1

FARG`ONA ShAHRIDA AN`ANAVIY ASAL BAYRAMI O`TKAZILMOQDA

Iqtisodiyot 21.11.2017, 19:55
FARG`ONA ShAHRIDA AN`ANAVIY ASAL BAYRAMI O`TKAZILMOQDA

Mingdan ortiq asalarichilik xo`jaligi faoliyat yuritayotgan Farg`ona viloyatida aholini tabiiy, arzon va sifatli asal bilan ta`minlash uchun etarli sharoit mavjud.

Asal bayramida farg`onaliklar va shahar mehmonlari shifobaxsh mahsulotni arzon narxlarda xarid qilish, mutaxassislardan asalning shifobaxsh xususiyatlari haqida to`liq ma`lumot va maslahat olish imkoniyatiga ega bo`lmoqda.

– Asal ming dardga davo, – deydi Quvasoy shahridagi “Tolibjon-G`anijon asalarichi” fermer xo`jaligi rahbari G`anijon ota Yo`ldoshev. – Paxta, yantoq, kiyiko`t, kungaboqar, tog` va grechixa asal turlari, ayniqsa, xaridorgir. Mahsulot turi va shifobaxshligi qaysi o`simlikdan olinganiga qarab baholanadi. Bugungi kunda oshqozon, buyrak, yurak, jigar xastaliklari, tomoq og`rig`i, shamollash, immunitet pastligi, kamqonlik, umuman, minglab kasallik borki, davosini asaldan topasiz.

Viloyatda asal bayramining o`tkazilishi an`anaga aylangan. Unda nafaqat asal, shu bilan birga, gul changi, propolis, ari suti, mum, asalari uyasi, perga singari inson salomatligi uchun g`oyat foydali, tabiiy darmondori bo`lgan o`nlab asalarichilik mahsulotlarini ham arzon narxlarda sotib olish mumkin.

30 noyabrga qadar davom etadigan asal bayrami xalqimiz salomatligini mustahkamlash, dasturxonlarimiz to`kinligiga xizmat qilishi barobarida mutaxassislar uchun o`zaro tajriba almashish imkonini ham beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1