1

Noyob qobiliyatli yurtdoshimiz

Rekord 09.12.2017, 17:42
Noyob qobiliyatli yurtdoshimiz

2016 yilda “Rossiya 1” telekanalining “Noyob qobiliyatli odamlar” (“Udivitelne lyudi”) ko`rsatuvida ishtirok etib, ko`rsatuv shartiga ko`ra taqdim etilgan 51 ta aviayo`lovchining chiptalari ichidan tanlab olingan 5 ta chiptadagi ma`lumotlarning barchasini to`g`ri topgan hamyurtimiz Husniddin Ismoilovning chiqishi juda ko`pchilikni hayratga soldi.Biz esa Husniddin Ismoilovni topib, u bilan ko`rsatuvdagi ishtiroki va ­barchani hayratga solgan iqtidori haqida suhbatlashdik...

— Ushbu ko`rsatuvga taklif etilishingiz tarixi haqida gapirib bersangiz...

— Ushbu ko`rsatuvda ishtirok etish orqali o`zimni baxtli inson sifatida his qildim. Buning asosiy sababi shundaki, ko`rsatuv efirga uzatilgandan so`ng ko`plab tanish va notanish insonlar menga tabrik va minnatdorchiliklar bildirishdi, bundan juda xursandman. Bu ko`rsatuvda ishtirok etishdan oldin 2014-yilgi va 2015-yilgi Butunjahon Xotira Chempionatida ishtirok etib, 5 daqiqada 290 ta raqamlar ketma-ketligini eslab qolish orqali Xalqaro Xotira Sporti ustasi unvoniga ega bo`lganman. Shundan keyin­ Rossiya telekanali xodimlari meni va ustozim Shohrux-Mirzo Rahmonovni internet orqali topishdi va biz bilan shartnoma imzolashdi.

— Ko`rsatuvga chiqishda sizdan nimalar talab etildi?­

— Eng avvalo virtual muloqot (skayp) orqali savollarga javob berdim va menga berilgan 80 ta raqamni 2 daqiqa ichida eslab qay­ta aytib berdim. Shu bilan birga o`zim haqimda va qiziqishlarim haqida qisqacha videorolik tayyorlab, “Rossiya 1” telekanali xodimlariga yubordim. Mana shu asnoda “Noyob qobiliyatli odamlar” ko`rsatuvi ishtirokchisiga aylandim.

— Ayting-chi, xotirangizni bu usulda mustahkamlashga nima turtki bo`lgan?

— Xotiramni rivojlantirishimga va mnemonika texnikalarini o`rganishga qiziqish deyarli 4 yil oldin paydo bo`lgan. O`sha vaqtda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining 1-bosqich talabasi edim. Andijon shahridagi 34-ixtisoslashtirilgan maktabni va Andijon Davlat Universiteti qoshidagi 4-sonli akademik liseyni imtiyozli tamomlagan bo`lishimga qaramasdan institutning kuchli qobiliyatli talabalari va murakkab fanlari tufayli o`zimga-o`zim savol berdim: “Muvaffaqiyatga erishtiruvchi va o`qish jarayonida yordam beruvchi qanday qobiliyatim mavjud?”. Ushbu savolimga javob topa olmaganimdan so`ng yangi qobiliyatni o`zlashtirishim kerakligini tushunib etganman. Shundan so`ng ustozim Shohrux-Mirzo Rahmonovdan mnemonika texnikalarini o`rganishni va Butunjahon Xotira Chempio­natiga tayyorgarlik ko`rishni boshladim.

— Xotira mustahkamligiga erishish qanday mashaqqatlarni engishni talab qiladi?

— Bunday darajada xotira mustahkamligiga erishish qiyin masala deb hisoblamayman. O`z xotirasini tinimsiz shug`ullantirib borish va mnemonika texnikalaridan unumli foydalanish orqali har qanday inson shunday darajaga erishishi mumkin. Faqat metin iroda, sabr, o`z vaqtida xatolar ustida ishlash va maqsad sari tinimsiz harakat qilish talab qilinadi. Xalqaro xotira sporti ustasi unvoniga erishish uchun 2 yil mobaynida inson xotirasi haqida o`qib izlandim va har kuni ikki-uch soat vaqtimni chempionatga tayyorgarlik mashg`ulotlari uchun sarfladim. Shu asnoda o`z oldimga qo`ygan maqsadimga erishdim.

— Xotirani mustahkamlashning bunday usulida nimalarga e`tibor qaratasiz, agar sir bo`lmasa…

— Albatta bu narsa sir emas va buni boshqalarga ulashishdan xursand bo`laman. Mnemonika texnikalarini turli shakldagi ma`lumotlarni eslab qolish uchun qo`llash mumkin. Bunda mnemonika texnikalari tizimini o`zingizga mos ravishda tuzib chiqish lozim va har xil turdagi ma`lumotlarni eslab qolish uchun moslashtirish kerak. Ma`lumotlarni eslab qolishda hamda mashg`ulotlar jarayo­nida eslovchidan fikrini bir joyga jamlash, shu bilan birga kuchli motivasiya va xohish-iroda talab qilinadi. Inson miyasi va xotirasi aniq maqsadga yo`naltirilganda faol ishlaydi va ko`plab ma`lumotlarni osonlik bilan eslab qolishga yordam beradi.

— Mnemonikaning shaxsiy hayotingizda ham foyda keltirgan jihatlari bo`lganmi?

— Mnemonika texnikalarini o`rganish orqali o`zimga va xotiramga bo`lgan ishonchim yanada ortdi. Meni parishonxotirlik yoki rejalashtirilgan ishlarni unutish kabi muammolar tark etdi. Shubhasiz aytishim mumkinki, mnemonika texnikalari yordamida ins­titutni yuqori ballar olish orqali birinchi darajali diplom bilan tamomladim. Kundalik hayotimda esa yangi uchratgan odamlarning ismlarini yoki telefon raqamlarini eslab qolish kabi tushunchalar men uchun muammo emas.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1