Hech birimiz mukammal emasmiz, kimningdir qoshi go`zal bo`lsa, kimningdir labi, yana boshqa birovning qaddi qomati. Har jihatdan mukammal ayollar kamdan kam uchraydi. Go`zalligimizga urg`u berib, kamchiliklarni berkita olish esa anchayin mehnat va mahorat talab etadi. Sevimli gazetangiz ayollarimiz o`zlarini yaxshi ko`rishlari uchun tinim bilmay izlanadi. Va albatta topgan echimlarini xonimlar e`tiboriga havola etadi. Demak bu safar «Oyog`im xunuk» deydigan sanamlarning muammosini hal qilishga kirishamiz. Bunda bizga dizaner Dilnoza MAQSUDOVA ko`maklashadi.
Oyog`ingiz «O» shaklidami? Tizzadan uzun yubka kiying
Oyoqning tizzagacha bo`lgan qismi tekis, tizzadan pastki suyaklar esa «O» harfi ko`rinishida bo`lsa, tizzani yopib turuvchi yubkalarga murojaat qilishni taklif etamiz. Kalta yubka kiyishga odatlangan bo`lsangiz, yaxshisi undan voz keching. Chunki kalta ko`ylak va yubkalar kamchiligingizga e`tiborni tortadi. Yubka tanlar ekansiz «qalamcha»larga alohida e`tibor qarating. Bel qismi kindikni yopib tursa yanayam yaxshi. Shuningdek, baska bichimidagi koftalar ham diqqatni oyoqlardan olib qochadi.
«X» shakli – modellar muammosi!
«X» shaklidagi oyoq sohibalariga tizzadan ikki enlik balandda turuvchi, ikki chetida naqsh yoki bezagi bor «qalamcha»lar juda yarashadi. Agar ular sarvqomat bo`lishsa! Agar qomatingiz to`laroq bo`lsa, yubkangizning uzunligi tizzadan tushib tursin. Mabodo, do`mboq xonimlar qatorida tursangiz, etak qismi «gade» bichimidagi ko`ylak va yubkalarni xech ikkilanmay tanlayvering. Aslida, oyoqlarning «X» shaklidagi notekisligi modellarda ham kuzatiladi, faqat ular qadam tashlash orqali bu kamchilikni yashirishadi. Demak, siz ham shunday qilishingiz mumkin. To`g`ri yurish borasida alohida maqola tayyorlaymiz, hali. Hozircha sizga podiumlarni kuzatib borishni tavsiya qilish bilan cheklanamiz. Oyoqlaridan ko`ngli to`lmaydigan barcha ayollarga belga alohida urg`u berishni maslahat beramiz. Shu yo`l bilan atrofdagilarning e`tiborini osongina chalg`itishingiz mumkin. Ha, aytgandek tor bichimdagi jinsi shimlardan voz kechganingiz ma`qul. Ularning o`rnini tekis bichimdagilari egallay oladi.
«P» shakliga nima deysiz?
Odatda haddan tashqari oriq qizlarning muammosi hisoblangan «P» shaklidagi oyoqlarni bejirim ko`rsatish uchun «gade» yoki trapesiya bichimidagi ko`ylak va yubkalar tavsiya etiladi. Oyoqlaringiz ozg`in va tekis bo`lsa hech bir mubolag`asiz bejirim tuflilar sizga yarashadi. Biroq etak qismi «lola» yoki «qo`ng`iroq» bichimidagi yubkalarda oyoqlaringiz yanada ozg`inroq ko`rinishini inobatga olib qo`ying.
Bu muhim!
Keng kofta kiyarkansiz, oyoqlaringiz (demak bo`yingiz ham) kaltaroq ko`rinishini doim yodda tuting. Agar buni istamasangiz, yana o`sha gap – doim belga urg`u berishga intiling. Yubka va ko`ylakning eng optimal uzunligi tizzani ikki enlik yopib turuvchisi hisoblanadi. Biroq etagida to`r, suratlar yoki boshqa qo`shimcha akssesuarlari bor ko`ylak va yubkalar e`tiborni aynan oyoqlarga qaratishini ham unutmang. 2016 yil qish-bahor mavsumida qalin poshna va katta platformali poyabzallar urfga kirgan. Ammo oyoqlarining shaklidan ko`ngli to`lmagan qizlar muammoni bo`rttirib ko`rsatuvchi tuflilarni tanlamaganlari ma`qul. Shuningdek, tor shim va leggenslardan ham qochsangiz yaxshi bo`ladi.
Kalta oyoqlarni uzun ko`rsatamiz!
Oyoqni uzunroq ko`rsatish uchun imkon qadar poyabzal va kolgotkalarning bir xil ranglisini tanlang. Shimlarga keladigan bo`lsak, keng bichimdagilari bo`yingizni pasaytiradi. Torlari esa muammoni sezdirib qo`yadi. Demak, bu vaziyatda eng maqbul echim to`g`ri bichimdagi shimlarni tanlashdir. Bundan tashqari boldirning o`rtasigacha bo`lgan uzunlikdagi etikchalardan ham ehtiyot bo`ling.
To`ladan kelgan bo`lsa-chi?
Tizzagacha yoki undan sal uzunroq (lekin boldirning o`rtasigacha emas!) vertikal chiziqli keng etakli yoki «qalamcha» yubka va ko`ylaklar tavsiya etiladi. Obraz to`la-to`kis bo`lishi uchun, ayniqsa, poyabzalga e`tibor qaratishni unutmang. Ya`ni laklangan tuflilardan qochib, zamsh yoki jilovlanmaydigan charmga diqqat qiling. Ingichka poshnalardan ham ehtiyot bo`ling, ular oyoqlarning do`mboqligini yana ham bo`rttirib ko`rsatadi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






