AsosiySUG'DIYONA

KO`P TERLAYaPMAN, QIZIYaPMAN, ASABIYMAN! KLIMAKS BILAN «KELIShAMIZ!»

'KO`P TERLAYaPMAN, QIZIYaPMAN, ASABIYMAN! KLIMAKS BILAN «KELIShAMIZ!» 'ning rasmi

Bu holatga tushishdan har bir ayol qo`rqadi. Unga yo`liqqach esa qimmatli narsa – yoshlikdan mahrum bo`lganini sezadi. Lekin klimaks siz o`ylagandek qo`rqinchli emas. Undan xavotir olish, o`zini keksaygan va hech narsaga yaroqsiz sezish noto`g`ri. Shunday ekan, bu davrni boricha qabul qiling. Klimaks noxush va qiynoqli o`tmasligi faqat o`zingizga bog`liq. Optimist, xushchaqchaq, osoyishta ayolda bu davr ortiqcha noxushliklarsiz kechadi. Lekin ba`zan ortiqcha kuyinish, o`zni asramaslik tufayli odam kasalliklarga yuz tutib, keksalikni o`ziga barvaqt «chaqirib» olishi mumkin. Erta klimaks aynan nima sababli yuz beradi? Bezovtaliklarga yo`liqmaslik uchun nima qilish kerak? Bu haqida tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor-ginekolog Muyassar NAZIROVA tanishtiradi.

O`ZGARIShLAR TAShHISI...

...ayol bir yil davomida hayz ko`rmaganida, shunda ham tegishli tekshiruvlardan keyin qo`yiladi. Odatda, 45 yoshdan keyin ayol qonidagi estrogen (ayollik gormonlari) ancha kamayadi. Ayolning harakatchanligi, terisining mayinligi, yaqinlikka moyilligi, homilador bo`lishi, qolaversa kayfiyati shu gormonga bog`liqligi uchun qondan qolayotgan mahal, ayol ancha o`zgaradi.

ERTA BOShLANIShI QAChON?

Klimaks boshlanishi ilk hayzingiz erta-kech boshlanganiga bog`liq emas. Lekin onangiz falon yoshda hayzdan qolgan bo`lsa, bu holat sizda ham yuz berishi mumkin. Hali qirqqa kirmagan bo`lsangizu, hayzingiz surilsa, uzoq davom etmasa, me`yoridan ko`p kelsa, uy yumushlari bilan shug`ullanayotgan mahal, boshingiz aylansa, ko`p asabiylashsangiz, qon bosimingiz ko`tarilib-tushsa, jinsiy yaqinlik yoqmasa, odatdagidan ko`ra, ko`p terlasangiz, bo`ksalaringiz semirsa, kutilmaganda yuz-qo`llaringiz qizarsa, gap erta klimaks haqida ketadi.

SABABI O`ZINGIZNI AYaMASLIKDA

Esingizni tanibsizki, harakatdasiz. Ham uyni ham ishni uddasidan chiqqan epli ayolsiz. Faqat buning tovonini sog`liq bilan to`laganingizni bilasizmi? Ayblaringizni birma-bir keltiramiz:

1. Uyqu, dam, halovat nimaligini bilmay, tinimsiz ishlash;

2. Ginekolog ko`rigidan ohirgi marta farzand tuqqaningizda o`tgansiz;

3. Buqoq va jinsiy a`zodagi shamollashga yillab parvo qilmaysiz;

4. Ko`pincha grippni oyoqda o`tkazasiz;

5. Ish va uydagi tuganmas muammolar tufayli doim asab tarang holatda yurasiz. Agar shu beshlik ichida atigi 1-2 tasi sizda kuzatilsa, klimaksni o`zingizga 5-10 yilga yaqinlashtirdingiz, hisob.

KEChIKTIRISh MUMKINMI?

Albatta. Buning uchun:

*25-30 yoshdan boshlaboq kamroq ovqat eyishga odatlaning.

*taomnomada yoshlik – E vitamini bo`lishi shart. Uni salat bargi, ismaloq, kashnich va seldir ko`katidan, yong`oq, bodom va xandon pista kabi chaq-chuqlardan, qora (jaydari undan yopilgan) non, o`stirilgan bug`doy, har xil kepak, zaytun, zig`ir moyi va sarxil mevalardan topasiz.

*ovqatlarning aksari bug`da pishgan yoki qaynatilgan, suyuq bo`lishi kerak.

*har olti oy tor doiradagi mutaxassislar ko`rigidan o`tib, kasalliklarni vaqtida davolashga kirishing.

*piyoda qancha ko`p yursangiz, klimaks ham sizdan nari ketadi.

Ramkada:

Eng asosiysi:

O`zingizga ishonchingiz bo`lsa, uncha-munchaga asabiylashmay, doim quvnoq bo`lsangiz, klimaks nomli noxush dushman ancha yilgacha sizga yaqinlasholmaydi.

QAChON ShIFOKORGA BORAMIZ?

Asli shifokor ko`rigidan har olti oy o`tishni kanda qilmang. Shunda o`zingizdagi o`zgarishlarni vaqtida payqab, ular bilan kurashish oson bo`ladi. Ba`zi ayollar qizish tufayli uxlayolmaydi, terlayvergani uchun odamlar bilan muloqot qilolmaydi, asablari tarang holatga keladi. Bunday paytda shifokorga qancha erta murojaat qilsangiz, shuncha yaxshi. Klimaks davrida qabul qilinadigan dorilar asosan oddiy giyohlardan tayyorlanib, tarkibida o`sha-o`sha estrogen mavjud. Ularni vaqtida qabul qilsangiz, yuqoridagi belgilar qiynamaydi.

JINSIY HAYoT DAVOM ETADI

Ko`pchilik ayollar klimaksda qin quruqligidan aziyat chekkani uchun yaqinlikdan bosh tortadi. Lekin jinsiy hayotni to`xtatmaslik kerak. Aks holda, qindagi quruqlik ortaveradi. Shifokor bilan maslahatlashib, qin uchun surtma dori yoki shamchalar yordamida muammoni hal qilish oson. Bu davrda yoga yoki arabcha raqs bilan shug`ullansangiz, jinsiy hayotning sifati o`zgaradi, hayotga mutlaqo boshqacha nazar bilan qaraydigan bo`lasiz.

ENGIL O`TIShI UChUN

1.Ishlaringizni rejalashtiring, urishqoq odamlardan nari yuring.

2.Qizish huruji paytida ko`krak qafasi (diafragma)ni to`ldirib nafas olishga o`rganing. 2-3 qultum muzdek yalpizli damlama iching, huruj darrov to`xtaydi

3.Faqat paxtali kiyim kiyishga o`ting.

4.Yotishdan oldin doim iliq suvda cho`milib, gulob (atirgul suvi)da badanni chaying, klimaksdagi bosh og`riq, asabiylik va terlashdan xalos bo`lasiz.

5.Do`lana, mavrak va jag`-jag` bilan do`stlashing. Ulardan tayyorlangan choy tana qizishi, terlash, asabiylik, bosim ko`tarilish kabi barcha klimaks belgilarini engishga qodir

6.Asalni yangi siqilgan lavlagi shirasi bilan teng aralashtirib har ovqatdan keyin bir osh qoshiqdan ichsangiz, klimaks ancha oson kechishi aniq. Buvosita buqog`ingiz bo`lsa ham kor keladi.

7.Nahorga bir chimdim propolis yoki asalari changidan qabul qilish klimaks belgilarini kamaytiradi.

8.Shu bugundan boshlab bir chimdimdan kunjut urug`ini eyishga kirishing. Tarkibida yosharish gormonlari nihoyatda ko`p bo`lgani uchun, sizga kerakli quvvat berib, qizishlardan asraydi.

9.Olma, uzum, anor sharbatini ko`p-ko`p iching. Tarkibidagi antioksidant moddalar klimaksning engil o`tishini ta`minlaydi, bosh og`rig`idan xalos qiladi.

10. Qizish huruji boshlanishi bilan o`rik yoki olma qoqi so`rib yuring, yordam beradi.

BARNO yozib oldi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar