Bir latifada shunday deyiladi: hayot senga ikki marta tekin tishlarni beradi, uchinchisi uchun esa pul to`lashga to`g`ri keladi. Biz mana shu ikkinchi marta tekinga olgan tishlarimiz haqida gaplashamiz. Xo`sh, bolakayning sut tishlari necha yoshda tushadi?
«Birinchi»larning vazifasi
Sut tishlar chaqaloqning 6 oyligidan chiqishi mumkin. Ammo me`yorda u 8 oydan so`ng yora boshlaydi. Sut tishlar doimiysiga qaraganda, kichikroq, ildizi qisqaroq bo`ladi. Bu tishlar vaqtinchalik bo`lsa-da, kichkintoyga 13-15 yil xizmat qiladi. Bolaning 6-7 yoshidan boshlab, bu tishlar o`rnini doimiylariga bo`shatishni boshlaydi.
Qaysisi qaerda?
Sut tishlarning tushish tartibi haqida gap ochishdan avval, uning joylashishini aniqlab olaylik. Buning uchun pastki va yuqori jag`ni ikkiga bo`lamiz. Demak, to`rt bo`lak jag` hosil bo`ldi. Jag`ning har bir bo`lagida 2 ta kurak, ya`ni oldingi tish (markaziy va yon), 1 ta qoziq va 2 ta katta oziq tishlar bo`ladi.
Vaqti keldi!
Іar bir sut tishlarining o`z tushish vaqti bor. Doimiy tishlar rivojlanib, bosh ko`tarishi bilan sut tishlar ildizi so`rilishni boshlaydi. Shu jarayonda tish qimirlab qoladi. U butkul so`rilgach, doimiy tish uning o`rachasidan itarib chiqib, uning joyini egallaydi. Sut tishlari qay tartibda chiqqan bo`lsa, ular shu tartibda yangilanadi.
Kimda qanday?
Sut tishlarining tushishi, odatda, o`ng va chap tomondagi «egizi» bilan bir vaqtda ro`y beradi. Qiz bolalarda bu jarayon o`g`il bolalarga qaraganda ertaroq boshlanadi. Shuningdek, avval pastki jag` tishlari, so`ng yuqoridagi «egizi» tushadi.
Aniqlik kiritamiz
Ushbu jadvalda sut tishlarining doimiysiga almashishining me`yoriy ko`rsatkichlari berilgan.
| Sut tishlar | Ildiz so`rilishining boshlanishi | Almashinuv (sut tish tushishi) |
| Pastki markaziy kurak tishlar | 5 yoshdan boshlab, 2 yil davom etadi | 6-7 yoshda |
| Yuqori markaziy kurak tishlar | ||
| Pastki yon kurak tishlar | 6 yoshdan boshlab, 2 yil davom etadi | 7-8 yosh |
| Yuqori yon kurak tishlar | ||
| Yuqorigi kichik jag` tishlar | 7 yoshdan boshlab, 3 yil davom etadi | 8-10 yosh |
| Pastki kichik jag` tishlar | ||
| Yuqori qoziq tishlar | 8 yoshdan boshlab, 3 yil davom etadi | 9-11 yosh |
| Pastki qoziq tishlar | ||
| Pastki katta jag` tishlar (ikkinchi molyar) | 7 yoshdan boshlab, 3 yil davom etadi | 11-13 yosh |
| Yuqori katta jah tishlar (ikkinchi molyar) |
Shu tariqa, birin-ketin barcha 20 ta sut tishlari tushib, doimiy sut tishlar bilan almashadi.
Nega sut tishi tushmayapti?
Bunga quyidagilar sabab bo`lishi mumkin:
- tabiatan o`ziga xosligi;
- raxit;
- infeksiya yoki surunkali xastaliklar;
- –nasliy moyillik.
Bordi-yu, sut tishlar tushmay, doimiy tishlar uning ortidan chiqib kelayotgan bo`lsa, albatta, kichkintoyni stomatologga olib boring. Sut tishlar ildizi so`rilish jarayonida bo`lgani uchun ularni olib tashlash qiyin emas. Shundan so`ng doimiy tishlar o`z o`rnini egallaydi. Farzandingiz tishlari ikki qator o`sayotgan bo`lsa, havotir olmang, bu bola tishlamiga ta`sir etmaydi. Ular «kelishib», hamma o`z o`rnini topib oladi. Shunchaki, unga mutaxassis ko`rigi va vaqt kerak, xolos.
Tavsiya: Bola ko`proq qattiq meva va sabzavot eyishi kerak. Masalan, sabzi va olma sut tishlarning tezroq tushib, doimiysi mustahkam bo`lib o`sishiga yordam beradi. Shuningdek, bolalarga kalsiyga boy mahsulotlarni berishni ham unutmang.
Shifokor – stomatolog Saodat ShOMIRZAEVA tavsiyalari asosida Kamola BOShBEKOVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






