AsosiyRekord

Xotirani mustahkamlashning o`zbekona usuli

'Xotirani mustahkamlashning o`zbekona usuli'ning rasmi

Inson xotirasi cheksiz ummonga o`xshaydi. Ammo har kim ham uning imkoniyatlaridan etarlicha foydalana olmaydi. Uning sirlari, imkoniyatlari necha asrlardan beri insoniyatni qiziqtirib kelmoqda. Bu borada ko`plab ilmiy ishlar, tadqiqotlar olib borilgan. Ana shunday yo`nalishda ish olib borayotgan hamyurtlarimizdan biri yosh olim Shohrux-Mirzo Rahmonovdir. Uning xotirani o`rganish — mnemonika borasidagi tadqiqotlari butun dunyo mutaxassislarining qiziqishiga sabab bo`lmoqda...

— Men bolaligimdan aj­dodlarimizning buyuk kashfiyotlari va ularning betakror quvvai hofizasiga, xotira imkoniyatlariga qiziqib kelganman, — deydi Shohrux-Mirzo o`z intervyularidan birida. — Shu bois men miya imkoniyatlaridan to`liq foydalanish haqida bosh qotirib kelaman. Shu mavzuga oid ko`plab ilmiy izlanishlar, asarlar bilan tanishib keldim. Ayniqsa, Toni Byuzenning “O`zingizni o`ylashga o`rgating” kitobi meni qattiq qiziqtirib qo`ydi. Shundan so`ng men o`z hamyurtlarimizning ko`pchiligi o`z imkoniyatlarini anglab etmaganini tushundim. Demak, inson o`zini o`zi takomillashtirib borishi kerak, degan xulosaga keldim.

Shu tariqa Shohrux mamlakatimizdan etishib chiqqan ilk mnemonist bo`ldi. Ayni paytda u Feysbuk ijtimoiy tarmog`ida Mnemonika.uz sahifasini yuritmoqda. Bundan xotirani mustahkamlashning turli usullarini o`rganish mumkin. Ana shu maqsadga yo`naltirilgan “Brainclub” klubini tashkil qildi. Uning kelgusidagi orzularidan biri xotira mustahkamligi bo`yicha jahon chempio­natini O`zbekistonda o`tkazish.

Shohruxning o`zi ham fenomenal xotiraga ega. U besh daqiqa ichida 200 ta sonni, bir daqiqada hech narsani qog`ozda qayd qilmasdan 20 ta so`zni eslab qoladi. Bu esa unga darslarni tez, oson va samarali o`zlashtirishda katta yordam beradi.

Uning fikricha mnemonika inson uchun juda foydali, ayniqsa axborot asrida insonlarda axborotni tez qabul qilish va saqlash juda katta ahamiyat kasb etadi.

Shohrux-Mirzo bu boradagi bilim va ko`nikmalarini boshqalar bilan ham bo`lishishni istaydi. Uning “Mukammal xotira: yoxud miyangiz qobiliyatlarini qayta kashf qiling” nomli asari bugungi kunda ko`pchilik kitobxonlarni o`ziga jalb etib ulgurgan.

Mazkur kitob maktab o`quvchilari, abiturientlar va talabalarga mo`ljallangan. Undagi usul va tavsiyalar imtihon oldidan o`quvchi va talabalarning xotirasi va fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga katta yordam beradi.

Shuningdek, uning ikkinchi kitobi “So`z yodlash san`ati” ham o`quvchilar qo`liga etib bordi.

Ayni paytda Shohrux-Mirzo xalqaro auditorlik tashkilotida faoliyat yuritadi. Xotirani mustahkamlash borasida Xitoy, Turkiya, Shvesiyada o`tkazilgan chempionatlarda ishtirok etgan. Ayni paytda uning izdoshlari ham ko`payib bormoqda. Jumladan, uning yaqin safdoshi va shogirdi Husniddin Ismoilov Butunjahon Xotira Sporti Ustasi unvoniga erishgan.

— Abiturientlar uchun xotirani rivojlantirish kursini amalda sinab ko`rdik va undan tashqari qiziquvchilar o`rtasida Andijon taraqqiyot markazida ikki marotaba Xotira Chempionatini o`tkazdik, — deydi Shohrux-Mirzo biz bilan suhbatda.— Bu sohani tanlashimga sababkamroq vaqt sarflab, ko`proq ishga ulgurishdan iborat va shu yo`nalishda boshqalarga ham yordam bermoqchiman.

Shohrux-Mirzo yaqinda “Rossiya1” telekanalida namoyish etilgan “Udivitelne lyudi” shou-dasturida ishtirok etib hakamlar hay`atini noyob xotirasi bilan hayratga soldi. U turli surat parchalarini qaysi rassomning qaysi asariga tegishli ekani va u nechanchi yilda ishlanganini qiynalmasdan aytib bera oldi. Aytish joizki, bu dastur uchun iqtidorli ishtirokchilar kasting asosida salkam uch oy davomida aniqlandi. Natijada Rossiya va MDHning qirqdan ortiq shahar va viloyat­laridan 48 kishi tanlab olindi. Ular orasida andijonlik hamyurtimiz Shohrux-Mirzo Rahmonovning yuqori natija qayd etgani quvonarlidir.

    Boshqa yangiliklar