Ilon Mask juma kuni dunyoda birinchi trillioner maqomini qo‘lga kiritdi. Bu holat uning SpaceX kompaniyasi aksiyalari fond bozoridagi yirik IPO jarayonidan so‘ng keskin qimmatlashishi bilan bog‘lanmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Bloomberg reytingiga ko‘ra, Tesla va SpaceX asoschisi bo‘lgan Maskning umumiy boyligi 1,11 trillion dollarga yetgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, SpaceX kompaniyasi Nasdaq birjasida 2,2 trillion dollarlik baholash bilan listing qilingan. Aksiyalar boshida 135 dollardan taklif etilgan bo‘lsa-da, savdo 150 dollardan ochilgan va 176,50 dollargacha ko‘tarilgan. Keyinchalik aksiyalar 161 dollar atrofida yakunlangan.
IPO jarayoni orqali SpaceX 75 milliard dollarlik investitsiya jalb qilgan.
Bloomberg ma’lumotida qayd etilishicha, Mask kompaniyada 42 foiz ulushga ega bo‘lib, uning SpaceX’dagi aktivlari 767,1 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, u Tesla aksiyalari va opsionlari orqali yana yuzlab milliard dollarlik boylikka ega.
Maskning trillioner maqomi esa dunyoda boyliklar tengsizligi haqida bahslarni kuchaytirdi. Uning boyligi ayrim davlatlarning umumiy iqtisodiy hajmiga teng ekani qayd etilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Mask AQSh siyosiy jarayonlarida ham faol ishtirok etib, Donald Tramp saylov kampaniyasiga katta miqdorda mablag‘ ajratgan. U shuningdek, bir necha davlat idoralari faoliyatida keskin qisqartirishlar bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqqani aytilmoqda.
Uning bu qarorlari va bayonotlari xalqaro jamoatchilikda turli bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda.






