Joziba, 19 yosh, Buxoro shahri:
— Mening hayotimni eshitganlar o`n to`qqiz yoshingda buncha tashvishing, g`aming ko`p bo`lmasa deydi. Ota-onam tadbirkor bo`lishgani uchun Buxorodan Toshkentga ko`p borib kelishardi. Ular yo`qligida bizga buvijonim qarab turardi. Ana shunday safarlarning birida ota-onam kechasi avtohalokatga uchrab, halok bo`lishdi. Meni va ukamni amakim o`z qaramog`iga oldi. Amakimning to`rt farzandi bor. Oila biznikiga ko`chib kelishdi. Avvaliga bu voqeadan judayam xursand bo`ldik. Hammamiz katta ahil oila bo`lib yashaymiz deb o`ylagandik. Afsus, unday bo`lmadi. Asta-sekin kelinoyim ro`zg`orni o`z qo`llariga oldi, onamning qimmatbaho buyumlari, kiyim-kechaklarini o`zlashtirdi. Buvijonim: “Ota-onasidan qolgan yodgorliklarga tegmang”, deganida, “Men bularingizni tarbiyalayapman, farzandimdek qarayapman, ana shularning haqqi bu”, deb hech narsani qaytarmadi. Amma-xolalarimning esa bundan xabarlari yo`q. Meni va ukamni kelinoyim xuddi xizmatkoridek ko`radi, farzandlarining esa qo`lini sovuq suvga ham urdirmaydi. O`zimning uyimda ish qilyapman-ku deyman-da, bunga ham chidayman. Maktabni bitirib, kollejda o`qiyman deganimda, kelinoyim amakimga: ”Tergaydigan ota-onam yo`q deb, ko`chaga chiqsa o`zini bilmay qoladi”, debdi. Shundan so`ng ko`chaga ham umumun chiqarmay qo`yishdi. Uyga sovchilar kela boshlaganida, buvijonim: “Hali bola bo`lsa, erta turmushga berib qiynamaylik”, deb rozi bo`lmayotgandi. Bir yil ilgari buvijonimning vafot etdi. Ishongan suyanchig`imizdan ajralib qoldik. Shu kunlarda esa kelinoyim birinchi oilasi bilan ajrashgan ukasiga turmushga bermoqchi. Bunga amakimni ham qo`ndirgan. Meni rozi emasligim esa hech kimni qiziqtirayotgani yo`q. Ukam ular bilan qolsa, hayoti qanday bo`lishini o`ylab siqilyapman. Qanday yo`l tutishga hayronman...
Maslahat: — Biroz qiyin vaziyat ekan. Qizim, siz ko`p qiyinchiliklarni boshingizdan kechiribsiz. Har birimizning bu dunyodagi nasibamiz alohida, sizga nasib qilgan yaxshi kunlar hali oldinda. Etimlarning haqqi kelinoyingizga buyurmaydi, buning ajrimi albatta bo`ladi. Hayotingiz o`z qo`lingizda, nima qilar ekanman, deb o`tirsangiz, taqdiringiz bundan-da og`irlashib ketadi. Irodali bo`lib, o`zingizni qo`lga oling. Amma-xolalaringizdan yordam so`rang, ular sizni tashlab qo`yishmas. O`qish, bilim olish hech qachon kech emas, hunarli bo`lishga harakat qiling. O`zingiz uchun kurashishni ham biling.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






