Go`zal sochlar har bir ayolning faxri! Afsuski, vaqt o`tgan sari sochlar sekin-asta noziklashib, kamayib boraveradi. Soch to`kilishining oldini olish uchun qilgan harakatlaringiz besamar bo`lsa, buning sababini boshqa joydan qidiring. Chunki sochlar ham xuddi o`zimiz kabi u yoki bu kasallikka chalinishi mumkin.
Sanang!
Soch tolalarining kuniga 60‑100 dona to`kilishi normal holat. Ya`ni bunda soch tolalari yangilanadi. Ammo bundan ko`p to`kilsa, demak, sochlaringizni davolash, oziqlantirish, tiklashga shoshiling!
Nega to`kiladi?
Asosiy sabablar:
- organizmdagi gormonal buzilish;
- stress;
- vitamin etishmovchiligi;
- tashqi ta`sirlar.
Jiddiy xavf – soch to`kilishi gormonal buzilish yo kasallik alomati yoki asorati bo`lishi mumkin. Bunday holatlarda kosmetik vositalar yordam bermaydi. Buning sababi androgen alopesiya kasalligi bo`lishi ehtimoli bor, u erkaklik gormoni — testesteron ko`payib ketishi oqibatida yuzaga keladi. Bu jarayonni to`xtatish uchun endokrinolog-shifokor ko`rigidan o`tib, kerakli muolajalarni qilish lozim. O`zbilarmonlik bilan davolanish esa nafaqat sochlaringizga, balki butun organizmingiz salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Sochlaringiz uzoq vaqt davomida va ko`p to`kilayotgan bo`lsa, eng avvalo qalqonsimon va oshqozon osti bezlarini tekshirtiring.
Stress ko`p holatlarda soch to`kilishiga olib keladi. Qancha ko`p asabiylashsangiz, soch to`kilishi shuncha faollashaveradi. Bu jarayonni to`xtatish uchun avvalo tinchlaning va ortiqcha asabiylashmaslikni o`rganing.
Gormonal o`zgarishlar. Ayol organizmida homiladorlik va emizish davrida turli gormonal o`zgarishlar ro`y beradi. Masalan, tug`ruqdan 8‑12 hafta keyin ayolda faol ravishda soch to`kilishini kuzatish mumkin. Uning gormonal holati o`z o`rniga tushgach, soch to`kilishi kamayadi, ammo bu holatda ham soch oziqlantirib turilmasa, noziklashib, kamayib ketishi mumkin. Buning oldini olish uchun ayollar albatta vitamin komplekslarini qabul qilish bilan birga sochlarni oziqlantiruvchi niqoblardan foydalanishlari lozim.
Vitamin etishmasligi. V guruhi vitaminlari, S vitamini, sink etishmasligi oqibatida ham sochlar to`kiladi. Shuning uchun sochlaringiz to`kilishi bilan birga tirnoqlaringiz holati ham o`zgarayotgan bo`lsa, turli mikroelementlarga boy bo`lgan vitamin komplekslari qabul qiling.
Tashqi ta`sirlarga esa turli yuvish (shampun, sprey, muss) va quritish (fen, dazmol) vositalari kiradi. Harorat va kimyoviy ta`sirlar natijasida sochlar noziklashib, to`kila boshlaydi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






