1

Mirjalol Qosimov terma jamoada qoladi

Sport 06.12.2013, 14:29
Mirjalol Qosimov terma jamoada qoladi
O`zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov mamlakat futzal, o`smirlar, U-19 va U-20 yoshlar hamda milliy terma jamoa murabbiylarini tasdiqladi.

O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bilan amaldagi shartnoma uzaytirildi. Mutaxassis 2014 yil davomida milliy terma jamoani Avstraliyada bo`lib o`tadigan Osiyo Kubogi-2015 final bosqichi uchrashuvlariga tayyorlaydi.

Bundan tashqari, turli yosh toifasidagi terma jamoalar murabbiylari ham tasdiqlandi. Jumladan, 1998 yilda tug`ilgan futbolchilardan iborat O`zbekiston o`smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Olimxo`jaev va 1995 yilda tug`ilgan futbolchilardan iborat O`zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksey Evstafeev o`z ishini davom ettiradi.

Har ikkala mutaxassis 2013 yil kuzida bo`lib o`tgan saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 2014 yilgi Osiyo chempionatlari final bosqich yo`llanmasini qo`lga kiritgan. Olimxo`jaev o`z shogirdlarini Tailandda bo`lib o`tadigan o`smirlar o`rtasidagi qit`a birinchiligiga tayyorlasa, Evstafeev Myanmada tashkil etiladigan yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionati final bosqichiga tayyorgarlik ko`radi.

2014 yilning yanvar oyida Ummonda tashkil etiladigan U-22 Osiyo chempionatida 1993 yilda tug`ilgan futbolchilardan iborat va bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov qo`l ostidagi O`zbekiston yoshlar terma jamoasi yo`l oladi. Shuningdek, 2014 yil Vetnamda bo`lib o`tadigan futzal bo`yicha Osiyo chempionati bahslariga O`zbekiston futzal terma jamoasini Bahodir Ahmedov tayyorlaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1