Xollar (nevus) organizmning rivojlanish bosqichlarida tashqi muhit yoki ichki funksiyalarning o`zgarishi sabab hosil bo`lishi mumkin. Bunda xolning qay holatda yuzaga kelganligi va o`zgarish harakatiga ko`ra aniq xulosaga kelinadi. Biroq xol ustida qichishish, achishish kabi belgilar bezovta qilsa darhol shifokorga uchrab, tahlil namunalari olinadi. Ammo xolning paydo bo`lishi yoki kamayishini turmushga chiqish va tug`ruq jarayoni bilan bog`lab bo`lmaydi.
Xollar qay xolatda olinishi mumkin?
Tananing kiyim bilan doimiy ta`sirlanishi natijasida shikastlanuvchi qismlarida joylashgan, boshning soch qismi, daxan, bo`yin, chov, tabiiy burmalar, ayollarning bel sohasida joylashgan xollarni olib tashlash mumkin. Shu bilan birga melanoma (xavfli o`sma)ga o`tib ketish xavfi bo`lgan hollarni ham olib tashlanadi. Bundan tashqari, agar nevus kosmetologik jihatdan noqulaylik tug`dirsa, bunday holatlarda ham shifokor mutaxassis tavsiyasi bilan uni bartaraf etish mumkin.
Jarayon tartibi
Xollarni turli go`zallik salonlarida emas, balki ixtisoslashgan klinikalarning malakali mutaxassislari nazorati ostida oldirish shart. Xolni olib tashlashdan avval, majburiy tarzda maxsus diagnostik tekshiruv o`tkaziladi. Tekshiruv klinik va epilyuminesent dermotoskop yordamida (og`riqsiz va jarohatsiz usul) o`tkaziladi. Xol olingach, material namunasi gistologik tekshiruvga jo`natiladi.
Qizil xollar
Qizil xollar aslida xol emas, balki xavfsiz o`smalar (gemangiomalar)dir. Ular homiladorlik vaqtida, ma`lum preparatlarni qabul qilish, jigar va oshqozon osti bezi kasalliklarida va ayrim genetik xastaliklarda kuzatiladi. Shu bilan birga bu turdagi o`smalar tug`ma bo`lishi ham mumkin. Gemangiomalarni maxsus lazer yordamida og`riqsiz va xavfsiz usulda olib tashlash mumkin. Ammo bu ishni faqat malakali mutaxassisigina bajara oladi.
Mayda xolchalar toshsa...
Bu turdagi mayda xolchalar tibbiyot tilida papillomalar deb ataladi. Ular ko`rinishi jihatidan xolga o`xshash bo`lib, farqi ular virusli va yuqumli kasallik sanaladi. Mazkur xollarning joylashish sohasi ko`pincha bo`yin atrofi, qo`ltiq sohalarida kuzatilib, ko`rinishidan osilib turgan xolni eslatadi. Agar tanada shu turdagi xollar paydo bo`lsa, albatta shifokorga uchrab sababini aniqlang. Uni o`z vaktida oldirish mumkin.
E`tibor bering...
- Xol hajmi va ko`rinishining kattalashuvi;
- rangining o`zgarishi (jiggarrang xol rangi ocharishi yoki aksincha to`qlashishi ham mumkin);
- teri ustining qichishishi;
- xol ustida qizarish, qonash;
- og`riq, bezovtalik;
- xol ustida turli chiziqlar, yoriqlarning paydo bo`lishi
kabi holatlar kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat eting.
Unutmang!
Xollarni oldirish uchun faqat mutaxassis tekshiruvi va ko`rsatmasiga asoslaniladi. O`zingiz uy sharoitida ip, igna, pinsep, qaychi yordamida ularni olib tashlashga urinmang. Bu ishingiz sog`ligingizga jiddiy zarar etkazishi mumkin. Yana xollarning ustini shilish, qonatish yoki tirnash mumkin emas.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi