AsosiySUG'DIYONA

NADEJDA RUMYaNSEVA. KIChKINA AKTRISANING KATTA YuRAGI...

'NADEJDA RUMYaNSEVA. KIChKINA AKTRISANING KATTA YuRAGI... 'ning rasmi

Men umuman turmushga chiqmaslikka qaror qildim! Istasam xolva eyman, istasam pryanik!” “Qizlarjon” filmidagi Tosyani esladingizmi?

Eng “yulduz” pallasida kinolarda suratga tushishni emas, turmush o`rtog`i qaerda bo`lsa, o`sha erga borishni istagan aktrisaning hayoti bilan tanishamiz.

Quvnoq qizaloq va g`amgin hayot

1930 yilning 9 sentyabr kuni Smolensk viloyatining Potapovo qishlog`ida poezd provodnigi Vasiliy Rumyansev va uy bekasi Nadejda Vsevolodovna oilasida ikkinchi farzand dunyoga keldi va ko`p o`ylab o`tirmay, unga onasining ismini qo`yishdi. Qizaloq bir yoshga to`lganida, ular Moskva viloyatiga ko`chib kelishdi. Uydagi etishmoqchilik sabab qorinni to`ydirish uchun tinmay harakat qilishga to`g`ri kelardi. Bolalikdan Nadya quvnoq tinib-tinchimasdi. Qizaloq dugonalari va kattalar bilan birga daladan muzlagan kartoshka kavlashga ham chiqaverar, bozorda savdo qilishdan-da toymasdi. 1943 yili esa otasi urushdan nogiron bo`lib qaytdi, uylari ancha to`lib qolgan bo`lsa-da, muammolar kamaymadi. Nadya akasi bo`lishiga qaramay, o`zini uyning kattasidek his qilar, qizig`i, kattalarning o`zlari barcha masalalarda undan maslahat so`rashardi. Qiyinchiliklar, yosh boshiga qat`iy qarorlar qabul qilishga o`rgangani taqdirini belgiladi. Qat`iyat, biror ishni oxirigacha etkazmasa, qo`ymayslik kabi fazilatlar shakllandi.

Matematikadan qochib…

Maktabni tugatgach, Nadejda Rumyanseva qaerga o`qishga kirishi haqida bosh qotira boshladi. O`zining aytishicha, u san`at olamidan butunlay yiroq edi, muhimi – fizika, ximiya, matematikadan (bu fanlar maktab davridayoq uning joniga tegib ulgurgandi) imtihon topshirmasa bo`ldi. O`shanda teatr san`ati istitutiga kirishga qaror qilib qo`ya qoldi. Yorqin, harakatchan, faol qiz bir zumda imtihon komissiyasi a`zolarini o`ziga maftun etdi. Keyinchalik aktrisa baribir kirolmayman, deb o`ylab, o`shanda o`zining bor hunarini ko`rsatishga harakat qilganini aytib bergandi.

Birinchi rol

Institutni tamomlashi bilan kinoda birinchi rolni ham qo`lga kiritdi. Bu rol uchun u bir oy davomida tokarlikni o`rgandi, yana suratga olish guruhini motorli qayiq haydashni bilaman, deb aldab qo`ya qoldi. Axir birgina shuning uchun roldan quruq qolsinmi? Aktyorlar rollarga tasdiqlanib, bir nechta epizodlar tasmaga tushirilib bo`lganidan so`ng qayiq suvga o`girilib ketgandan keyingina Nadejdaning qayiqqa, hatto, biror marta o`tirib ko`rmagani aniq bo`ldi. Jiqqa xo`l bo`lib, muzlab qolgan aktrisa bir necha kun shifoxonada yotib davolangach, suratga olish ishlari davom ettirildi.

Gap yoshda emas

«Qaysarvoylar» («Nepoddayushiesya») komediyasi faol, mehnatkash qiz obrazini yaratgan Rumyansevani «yulduz»ga aylantirgan bo`lishiga qaramay, ko`pchilik uning bu filmgacha o`ndan ziyod kartinalarda suratga tushganini bilmasdi. Ularda kap-katta aktrisa yosh bolalarni ijro etgandi-da. Rumyansevaning suratga olish maydonidagi partnyorlari o`quvchilar bo`lgani uchun bolalar uni tengdoshi deb o`ylashlari uchun o`zini yosh boladek tutardi. O`g`il bolalar uning sochlaridan tortishar, aktrisa popka bilan ularning boshiga tushirardi.

«Yubka kiygan Chaplin»

1961 yili suratga tushirilgan «Qizlarjon»dagi Tosya nafaqat tomoshabinlarning olqishiga, balki turli festivallarda yutuqli o`rinlarga sazovor bo`ldi. Argentinadagi festivalda Rumyansevaga «Eng yaxshi ayol roli» uchun maxsus mukofot berishganidan so`ng aktrisani, hatto, Golivudga ham taklif etishadi. Bir nechta amerikalik rejissyorlar uni o`zlarining kartinalarida suratga tushishga taklif etishadi, lekin... Aktrisa bu takliflar haqida, hatto, bilmaydi ham. Sho`ro kino mutasaddilari «Rumyanseva juda band», deb javob berisharkan. Bir yildan so`ng esa «Benzokolonka malikasi» filmida 32 yoshli Rumyanseva 17 yasharlik qiz rolini qoyilmaqom qilib ijro etdi. 24 yoshida 11 yasharlik qizaloqni o`ynagan aktrisaga bu cho`t emasdi. 1963 yili unga «Xizmat ko`rsatgan artist» unvoni berildi, «Benzokalonka malikasi»ni tomosha qilgan past bo`yli puchuq burun qizlarda esa kinoyulduz bo`lishlari mumkinligiga umid uyg`ondi.

Misr, Malayziya va xayr, kino!

Bir suhbatda Nadejda Rumyanseva: «Agar haqiqiy ayollik baxtiga erishmaganimda, shunchalik yaxshi o`ynay olmasdim», deb tan olgandi. Uning aytishicha, aktrisaning eri har kuni uni sevishini aytarkan. Balki shu tufayli 1960-yillarning oxirida Rumyansevaning ijodiy karerasi to`xtadi – aktrisa horijga ketib qoldi. Gap shundaki, uning turmush o`rtog`i Tashqi savdo vazirligida ishlar va lavozimdan lavozimga ko`tarilib, nihoyat tashqi savdo vakolatxonasi rahbari etib tayinlangandi. Ular avval Misrda, keyin Malayziya, Tayland, Suriya, Indoneziyada yashadilar, natijada Nadejda Rumyanseva o`n yil davomida birorta filmida suratga tusholmadi.

40 yillik muhabbat

Aktrisaning birinchi turmushi omadsiz bo`ldi. Talabalik davrida barpo etilgan oilasi buzildi. Sababi oddiy edi, eri — yosh aktyor Vladimir Shurupovni viloyat teatrlaridan biriga jo`natishdi, o`sha paytlari mashhur bo`lib ulgurgan qahramonimiz esa Moskvada qolishga qaror qildi.

1965 yili Nadejda Rumyanseva arman talabasi Villi Xshtoyan bilan tanishib qoldi, natijada ular 40 yildan ortiq umrguzaronlik qilishdi. Balki aynan birinchi turmushining buzilganligi sabab ham u sevgan yorini qadrlagan, unga borini baxshida etgan bo`lsa ne ajab.

Latifago`y Nadya

Vilik Xshtoyan: — Biz Nadya bilan umumiy bir tanishimizning tug`ilgan kunida uchrashgandik. Mashhur aktrisa bo`lgani bilan hech qachon o`zini boshqalardan baland olmasdi. Shu bilan birga, bazmning guli edi. Latifalarini bir eshitsangiz edi! Ichagimiz uzilib kulardik, u aytgan latifalarga. Keyin men uni uyiga kuzatib qo`ydim. Bir necha kundan keyin esa o`zi menga qo`ng`iroq qilib, Yangi yilni birga Kinochilar uyida nishonlashni taklif etdi. Shunday qilib, men aktyorlar olamiga tushib qoldim. Uch yildan keyin esa nikohimizni rasmiylashtirdik. Kelinko`ylak, dabdabali to`y ham bo`lmadi, axir ikkimizning ham ikkinchi turmushimiz edi-da. Xorijga uzoq safarga ketishimiz to`g`risida maslala ko`tarilganida Nadya ikkilanmay: «Sen qaerdla bo`lsang, men ham o`sha erda bo`laman», dedi. Biz 12 yil chet ellarda yashadik. Nadyaning biror marta vatandan uzoqligi, kasbini sog`ingani, o`ynolmagan rollari haqida o`kinganini eslolmayman. U hamisha o`ziga ish topib yuraradi. Mening qizim Karina bilan ingliz tili maktabiga qatnardi, diplomatlar qabulida bo`lishni yoqtirardli, bo`sh vaqtlarida tennis o`ynardi».

Armoni

Nadeja Rumyanseva onalik baxtiga muyassar bo`lolmadi. Bunda aktrisaning turmush o`rtog`i o`zini ayblaydi. Negaki u qiziga e`tibor kamroq bo`ladi, deb o`ylab, avval Nadyaning tug`ishini istamagandi. Keyin u davlatdan bu davlatga ko`chishlari chaqaloq parvarishiga salbiy ta`sir ko`rsatadi deb, ro`yxushlik bermadi. Nadejda ham erining ra`yiga qarshi bormadi va tug`ishi mumkin bo`lgan davrni o`tkazib yubordi...

Yana ijod

Moskvaga qaytgach, Nadejda Rumyanseva yana ijodiy faoliyatini davom ettirdi. Shu davrda dublyaj aktrisasi sifatida o`z mahortaini namoyon etdi. Jumladan, «Kavkaz asirasi»dagi Ninaga, «Zita va Gita»dagi Zita va Gitaga, ko`plab multfilmlarda ovoz berdi. Televidenieda samarali ijod qildi. Іar yakshanba kuni u millionlab bolalarni «Budilnik» ko`rsatuvi orqali uyg`otardi.

O`g`rilar

1996 yili baxtsizlik ro`y berdi. Nadejda Rumyansevaning uyiga ikki o`g`ri kirib keladi. Yoshligida boks bilan shug`ullangan Valik Xshtiyan ujinoyatchilarning biri bilan urishgunicha, ikkkinchisi aktrisani urib, boshiga musht tushiradi. O`sha voqeadan keyin uni qattiq bosh og`riqlari qiynaydigan bo`lib qoldi.

Nadejda Rumyanseva 2008 yil 8 aprelda 77 yoshida vafot etdi.

Nazokat ABDUQUNDUZOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar