15 TA FIShTNI BIR ZARBDA BOShI BILAN SINDIRGAN AZAMAT

Rekord 17.11.2017, 15:57
15 TA FIShTNI BIR  ZARBDA BOShI BILAN SINDIRGAN AZAMAT

Qashqadaryolik hamyurtimizning bu boradagi­ sirlari bilan tanishtiramiz...

Azamat BERDIEV, Qashqadaryo viloyat havaskor va professional kikboksing Assosiasiyasi raisi:

— Men 1988 yildan beri karate shotakan, karate kiakushinkay bilan shug`ullanib kelyapman. Oddiy shogirdlikdan shu darajaga erishdim. Respublikadagi har bir musobaqada Qashqadaryo nomidan qatnashaman. Ayniqsa, “tamashivari” yo`nalishi bo`yicha. Tamashivari yo`nalishi bo`yicha Xitoy, Yaponiyada dastlabki yutuqlarga erishilgan. Kimdir bosh bilan butilka yo g`isht sindiradi, kimdir tishi bilan poezdni, yana boshqa birov sochida mashinani tortadi, ikkita tuyani ko`taradiganlar bor va hokazo. Bunda qobiliyatni ko`rsatish chegaralanmagan. Bilamizki, yaponiyaliklar karate sport turi bilan shug`ullanishi uchun kata, kumito kabi sinovlardan o`tishi kerak. Agar karate bilan shug`ullanuvchi talabgor shu ikki imtihondan o`tolmay, tamashivari yo`nalishi sinovidan muvaffaqiyatli o`tsa, bali yuqori bo`lib imtihondan o`tgan hisoblanadi.

— Xo`sh, siz tanlagan sport mashqi uchun insondan ni­malar talab etiladi? Hammaning ham qo`li bunday og`ir sinovga bardosh bera olmasligi aniq...

— Qo`lni chiniqtirishning har xil yo`li bor. Buning uchun dastlab taxta va devorda mashq qilinadi. Daraxtga 30 tagacha gazeta bir taxlam qilib ilinadi. Sharti bir zarbda taxlam darz ketishi kerak. Bir zarb kuchiga erishish uchun esa bir kunda 3000 martagacha takrorlash lozim. Bundan tashqari, qo`rqmaslik va harakat hamda ruhan o`ziga ishonch talab etiladi.

— Siz necha yoshdan buyon shug`ullanasiz? Shu sport mashqiga qo`lingizni chiniqtirish uchun qanday qiyinchiliklarni engishga majbur bo`lgansiz?

— 15-16 yoshdan beri shug`ullanib kelaman. Qo`limdagi og`riq impulslari va sezuvchanlikni kamaytirish uchun olovga qum solingan qozonni qo`yib, zarb urish mashqini bajarardim. Bunda qo`ldagi asab tizimi ancha moslashadi. Yana biri mashina rezinasi ichiga qum, shag`al to`ldirib mashq qilish. Qo`l bilan zarb berilganda mashina rezinasi yorilishi kerak. Bugungi kunda esa 12, 20, 30 tagacha marmar toshni bir zarb bilan urib sindira olaman. Birinchi marta uringanimda beshta marmar toshdan boshlaganman.

— Qanday musobaqalarda ishtirok etgansiz? Bu sport mashqi bilan rekord natijani qayd etishga uringanmisiz?

— 2015 yil fevral oyida “O`zbekiston rekordlari” musobaqasiga qatnashdim va 3-o`rinni egalladim. Keyin dekabr oyida qayta ishtirok etib finalga chiqqanman. Yilning eng kuchli, matonatli, tezkor nomli nominasiyalari bo`yicha g`olib bo`lganman. Shu yil oktyabr oyida bo`lib o`tgan “O`zbekiston rekordi” (Toshkent shahri)da musobaqasida ishtirok etib, shogirdlarim bilan kikboksing tryuklarini namoyish­ etdik. O`zim 15 ta g`ishtni boshim bilan sindirdim. Shogirdlarim oyoq bilan sindirishdi. Endi “O`zbekiston rekordchisi” nomiga munosib bo`lishga intilyapman.

— Muvaffaqiyatlaringiz siri nimada?

— Ochig`ini aytsam, muvaffaqiyat sirim yo alohida ovqatlanish tartibim yo`q. Inson muntazam qo`y go`shtini yoki 100 ta tuxumni iste`mol qilgani bilan o`zida harakat bo`lmasa biror natijaga erishishi qiyin. Biror sport turi kishi organizmiga salbiy ta`sir qilmasa, u hamma narsaga qodir. Qo`lim sindi, suyagi yorildi, deyish bahona bo`lolmaydi. Lekin tamashivarini faqat mutaxassis murabbiy maslahati va kuzatuvida o`rganish mumkin. Mashqlar bosqichma-bosqich olib boriladi. Albatta, 5-6 yil vaqt ketadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1