AsosiySUG'DIYONA

«ASTMAM BOR, NAHOT FARZAND KO`ROLMAYMAN?!»

'«ASTMAM BOR, NAHOT FARZAND KO`ROLMAYMAN?!»'ning rasmi

«Men bronxial astmaning to`rtinchi darajasi bilan xastalanganman. Kasalligim bois bir o`zim harakatlanolmayman. Tez-tez nafas qisilishi bezovta qiladi. Garchi astma avj olayotgan bo`lsa ham sog`ayishdan umidim katta. Meni bir savol qiziqtirayapti. Eshitishimcha, astma bilan og`riganlarga farzand ko`rish taqiqlarnarkan. Shu rostmi? Onalik baxti menga nasib qilmaydi?!»

Iroda Sobirova, 30 yosh. Xorzam viloyati

Tibbiyotda batamom sog`ayish ehtimoli kam bo`lgan xastaliklar mavjud. Bronxial astma shular jumlasidan. Kasallik kattalar va bolalarda birdek kuzatilishi mumkin. Bronxlarning allergik yoki infeksion sabablarga ko`ra yallig`lanishi bilan kechuvchi ushbu surunkali kasallik potogenezida bronx shilliq qavatlarining shishishi, bronxlar ishllliq ishlab chiqarishini kuchayishi va bronx devorlarining torayishi yotadi. Astma haqida yana nimalarni bilish lozim? Mavzu yuzasidan tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor allergolog Feruza KARIMOVA ma`lumot beradi.

O`pka ishdan chiqadimi?

Bronxial astma – nafas yo`llarining surunkali tarzda yallig`lanishi deya ta`riflanib, yuzaga kelish sabablariga ko`ra allergen omillarga bog`liq va bog`liq bo`lmagan turlarga ajratiladi. Allergenlar to`rt asosiy guruhga bo`linadi: uy changlari, hayvon yungi, daraxt gullarining changi va boshqalar. Noallergik sabablar qatorida esa sovuq havo, jismoniy zo`riqish, ruhiy tushkunlik kabilarni ko`rish mumkin. To`g`ri, sovuq havo, virusli infeksiyalar, o`tkir hidlar, asabiylashish allergen hisoblanmaydi. Biroq bu omillar astma xurujiga turtki bo`lishi mumkin.

Irsiyatga ham bog`liq

Bronxial astmaning kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillikni ham ko`ramiz. Xususan, atopik, ya`ni allergik bronxial astmada irsiy omillar birinchi o`rinda turadi. Ota-onaning birida astma mavjud bo`lsa, tug`ilajak farzandda xastalikning ehtimoliy darajasi 20-30 foizni tashkil etadi. Bordi-yu, ota-onaning ikkisi ham astmatik bemor hisoblanishsa, xastalikning nasl surish ehtimoli 75 foizni ko`rsatadi.

(fakt)

Evropalik olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy kuzatuv natijasi, uy tozalashda ishlatiladigan kimyoviy vositalar tarkibidagi birikmalar ham astma xurujini paydo qilishini ko`rsatgan.

Asosiy belgilari qaysilar?

Bronxial astma – nafas siqilishi, xushtaksimon tarzda xirildoq nafas olish, yo`tal va nafas yo`llarining balg`am bilan to`lishi kabilar bilan xarakterlanadi. Kasallik mavsum o`zgarishlarida avj olishi mumkin. Xususan, allergenlar ta`siri faollashgan bahor va kuz oylarida astma xurujlari ko`payadi.

Nafas siqishi kuzatilganida diafragma sohasida kuchli og`riq paydo bo`ladi. Xuruj yo`tal tutishi bilan birgalikda kelib, bronxlar ichki yuzasini qoplab turgan balg`am chiqarib tashlangach, bemor ahvoli engillashishi mumkin. Kasallik xurujida o`pka alveolalarida gazlar almashinuvi keskin susayadi. Bu esa organizmning kuchsizlanishi, nutq muammolari va taxikardiyani keltirib chiqaradi.

Ayrim bemorlarda astma xuruji jismoniy zo`riqishdan so`ng kuchaysa, ba`zilar sovuq havodan nafas olganida ham og`irlashib qoladi. Bu organizmning individual xususiyatiga bog`liq.

Yo`talayapsizmi?

Yuqorida aytganimizdek, astma yosh tanlamaydigan kasallik. Xo`sh, uning bolalarda kechishi qanday bo`ladi?

Bir yoshga to`lmagan go`daklarda bronxial astma, sun`iy ovqatlantirish, irsiy moyillik, onaning noto`g`ri taomlanishi yoki boladagi yuqori nafas yo`llarining surunkali allergik kasalliklari asoratida kelib chiqishi mumkin. Yoshidan oshgan bolalarda esa zamburug`lar yoxud atrof-muhitdagi allergenlar ta`sirida rivojlanishi qayd etiladi. Allergik reaksiyaga sezgir bolalar odatda burun bitishi, tomoq qichishishi (yo`tal), aksirish va burundan rangsiz ajralma kelishidan bezovta bo`lishadi. Bu boladagi allergik kasalliklar belgisi bo`lishi mumkin. Agar ota-ona farzandidagi o`zgarishlarga diqqat qilsa, astma paydo bo`lishini to`xtatish mumkin. Bordi-yu, yo`tal xurujlari faollashib, tunda ham kuzatilsa, allergolog shifokor ko`rigi shart.

Kattalarda-chi?

Nafas siqishi, jismoniy yuklamalardan0 so`ng nafas chiqarishning qiyinlashishi, gapirishning o`zgarishi, bo`g`ilish xurujlari – astma belgilari bo`lishi mumkin. Kasallikka tashhis qo`yishda shifokor umumiy ahvolingiz, shikoyatlaringizni o`rganib, balg`am tarkibi va burun bo`shlig`i tekshiruvini o`tkazadi. Ingalyasion sinov yoki maxsus tekshiruvlar natijasida bronxal astma pog`onasi aniqlanadi.

Turlari

Allergik ta`sir chaqirish xususiyatiga ko`ra moddlalar ikki guruhga bo`linadi. Ekzogen guruh – uy changlari, soch bo`yoqlari, mayda hasharotlarning tana bo`laklari (chiqindilari), parranda juni (patlari); oziq-ovqat tarkibidagi allergenlar – sitrus mevalar, qizil rangli eguliklar, yong`oq, mayonez, tuxum, dukkaklilar, xom sut qo`shilgan mahsulotlar; dori vositalari – uzoq vaqt antibiotik preparatlarini pala-partish qabul qilish natijasida kelib chiqadigan turi; infeksion allergenlar – mikrob, zamburug`, bakteriya va turli xil mikroorganizmlar kiradi.

Endogen guruh – ular organizmda hosil bo`lib, u yoki bu darajada sezuvchanlikni oshirish xususiyatiga ega moddalar. Masalan, moddalar almashinuvining buzilishi, endokrin tizim izdan chiqishi, oshqozon – ichak traktidagi normal va potologik mikrofloralarning balans o`zgarishi.

Ruhiy stress, irsiy moyillik, yosh va jins bular ham moyillik omillariga kiradi.

Davosi nima?

Astma qancha erta aniqlansa, to`liq tuzalish ehtimoli shuncha yuqori bo`ladi. Aniqlangan kasallik pog`onasiga ko`ra turli dori vositalari va fiziomuolaja (nafas yo`llari gimnastikasi, mashqlar, suzish va boshqa chiniqtiruvchi usullar) lar buyuriladi.

Homiladorlik qanday bo`ladi?

Farzand ko`rishni rejalashtirgan ayollarda astma homiladorlikkacha yoki undan keyingi davrlarda yuzaga kelishi mumkin. Muolaja ana shu holatlarni e`tiborga olgan holda olib boriladi.

Astma bilan og`rigan bemorning yoshi, nechanchi homiladorligi, kasallik darajasi, muolaja olayotgan gormon preparatiga qaramlik bor-yo`qlik holati, xurujlarning tez-tez qaytalanishi va boshqa hayotiy zarur a`zolarning shikastlanish darajasiga ko`ra davolovchi shifokor va ginekolog nazoratida homiladorlikni rejalashtirish mumkin.

Homila yuzaga kelgach, ayol immun tizimida o`zgarishlar boshlanadi. Xususan, astmatik homiladorlarga erta boshlangan va kuchli toksikoz, homila tushish xavfi, muddatdan ilgarigi tug`ruq kabilar tahdid qilishi mumkin. Agar ayol homiladorlikni rejalashtirib, muntazam shifokor nazoratida bo`lsa, noxush oqibatlarning oldini olishga erishiladi. Homiladorlik davrida ayol astma xurujlaridan shikoyat qilmasa, yoki ular nisbatan kam va sust bo`lsa, tug`ruq tabiiy yo`l bilan o`tkaziladi. Bo`lajak ona ahvolidagi jiddiy o`zgarishlar yoki astma xurujlarining faollashishi kesarcha kesish amaliyotiga sabab bo`lishi mumkin.

Profilaktika

Bronxial astma rivojlanmasligi uchun allergenlardan ehtiyot bo`ling. Uyda chang zarralari, hayvonlar, kimyoviy vositalar bo`lmasligi muhim. Astma bilan og`riganlar uchun bir yilda ikki marta sihatgohlarda dam olish tavsiya etiladi. Iste`mol qilinadigan ozuqa mahsulotlari ham allergik ta`sirlardan xoli bo`lishi lozim.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar