AsosiySUG'DIYONA

20, 30, 40, 50 YoSh: ERKAKLAR NIMANI ISTAYDI?

'20, 30, 40, 50 YoSh: ERKAKLAR NIMANI ISTAYDI? 'ning rasmi

Yillar davomida ko`p narsalar o`zgaradi: hayotga qarashlarimiz, orzular, rejalar, o`y-xayollarimiz va xatto, juftimiz bilan munosabatimiz ham. Goho uni tushunmay qolamiz... Hissiyotlarimiz isyon qilganida esa dilimizdagi tilimizga ko`chadi: «Sizni xuddi almashtirib qo`yishgandek, ilgari bunday emasdingiz». Xo`sh, nega shunday bo`ladi? Mutaxassisimiz androlog-seksopatolog Dilmurod ERGAShEVning fikricha, erkaklar xarakteri shu jumladan nozik munosabatlardagi ishtiroki ham yoshga bog`liq o`zgarishlarda farq qiladi. Aynan qanday ko`rinishda deysizmi? Mavzuning davomini o`qing, bilib olasiz.

20 yosh: «Yaxshi qiz, tanishsak bo`ladimi?»

Yigitlarning ayni qiziqqon davri. Jinsiy etilish, gormonal o`zgarishlar va xarakter shakllanishi bu yoshda jadal kechadi. Єarama-qarshi jins vakiliga e`tibor ko`rsatish, mulozamat, tuyg`ular ifodasi, sevgi-muhabbat – barchasidan bor! Hissiyotlarga moyil yigitlarning muhabbat qasamyodi, baland-parvoz va`dalar ko`pincha tasavvur maxsulidan o`zgasi emas. Bu paytda ularni yoqimli so`zlar, go`zal qizlar davrasi ko`proq qiziqtiradi. Jiddiy munosabatlar, ichki kechinmalar esa hali u qadar muhim emas. Ko`ngil qo`yganingiz ayni shu yoshda bo`lsa, undan oila qurish taklifini kutish asossiz. Chunki u bunga tayyormas-da.

30 yosh: «Ehtirosli yillar...»

Oilali, ehtimol bir-ikki nafar farzandning otasi bo`lishga ulgurgan erkakning fikrlashi, o`n yil avvalgidek emas. Nozik munosabatlarda ham barqarorlikni istaydi. E`tibor, rag`bat va olqishlar uning uchun har qachongidan ham muhim. Shunga yarasha juftiga muomala qiladi. Bu yoshda erkaklarning aksariyati faol jinsiy hayot tarafdori bo`lib, bir xillikdan tez zerikishadi.

Siz nima qilasiz? Birinchi shart: tilingizga ehtiyot bo`ling! Eringizning tashqi ko`rinishi, kattalashib borayotgan qorniga imo qilib, o`ziga nisbatan ishonchini tushirmang. O`ttizga qadam qo`yayotgan erkaklarning ko`pi to`lishadi. Buni to`g`ri qabul qiling. Ikkinchi shart: juftingiz ulg`ayyapti, atrofidagi ayollarning o`zini tutishi, tashqi ko`rinishi, muomalasi va aql-idrokiga befarq emas. Mazkur talablarga javob bera oladigan ayolga aylaning.

35-40 yosh: «Meni tinch qo`y, kayfiyatim yo`q...»

O`rta yoshdagi erkaklar ruhiyatida kuzatiladigan depressiya alomati. Ro`zg`or ikir-chikirlari, sira ado bo`lmaydigan bolalarning kam-ko`sti, uka-singillar tashvishi, ishdagi muammolar, ko`chadagi ulfatlar – xullas barchasi jam bo`lib, erkak asabini egovlaydi. Jizzaki, qo`rs va har narsadan norozi bo`lishi esa yotoqqacha kirishi mumkin. Bu paytga kelib, yaqinlik masalasi ikkinchi o`ringa o`tib qolsa, juftingizdan shubhalanishga shoshilmang. Yaxshisi, ko`ngliga yo`l toping.

30-35 yoshda ayrim ayollarning juftiga nisbatan ehtiroslari orta boshlaydi. Aslida, bu normal holat. Tug`ruqdan so`ng organizm o`zgargan va endilikda nozik munosabatlarni har qachongidan ham yaxshi tushunasiz. Ammo umr yo`ldoshingizning shashti pastroq. Kundalik muammolar, psixologik o`zgarishlar bir bo`lib, shaxsiy hududingizdan uzoqlashtirayapti. Nima qilasiz?

Ko`z ochib ko`rgan yori, farzandlarining onasi, namunali beka – bu lavozim umrbod sizniki. Ro`yxatni kengaytiring-da, yaxshi suhbatdosh, dono maslahatgo`y, hamisha o`ziga oro bera olgan didli ayol bo`ling.

Nozik munosabatlarga yangilik olib kiring. Bu yoshda erkakni bir xillik charchatadi. Tuyg`ularingizni bildirib turing: «Siz menga keraksiz» deya. Toki juftingiz hali ham uni sevishingiz, ardoqlashingizni bilsin.

45-55 yosh: «Sog`ligim pand berayapti...»

Erkakning jinsiy yaqinlikka xohishi bor, ammo jismoniy holati ba`zan imkoniyatini cheklaydi. Yoshga doir o`zgarishlar, hamroh kasalliklar yaqinlik masalasiga ham ta`sir ko`rsatmay qolmaydi. Tani sog`, jismonan tetik erkaklar bundan istisno. Ular uchun jinsiy hayot avvalgidek qiziqarli.

Bu davrda juftingiz uchun ma`nan ko`mak berishingiz muhim sanaladi. Balki shifokor ko`rigi, quvvatlantiruvchi vitaminlar, sport mashqlari zarur bo`lar. Umr yo`ldoshingiz yotoqdagi muammolar sabab asabiy bo`lib qolishi mumkin. Imkon qadar uni tushunishga va o`ziga nisbatan ishonchini oshirishga harakat qiling. «Shu yoshda kim qo`yibdi» deysizmi? Erkak har qaysi yoshda ham o`zini istalgan, sog`ingan va qadrli ko`rishni xohlaydi, unutmang-a.

Ayrim ayollar kabi yotog`ingizni alohida qilish fikrini esa butunlay chetlab o`ting. Єaytanga yoshingiz ulg`aygani sari juftingiz bilan bir-biringizga yanada e`tiborli va kuyinchak bo`lib borasiz. Farzandlar tashvishi bilan yashaganingiz etar. Endi o`zingiz uchun hayot kechiring.

Har qaysi yoshda ham erkak uchun asosiysi e`tibor, chiroyli muomala va rag`bat! Mana shu uch omilni mahkam tuting, attang qilmaysiz.

MARJONA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar