Mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, shuningdek, kredit ajratish va zararni qayta hisoblash bilan bog'liq ikki noqonuniy holat fosh etildi. Bu haqda DXX ma'lum qildi.
Birinchi holatda Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasidagi hududiy nazorat qilish inspeksiyasi sho'ba boshlig'i xizmat mavqeidan foydalanib, boshqalarning pul mablag'ini o'zlashtirishga uringan.
Ma'lum bo'lishicha, Andijon shahridagi savdo do'konida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgani aniqlanib, “Andijon suv ta'minoti” AJ tomonidan qariyb 680 million so'm zarar bo'yicha dalolatnoma tuzilgan. Sho'ba boshlig'i esa mansabdor tanishlari orqali zarar miqdorini qayta hisoblati kamaytirish hamda ma'muriy chora ko'rilmasligi uchun 30 million so'm talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va Ichki ishlar organlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbirda u talab qilingan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.
Ikkinchi holatda esa tijorat banklaridan birining Asaka tumani filiali “mahallabay ishlash” bo'limi bosh menejeri tadbirkorlik bilan shug'ullanmoqchi bo'lgan fuqaroga 3 milliard 650 million so'm miqdorida kredit olib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan.
Ma'lumotlarga ko'ra, u joriy yilning aprel–may oylarida fuqarodan jami 7 800 AQSh dollari olgan. Biroq va'da qilingan kredit masalasini hal qila olmagan. U olingan mablag'ning 1 000 dollarini qaytarib bergan vaqtida tezkor tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo'lga olingan.
Hozirda har ikki holat bo'yicha jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






