tanlangan yoki kimyoviy vositalarga boy bo`lgan shampunlar soch strukturasini buzilishiga olib keladi. Buning oqibatida sog`lom sochlar ham zararlanadi.
Tarog`ingiz katta tishli va orasi yaqin hamda taxta yoki elimdan yasalgan bo`lishi zarur.
Sochingizni yuvib bo`lib, uning tag qismiga gullashga qarshi bo`lgan maxsus krem, balzamlarni surtib qo`ysangiz ham foydadan holi bo`lmaydi. Bu krem va boshqa suyuqlik sochlarga surtilgandan so`ng huddi himoyalovchi plyonka kabi qoplanadi hamda uni tashqi zararlardan asraydi.
Tarkibi turli kimyoviy vositalariborat bo`yoqlardan emas, tabiiy xinada sochlaringizni bo`yashga odatlaning.
Uzun sochlarni 1 oyda, kalta sochlarni esa 6-8 haftada bir marotaba uchidan ozginagina qirqib, “engilab” turish ularning sog`lom o`sishiga yordam beradi. Buni uy sharoitida emas, sartarosh huzurida va uning “qaynoqqina” qaychisi ostida amalga oshirgan ma`qul.
Uy sharoitida niqoblar
Oyda 2 marotaba sochingizni yuvishdan avval issiqqina kompress qilish koni foydadir. Buning uchun kungaboqar yog`ini ilitib, sochlaringizga surtasiz, ustidan selofan kiyib, uning ustidan esa qalin ro`mol o`rab qo`yasiz. 1 soat o`tgach shampun bilan yuvib, ozgina miqdorda limon sharbati aralashgan nordongina suvda chayib tashlaysiz. Bunday usul barcha turdagi sochlarga mos keladi.
Bundan tashqari gullay boshlagan yoki gullashni oldini olish uchun moychechak qaynatmasi, qayin daraxti barglari yoki yalpiz barglaridan tayyorlangan qaynatmalarda sochlaringizni chayib turing.
Yog`li sochlarga mos niqob: 1ta tuxum sarig`i, 1 choy qoshiqdan zaytun yog`i, xina kukuni, asal, konyakni aralashtirib sochingizga surting. 1 soatdan keyin yuvib tashlashingiz mumkin. Ushbu niqobdan so`ng sochlaringiz yumshab, jilokorligi yana ham oshadi.
Quruq sochlar uchun mayonezli niqobdan foydlanishingiz mumkin. Ilitilgan qatiqni ham niqob o`rnida ishlatsangiz bo`ladi.
Bu muhim!
- Nam sochlarni taramang.
- Ployka, termo-bigudi va boshqa sochlarni kuydiruvchi asboblardan foydalanmang.
- Sochlarni tekislovchi dazmolni hamda turli lak, muss vositalar unuting.
- Temirdan bo`lgan soch to`g`nog`ich va zakolkalar ham zararlidir.
- Qattiq sovuqda, yomg`irdan, shamol va tik quyoshdan panada bo`ling.
- Agar soch bo`yashdan voz kecha olmasangiz, namlovchi va davolovchi hususiyatga ega bo`lgan bo`yoqdan foydalaning
- Ma`lum muddat kimyoviy vositalardan umuman foydalanmang.
- O`z vaqtida ovqatlanish, me`yorida shirinlik, meva-sabzavotlar hamda yong`oq, ko`katlar iste`mol qilib boring.
- Tanadagi suv miqdorini saqlash ham katta ahamiyaga ega.
KAMOLA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi