Ko`pgina uy bekalari mehmondo`stliklari sababli ko`proq taom tayyorlab qo`yishlari bor gap. Natijada, ovqat ortib qoladi, tashlash uvol, ertasiga uni egisi kelmaydiganlar ham bor. Bunday vaziyatlarda quyidagi shpargalkalarimiz juda qo`l keladi.
1. Qolgan kabob
Kabob go`shtidan cho`g` ta`mi kelib turadigan mazali sho`rva tayyorlasangiz bo`ladi. Buning uchun qolgan go`shtlarni mayda qilib to`g`rang-da, suv quyib qaynating, so`ng kartoshka, sabzi, sholg`omni mayda qilib to`g`rab qo`shasiz. Sho`rva yanada to`yimli bo`lishi uchun vermisheldan solisangiz ham bo`ladi.
2. Karamli salat
Karam salatni ko`proq tayyorlab yuborgan bo`lsangiz, uni tovada baqlajon, pomidor, bulg`or qalampiri va kartoshka bilan o`simlik yog`ida qovurib oling. Sabzavotli raguga mayonez yoki ketchupdan qo`shib tanovul qilsangiz bo`ladi. Shuningdek, karamli salat dimlansa, pirojkilar uchun zo`r qiyma vazifasini bajaradi.
3. Qurib qolgan pishloq
Pishloq o`rab qo`yish yodangizdan ko`tarilgani uchun qurib qolgan bo`lsa, hech tashvishlanmang. Uni bo`laklarga bo`lingda, tuxum, un, tuz va ziravorlar aralashtirib tayyorlangan qaylaga bulg`ab, tovada ikki tomonini qizartirib oling. Ta`bga ko`ra, tuxumli qayladan so`ng, non urvog`iga bulg`ab qovursangiz ham bo`ladi. Mazali nonushta tayyor!
4. Chuchuk qatiqdan desert
Quymoq qildingiz-u, chuchuk qatiq ortib qoldimi? Undan engil va mazali tort tayyorlashga nima deysiz?
5. Muzlagan chuchvaralardan pissa uchun xamir
Ba`zida chiroq o`chsa muzxonadagi tayyorlab qo`yilgan chuchvaralar erib, achinarli ko`rinishga keladi. tashlab yuborishga ko`zingiz qiymaydi. Endi ulardan pissa tayyorlaymiz. Demak, go`shtli xamirni yoyib, ustiga sous surting. Ta`bga ko`ra masalliq solib, «pissa»ni gaz pechiga joylang.
6. Ko`kat bandlari
Ko`katlarning qattiq bandlarini tashlab yuborishga shoshilmang. Yuvib, ip bilan bog`lang-da, sellofan paketga solib, muzxonaga solib qo`ying. Sho`rva tayyorlayotganda ko`katni muzxonadan olib, solasiz. Taom tayyor bo`lganida olib tashlashni unutmang. Sho`rvaning xushbo`y hidi butun uyga taraladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






