AsosiySUG'DIYONA

TATUAJ HAQIDAGI HAQIQATLAR: TURI, NARXI, YO`QOTISh USLUBLARI

'TATUAJ HAQIDAGI HAQIQATLAR: TURI, NARXI, YO`QOTISh USLUBLARI'ning rasmi

Permanent tatuaj

Tatuirovkaning bir turi bo`lib, tatuirovkadan farqi u teriga emas, balki teri ostiga maxsus bo`yoq yordamida yuz konturlari (qosh, qovoq, lab) «chiziladi». Shuni aytish mumkinki, aksar hollarda tatuaj yomonlashadi, uning zararlari haqida gapirishadiyu, ammo baribir tatuaj qildirishadi.

Nega rangi o`zgaradi?

Tatuaj uchun ishlatiladigan bo`yoq turi turli xil bo`ladi. Ba`zi ayollar: tatuaj qilish uchun ishlatilgan bo`yoq qancha ko`pga etsa, u shuncha sifatli bo`ladi, degan yanglish fikr mavjud. Ayol kishi o`zgarishni istaydi, tatuaj bo`yog`i ayolning mana shu istagini e`tiborga olgan holda ishlab chiqarilgan. Sifatli bo`yoq uzog`i bilan 3-5 yilga etadi va sekin-asta tanadan chiqib ketishi kerak.

Arzon tatuaj bo`yoqlari kimyoviy bo`lib, uni teridan faqat lazer yordamidagina yo`qotish mumkin. Shu bilan birga, vaqt o`tishi bilan tatuaj yashil yoki kulrang tusga ham kiradi. Bunday tatuajlarning narxi odatda 25 000-30 000 so`m atrofida bo`ladi.

Tabiiy bo`yoq esa o`simliklardan olinadi, narxi ham qimmat. U terida 3-5 yil davomida turib, keyin sekin-asta yo`qolib boraveradi. Bunday tatuaj turlarining narxi 55 000 so`mdan 65 000 so`mga qadar. Hamda bunday tabiiy bo`yoqda chizilgan tatuaj o`z rangini boshqa rangga o`zgartirmaydi. Tatuaj qildirmoqchi bo`lsangiz, albatta amerikacha yoki fransuzcha bo`yoq turini tanlang. Bo`yoq flakonlarini tekshirib, o`qib ko`rishga ham erinmang. Shu bilan birga, kosmetolog-mutaxassisning avvalgi ishlari bilan ham tanishganingiz ma`qul. Ya`ni uning ishini portfoliosiga qarab emas, mijozidagi natijasiga ko`ra tanlang.

Mutaxassis albatta mijoz terisining o`ziga xos xususiyatini o`rganishi lozim. Chunki terida melanin moddasi turli miqdorda ajralib chiqadi va bu ham bo`yoqning qanday rangga kirishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Yana ba`zi holatlarda nina juda chuqur kiritilgan sabab, bo`yoq qon bilan aralashadi va uning rangi o`zgaradi. Bu ham mutaxassisning naqadar o`z ishini bilishiga bog`liq.

Tatuaj uchun nina

Tatuaj qildirish uchun albatta bir martalik ninalar qo`llanilishiga ahamiyat bering. U albatta sterillangan qadoqda bo`lishi kerak. Mutaxassis albatta maxsus qo`lqopdan foydalanishi kerak. Odatda bunday ninalar nikel, platina yoki po`latdan yasaladi. Mutaxassis tatuaj ninasini to`g`ri qo`llay bilishi darkor. Aks holda natija kutganingizday bo`lmasligi mumkin.

Muolaja paytida…

Hozirgi ko`pgina ayollar kosmetologga qilingan tatuajni korrektirovka, ya`ni to`g`irlatish uchun murojaat qilishadi. Tatuaj chizish nafaqat mohirlikni, balki shu bilan birga rassomlikni ham talab qiladi. Mutaxassis mijozga tatuaj chizganda uning albatta yuz ovali, ko`zlari joylashishi, qosh uzunligi, teri rangi barcha-barchasini hisobga olishi zarur.

Ayollar ba`zan o`zini mutaxassisga yuz foiz topshirib qo`yishadi. Bu noto`g`ri, chunki siz tatuaj bilan 1 yoki 2 hafta emas, bir necha yil yurasiz. Shuning uchun o`z fikringiz va nimani istayotganingizni mutaxassisga aytishga, undan talab qilishga haqqingiz bor. Mutaxassis avvaliga tatuajni sizning yuzingizga o`chirish mumkin bo`lgan bo`yoq bilan chizib ko`rsatishi lozim. Tatuajni chizdirib oynaga qarang, natija sizni qoniqtirganidan keyingina mutaxassis ishning asosiy qismiga kirishishi maqsadga muvofiq.

Muolajadan so`ng…

Tatuaj qilingandan keyin teri ustida yupqa qatlam va engil shish hosil bo`lishi tabiiy hol. Ammo bu shish 3-4 kunda o`tib ketishi kerak. Tatuaj qilingandan so`ngra hammomga borish, saunaga tushish kabi suv bilan aloqador holatlardan tiyilgan ma`qul. Shuningdek, teri ustida hosil bo`lgan yupqa qavatni yulib tashlash ham mumkin emas, u tabiiy o`zi tushib ketishi kerak. Aks holda yulib olingan joyga bo`yoq singmasdan oqarib qolish xavfi bor. Albatta har bir terining o`ziga xosligi bo`lgani kabi, tatuajda ham biror bir kamchiliklar kuzatilishi mumkin. Bu kamchiliklar: tatuaj qilingan qismning u yoki bu joyida oqarib qolish yoki boshqa holatlar kuzatilganda, uni 1 oydan so`ngra mutaxassis kosmetologning o`zi to`g`irlaydi.

Mumkin emas

Har qanday kosmetologik muolaja singari tatuajda ham bir qancha taqiqlar mavjud. Qandli diabet, og`ir yoki o`rtacha shakldagi yurak qon-tomir kasalliklari, astma, teri va qon kasalliklarida tatuaj qildirish tavsiya etilmaydi. Shuningdek, og`riq qoldiruvchi vositalarga allergiyasi bo`lgan kishilarga ham mumkin emas. Homilador va emizikli ayollarga ham tatuaj kat`iyan taqiqlanadi. Hayz davrida gormonal o`zgarishlar bo`lgani sababli, bu kunlarda tatuaj qildirish tavsiya qilinmaydi.

Natijasi

Birinchi haftada makiyaj juda ham yorqin ko`rinadi. Ammo xavotirga o`rin yo`q, bir haftadan keyin bu holat o`tib ketadi, ya`ni to ko`nikma hosil qilguningizga qadar yuzingizdagi tatuaj yorqin ko`rinadi.

Tatuaj qildirishga qaror qilgan bo`lsangiz, qiyofangizdagi o`zgarishlarga tayyor bo`ling. Ba`zi hollarda chiziqlar aniq bilinmasligi, rang ham kutilgandek chiqmasligi ehtimoli ham yo`q emas. Shu bilan bir qatorda terida bo`yoq yoki dog`lar ham hosil bo`lishi ham mumkin.

Bunday bo`lishini istamasangiz, salon va mutaxassis tanlashga jiddiy ahamiyat bering.

Tatuajni yo`qotish

Tatuajni olib tashlash qimmatbaho muolaja turiga kiradi, desak adashmaymiz. Chunki bir martalik tatuaj uchun siz 55 000 so`mdan 65 000 so`mgacha sarflasangiz, tatuajni yo`qotish uchun 2-3 barobar ko`proq haq to`lashingizga to`g`ri keladi.

Lazer yordamida tatuajni yo`qotish uchun teri holati, ishlatilgan bo`yoqga ko`ra muolajani bir necha marta takrorlash talab qilinishi mumkin. Natijani esa 3-4 hafta o`tgandan keyin ko`rasiz. Bunda tatuaj atrofidagi teri shikastlanmaydi, muolaja davomida terida biroz achishish his etasiz.

Shahar klinikalarida tatuajni lazer yordamida olib tashlashning bir martalik narxi 50 000 so`mdan 100 000 so`mgacha. Bo`yoq rangining ketishi va terining xususiyatlariga ko`ra, muolajani takrorlash talab qilinishi ham mumkin.

Izi qoladimi?

Ishlatilgan bo`yoq va teri xususiyatiga ko`ra tatuajni lazer yordamida umuman olib tashlash ham mumkin. Lekin ba`zi hollarda bo`yoq turiga ko`ra terida bilinar-bilinmas iz ham qolishi holatlari ham bo`ladi.

Muhim!

Eng avvalo tatuaj qildiruvchi mutaxassis tanlashda ehtiyotkor va e`tiborli bo`lishi shart. Tatuaj qilish jarayonini albatta kvalifikasiya va ish tajribasiga ega bo`lgan mutaxassis amalga oshirishi kerak. Aks holda go`zal bo`lishning o`rniga, karmoningiz bilan birgalikda o`z qiyofangizga ham katta zarar etkazishingiz mumkin.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar