1

“O`zbekkino” viloyat bo`limlarining faoliyatini qoniqarsiz deya baholadi

Shou-biznes 24.02.2014, 10:25
“O`zbekkino” viloyat bo`limlarining faoliyatini qoniqarsiz deya baholadi
Kuni kecha “O`zbekkino” Milliy agentligining 2013 yil davomidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va  2014 yil vazifalariga bag`ishlangan  kengaytirilgan majlisi bo`lib o`tdi.

Majlisda bosh direktor Jahongir Qosimov agentlikni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilgi ustuvor vazifalarni bajarishga oid chora-tadbirlar to`g`risida ma`ruza qildi.

Bugungi kunda 2013 yil mobaynida “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan “Vijdon”, “Odnoklassniki.ru”,  “Xonadon egasi”, “Quduq”, “Bekatdagi odam”, “Tog`a”,  “Poyga”, “Qo`rg`on” singari tasvirga olingan badiiy filmlar respublika kinoteatrlarida namoyi etilmoqda. “Ko`rgim keladi” badiiy filmining premerasi yaqin kunlarda bo`lib o`tadi.

“Men yoningdaman”, “Sehrli qalpoqcha-2”, “Zarba” singari badiiy filmlarini ishlab chiqarish ishlari ham nihoyasiga etkazilib,  yaqin kunlarda ular ham tomoshabinlar hukmiga havola qilinadi. 

Agentlik buyurtmasi bilan 2013 yilda “O`zbekfilm” kinostudiyasida “Rahmat senga, ertak!”, “Ochko`z xo`roz”, “Donishqishloq hangomalari”, “Qilich botir”, “Tanballarning jazosi”, “Chalpak yoqqan kun”, “Sinema-servis” studiyasida “Tilbilistonga sayohat” nomli  multiplikasion filmlar ishlab chiqarildi va birin-ketin namoyish etilmoqda.

2013 yilda “Zumrasha” hajviy videojurnalining navbatdagi to`plami yaratildi. Bundan tashqari, O`zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasi va “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi va boshqa studiyalarda “Ijtimoiy hamkorlik makoni”, “Andijonlik qahramon”, “Zararli aqidalar”, “Hayot kushandasi”, “Lochinlar”, “Kelajak – yoshlar qo`lida”, “Toshkent geologiya muzeyi”, “Mahmud Koshg`ariy”,  “Millatimiz faxri”, “Ravnaq yo`lida”, “Zargar”, “Uzoq o`tmishdan meros”  “Sog`lom millat buyuk ishlarga qodir”, “Jo`shqin ranglar asiri”, “Oltin beshik davri adabiyoti” (2 qism) singari hujjatli filmlar yaratildi.

Ma`ruzada O`zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasi faoliyati qoniqarsiz ekani,  studiya rahbariyati va ijodkorlari oxirgi yillarda hujjatli filmlarni professional, davr talabi va ruhiga mos ravishda ishlab chiqara olmayotgani va ular mavzusini to`laqonli ochib bera olmayotgani keskin tanqid qilindi. Bunga misol tariqasida O`zbekiston mustaqilligining 22 yilligiga bag`ishlab, hukumat topshirig`i bilan yaratilgan hujjatli filmlarga buyurtmachilar e`tiroz bildirgani, agentlik qoshidagi badiiy kengash ularni bir necha marta qayta ishlab chiqarishga tavsiya qilganiga qaramasdan ahvol o`nglanmagani keltirildi.

Shuningdek, bosh direktor majlis ishtirokchilari e`tiborini agentlik viloyat bo`limlarining faoliyati tahliliga qaratdi va ularning aksariyati faoliyati qoniqarsiz ekanini alohida ta`kidlab o`tdi. Ma`ruzada viloyatlardagi kinoteatrlar faoliyati 2013 yil 1 noyabri holatiga ko`ra tahlil qilib chiqilganda mavjud 241 ta kinoteatrdan faqat 92 tasi belgilangan talab asosida faoliyat yuritayotgani, 144 tasi esa kinofilmlar namoyishi bilan umuman shug`ullanmay, savdo majmuasi,  restoran, ombor yoki ma`muriy binolarga aylantirilgani,  ustav fondida davlat ulushi 25 foizdan 100 foizgacha bo`lgan 33 ta kinoteatrdan faqat 13 tasi ishlab turgani qayd etildi.

Respublika hukumatining topshirig`i bilan respublikadagi mulkchilik shakli turlicha bo`lgan kinoteatrlar faoliyatini rivojlantirish, ulardan ma`naviyat maskanlari sifatida foydalanib, bazasida “Yoshlar maskanlari”ni tashkil etish  bo`yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, agentlikning viloyat bo`limlariga yuborilgan edi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad yoshlarni har xil bekorchi ishlar bilan shug`ullanishi, “ommaviy madaniyat” yoki boshqa turli ta`sirlarga tushib qolishi oldini olishdan iboratdir. Afsuski, ba`zi viloyat bo`limlari bu ishni haligacha bajargani yo`q.

Bundan tashqari, “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga bilan tasvirga olinayotgan badiiy, multiplikasion va hujjatli filmlarning viloyatlardagi namoyishini tashkil qilish ishlari ham oqsayotganiga alohida e`tibor qaratildi. Chunki yoshlarning ma`naviy tarbiyasida muhim o`rin tutadigan kinofilmlar namoyishini tashkil qilish dolzarb vazifalardan biridir. Buning uchun mulkchilik shakli turlicha bo`lgan, ammo faoliyat ko`rsatmayotgan kinoteatrlar qachon ishga tushishini kutib o`tirmay, kollej va liseylar, madaniyat saroylari, bolalar oromgohlarida kino- va videofilmlarning namoyishini tashkil qilish ham mumkin va zarur. Bosh direktori J.Qosimov viloyat bo`limlari rahbarlaridan ushbu kamchiliklarni bartaraf qilish bo`yicha muayyan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni va ular ijrosini shaxsan nazoratga olishini aytib, ogohlantirdi. 

Majlisda agentlik faoliyati bilan bog`liq boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1