AsosiyIqtisodiyot

ASAKA AVTOMOBIL ZAVODIDA ISLOM KARIMOV YoDGORLIK MAJMUASI OChILDI

'ASAKA AVTOMOBIL ZAVODIDA ISLOM KARIMOV YoDGORLIK MAJMUASI OChILDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq Asaka shahridagi avtomobil zavodiga Islom Karimov nomi berildi. Ushbu qaror ijrosini ta`minlash maqsadida yodgorlik majmuasini barpo etish loyihasi tayyorlandi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi hamda Andijon viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda qisqa vaqt ichida zavod hududida Islom Karimov yodgorlik majmuasi barpo etildi.

Shu kunning o`zida zavodda doimiy ravishda faoliyat yuritadigan “Islom Karimov va O`zbekistonda avtomobil sanoatining rivoji” ko`rgazma-muzey ish boshladi.

Mustaqil O`zbekiston davlatining asoschisi Islom Abdug`anievich Karimov butun umrini Vatani, uning ozodligi va buyuk kelajagi uchun bag`ishladi.

Buyuk davlat va siyosat arbobi, o`zbek xalqining ulug` va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov g`oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og`ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O`zbekistonni jadal va barqaror sur`atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning O`zbekiston uchun mutlaqo yangi bo`lgan soha – avtomobilsozlik sanoatiga asos solishi va uni rivojlantirish tashabbusining hayotga tadbiq etilgani Istiqlol solnomasidagi muhim sahifalaridan biri bo`lib qoldi. Asaka avtomobil zavodiga asos solinishida uning o`zi bevosita ishtirok etdi.

Bugun avtomobil zavodi O`zbekistonning etakchi sanoat korxonalaridan biri sanaladi. Birinchi Prezidentimiz ta`kidlaganiday, “ushbu zamonaviy korxona insonlar ong-u shuuriga ijobiy ta`sir etib, xalqimizda g`urur va iftihor tuyg`usini uyg`otgani alohida ahamiyat kasb etadi”.

Asaka avtomobil zavodiga O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti nomi berilishi – barcha xodimlarga iftihor tuyg`usini bag`ishladi.

    Boshqa yangiliklar