AsosiySUG'DIYONA

BUYRAK VA O`T PUFAKDA TOSh BO`LSA...

'BUYRAK VA O`T PUFAKDA TOSh BO`LSA...'ning rasmi

Ma`lumotlarga ko`ra, jahon axolisining besh foizi o`t pufagida tosh «ko`tarib» yurarkan. Buyrakdagi katta-kichik tosh sohiblari esa ko`p yillar davomida organizmlarida to`planayotgan «boylik»dan xabarlari ham bo`lmaydi. Xo`sh, nega shunday? «Bisotimiz»dagi toshlardan qanday qutilish mumkin? Bugun ko`pchilikni qiziqtirgan savollarga javob topishga urinib ko`ramiz.

Mutaxassis – Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi shifokori, urologiya kafedrasi dosenti Ulug`bek XUDOYBERGANOV.

Muammo «ildizi» qaerda?

Buyrakda tosh yig`ilishining asosiy sababi organizmda moddalar almashinuvining buzilishidir. Shu bilan birga kasallikning boshqa sabablari ham yo`q emas. Xususan:

  • etarli miqdorda suyuqlik ichilmasligi bois organizmda suv almashinuvining buzilishi;
  • peshob yo`llaridagi infeksiyalar;
  • peshob hajmi kamayganda yoki tarkibida tosh hosil qiluvchi moddalar ko`payganda buyrakda tosh yig`iladi.
  • Podagra xastaligi tufayli peshob kislotasi ortib, tosh paydo bo`lish xavfi yuzaga keladi;
  • Peshob tarkibida kalsiy tuzining ko`pligi (xastalikning qariyb 50 foizini tashkil etadi);
  • Qandli diabet va gipertoniya bilan og`riganlarda ham buyrak toshining yuzaga kelish ehtimoli mavjud;
  • Ayrim dori preparatlari ham buyrakda tosh keltirib chiqarishi mumkin.

Toshlar avvaliga turli tarkibga ega mayda kristall ko`rinishda bo`lib, suyuqlik miqdorini etarlicha qabul qiladigan kishilarda peshob ajralishi orqali chiqib ketadi. Agar bu jarayon normal kechmasa, kristallar o`sishni boshlaydi va bir-biri bilan birlashib, toshga aylanadi. Odatda toshlar o`lchami 4 mm.dan 4-5 sm.gacha etishi mumkin. Shunisi qiziqki, buyrakda hosil bo`lgan toshlar yillar davomida hech qanday belgilarsiz kattalashadi.

(alohida)

Buyrak–tosh kasalligi nefrolitiazning erkaklar va ayollardagi ko`rsatkichi deyarli bir xil. Yosh masalasida ham, kattalar va o`smirlarda uchrayotgan holatlar qayd etilmoqda. Demak, «buyrak-tosh kasalligi yosh tanlaydi» degan tushuncha bugun eskirdi.

Turlari

Buyrakdagi toshlarning turli xili bor. Bular, urat, oksalat, fosfat toshlari, peshob suyuqligida shovul kislotasining ko`payib ketishi natijasida cho`kmalar paydo bo`lishidan so`ng kelib chiqadigan, shuningdek, kalsiy tuzining siydikda me`yordan ortiq ajralishi sababli paydo bo`ladigan toshlar.

Kasallik asorati ham bo`lishi mumkinmi?

Chindan ham buyrak toshlari biror xastalik asoratida kelib chiqishi mumkin. Asosan:

Belgisi og`riqmi?

Xastalik qorin, bel va tos sohasida keskin og`riq yuzaga kelishi bilan ifodalanadi. Tosh joyidan qo`zg`alganda, og`riq kuchayib, tananing holati o`zgarganida ham o`tib ketmasligi mumkin. Ko`ngil aynishi, qayt qilish, peshob rangining odatdagidan to`qlashishi kabilar ham nefrolitiazdan darakdir. Bordi-yu, siydik yo`llarida infeksiya bo`lsa, buyrak-tosh kasalligida tana harorati ko`tarilishi mumkin.

(alohida)

Ko`pchilik nazdida buyrak–tosh kasalligi nasl surishi mumkin bo`lgan xastalik. Tibbiy ma`lumotlarga yuzlansak, nefrolitiazning nasliy moyillik ehtimoli bor-yo`g`i 1-2 foiz ekanligini ko`ramiz. Demak, xastalik ko`p hollarda orttirilgan bo`ladi.

Tashhis aniq, endichi?

Peshob tahlili, UTT va rentgen tekshiruvlaridan o`tdingiz. Xurujlar takroriyligi va holatiga ko`ra shikoyatlaringiz tinglanadi. Tashhis aniq – nefrolitiaz! Muolajaga o`tishdan avval bir eslab ko`ring, ilgari buyrakda tuz yoki qum yig`ilishi bilan to`qnash kelmaganmidingiz? Bordi-yu, e`tiborsizlik qilib, o`sha qum va tuzlar bugun toshga aylangan bo`ladi.

Ana endi muolaja haqida:

  • Tosh hajmi katta bo`lmasa (4-5mm), etarli miqdorda suyuqlik ichilganida siydik orqali tushib ketadi. Buning uchun shifokor peshob ajralishini faollashtiruvchi preparatlarni buyurishi mumkin.
  • 9-10 mm. o`lchamdan katta toshlar aniqlanganida ularni maydalab, siydik yo`lidan o`ta oladigan ko`rinishga keltiruvchi davo choralari qo`llanadi. Fahmlaganingizdek, bunda ham toshlar peshob ajralishi orqali chiqib ketadi.
  • Buyrak toshining o`lchami 1,5 sm.gacha bo`lsa, uni avval elektromagnit to`lqin yoki ultratovush zarb to`lqini yordamida maydalash lozim. Muolaja ambulator sharoitda o`tkazilib, hech qanday tig` ishlatilmaydi. Elektromagnit to`lqin ta`sirida maydalangan toshlar 3-5 kun davomida siydik bilan tushib ketadi.
  • Hajmi yirik toshlar-chi, dersiz. Ular endoskopik jarrohlik amaliyoti yordamida olib tashlanadi. Mazkur amaliyotning kosmetik jihatdan afzalligi ham ta`kidlanadi.

Buyrak-tosh kasalligini davolashda qo`llanilgan usullar erkak va ayollar, shuningdek yigit-qizlarda bir xil bo`lib, muolajadan so`ng xastalikning takrorlanishi bemorning o`ziga bog`liq. Zero, tanlangan muolajalar bemorning jinsiga ko`ra ajratilmaydi.

O`t qopi «og`irlashib» ketsa...

Ovqat hazm qilish jarayoni me`yorda kechsa, o`t pufagida muammo yuzaga kelmaydi. Aks holatlarda esa o`t pufagida zarda to`planib, tosh paydo bo`lishi yoxud ushbu a`zoning boshqa kasalliklari yuzaga kelishi mumkin. O`t pufagi suyuqligi bir necha tarkibli bo`lib, unda yuzaga keluvchi toshlar ham tarkibiga ko`ra farqlanadi. Xolesterin, kalsiy va bilirubin pigmentidan hosil bo`luvchi toshlar shular jumlasidan. Aralash tarkibli toshlar ham ko`p uchraydi.

«Bezovtalik yo`q-ku?!»

Tosh joyidan qo`zg`almagunicha hech qanday og`riq sezilmasligi mumkin. Hatto, o`t pufagingizda bir necha millimetrlik tosh ko`tarib yurganingizni tasodifan tibbiy tekshiruv payti bilib qolishingiz ham hech gap emas. To`g`ri, vaqti–vaqti bilan ko`ngil aynib, jig`ildon qaynaydi yoki og`izda tahirlik paydo bo`ladi. Biroq kasallik og`riq bermagani bois e`tibor bermaysiz. Tosh o`t yo`liga harakatlanib, uni berkitib qo`yganida esa o`ng qovurg`a ostida sanchiqli og`riq yuzaga keladi. Bezovtalik qorin, o`ng kurak, o`ng elka, o`mrov va kuraklararo sohaga tarqaladi.

Sababi semizlik?!

O`t pufagimda tosh qaerdan paydo bo`ldi deyapsizmi? Keling, uni keltirib chiqargan omillar bilan tanishamiz. Birinchidan, haddan tashqari ko`p va pala-partish ovqatlanish, kamharakatlilik, organizmda moddalar almashinuvining buzilishi, o`t dimlanib qolishi, ekologiya ta`siri. Ro`yhat davomida irsiyat va semirishga moyilligi borlarni ham uchratish mumkin. Ammo nasl surish ehtimolini kamaytirish mumkin. Asosiy sharti, sog`lom turmush tarziga rioya etib, o`z vaqtida tibbiy ko`rikdan o`tib tursangiz kifoya.

(alohida)

O`t-tosh kasalligi ko`proq turmushga chiqqan ayollarda uchraydi. Sababi esa homiladorlik davridagi o`zgarishlar. Farzand kutayotgan ayol organizmida almashinuv jarayonlari o`zgarib turadi. Bu esa o`t pufagida turli holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

«O`t qopi olib tashlanadimi?»

O`t pufakdagi muammolarni baxolashda UTT va zarur hollarda kompyuter tomografiya tekshiruvi o`tkaziladi. Aniqlangan toshlarni davolashda uning katta-kichikligi e`tiborga olinadi. Masalan, tosh kichik o`lchamda bo`lsa, eritib tushiruvchi dori preparatlari hamda parhez buyuriladi. Agar tosh o`lchami katta va hafta davomida 2-3 marta og`riq xurujlari qaytalanayotgan bo`lsa, jarrohlik amaliyoti o`tkazilib, tosh bilan birga o`t pufagi ham olib tashlanadi. Shuningdek, o`t pufakda to`plangan tosh, o`t yo`llariga tiqilib qolganida ham jarrohlik aralashuvi bajariladi. Tosh olinib, o`t pufagi qoldirilishi ham mumkin. Biroq bu holatda qayta tosh yig`ilish ehtimoli bor. O`t pufagi olib tashlanganida bemor parhezga rioya etishi lozim.

Buyrak-tosh kasalligi singari o`t-tosh xastaligida ham asosiy shart – muolajadan keyingi parvarish. Har ikkala holatda ham nojo`ya ta`sirlar kelib chiqmaydi, qachonki bemor sog`ligiga e`tiborli bo`lsa! Xoh turmushga chiqmagan qiz bo`lsin, xoh uylanmagan yigit ikki kasallikning ham reproduktiv tizim faoliyatiga daxli yo`q. Biroq shifokor buyurgan tavsiyalarga qat`iy amal qilish har ikki jins vakili uchun shart va zarurdir.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Boshqa yangiliklar