1

​2018 YILNING BAHOR OYLARIDA ILK O`ZBEK-YaPON BADIIY FILMI SURATGA OLINADI

Madaniyat 08.10.2017, 12:18
​2018 YILNING BAHOR OYLARIDA ILK O`ZBEK-YaPON BADIIY FILMI SURATGA OLINADI

Yaponiyalik taniqli rejissor Kiyoshi Kurasava boshchiligidagi “Loaded Films Co.Ltd” kompaniyasi vakillaridan iborat delegasiyaning yurtimizga tashrifi doirasida 5 oktyabr kuni “O`zbekkino” Milliy agentligida uchrashuv tashkil etildi.

Bu yil O`zbekiston Respublikasi va Yaponiya o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganiga 25 yil hamda A.Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri binosi qurilganiga 70 yil to`ladi.

Ma`lumki ushbu muhtasham bino qurilishida yaponiyalik harbiylar ishtirok etgan. Uchrashuvda o`zaro do`stlik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi va yuqorida qayd etilgan sanalar munosabati bilan ikki xalq o`rtasidagi azaliy do`stlik rishtalaridan hikoya qiluvchi o`zbek-yapon badiiy filmini yaratish haqida fikr almashildi. Rejissor Kiyoshi Kurasava ushbu film O`zbekiston va Yaponiya do`stligining yorqin belgisi bo`lib qolishiga ishonch bildirdi.

- Men bundan 30 yil avval Markaziy Osiyo tarixi, buyuk Amir Temur shahsi va uning qudratli imperiyasi haqida o`qib, bu zaminga bo`lgan qiziqishim nihoyatda oshgan. Bugun yapon yoshlari asosan Evropa mamlakatlari yoki Amerika bilan chegaralanib qolmoqda. Men ushbu film orqali dunyoda O`zbekistondek shonli tarixga ega bo`lgan buyuk mamlakatlar borligi haqida hikoya qilmoqchiman. O`ylaymanki ushbu zamonaviy film O`zbekiston nomini dunyoga yanada yaqinroq tanitishga xizmat qiladi, deydi Kurasava.

Filmni suratga olish ishlari O`zbekistonda, 2018 yilning bahor oylarida bo`lib o`tishi rejalashtirilgan. Unda o`zbekistonlik va yaponiyalik aktyorlar rol ijro etadi. Buning uchun Yaponiyadan 40 kishilik guruh tashrif buyurishi kutilmoqda. “O`zbekkino” Millliy agentligi aktyorlar tanlovi, filmni suratga olish joylarini aniqlash va texnik ta`minot masalalarida yaqindan ko`mak berishi ko`zda tutilgan.

Uchrashuvda tomonlar shuningdek, film ssenariysi, ayrim tashkiliy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Delegasiya a`zolari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu qo`shma loyiha har ikki tomon uchun birdek manfaatli bo`lishini qayd etdilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1