Oshpazlikni orzu qilgan jahon chempioni!

Rekord 11.12.2017, 10:45
Oshpazlikni orzu qilgan jahon chempioni!

Sog`lom hayot va zabardast qaddi-qomat bir so`z bilan aytganda — bodibilding. Mazkur sport turi bilan shug`ullanish istagida bo`lganlar ko`p. Ammo hamma ham mashqlardan ko`zlangan asosiy maqsad-muddaoni tushunavermaydi. Bodibilding nafaqat tanani chiniqtiradi, balki shaxs sifatida shakllanish, mustaqil fikrlash qobiliyatini ham oshiradi. Zero, har bir mashqni to`g`ri bajarish, asta-sekinlik bilan o`z uslubini ishlab chiqish, kishi xarakterini charxlaydi. Suhbatdoshimiz – bodibilding sport turi bo`yicha O`zbekiston va jahon chempioni Pavel UMRZAKOV maqsadga erishish yo`lida qanday harakatlanish kerakligini yaxshi biladi. Aytishicha... yaxshisi hammasini uning o`zidan eshiting.

— Bu yil sezilarli darajada katta yutuqlarni qo`lga kiritdingiz, shundaymi?

— Ha, bu yil men uchun omadli keldi. Yil boshida bodibilding bo`yicha O`zbekiston chempionatida mutlaq g`olib bo`ldim. So`ng Butan qirolligida bo`lib o`tgan Osiyo chempionatida 40-49 yoshlilar o`rtasidagi “master” toifasida hamda 90 kilogramm vazngacha bo`lganlar orasida ikkinchi o`rinni egalladim. Tailanddagi Jahon chempionatida qo`lga kiritgan yutug`im esa unutilmas voqea bo`ldi.

— Bilishimizcha, mazkur chempionatda 100 kilogramm vaznlilar toifasida ham ishtirok etibsiz?

— Avvaldan qatnashib kelgan 40-49 yoshlilar bo`yicha guruhda birinchi o`rinni egalladim. So`ng ilk marotaba 100 kilogrammgacha bo`lgan vazn toifasida imkoniyatlarimni sinab ko`rdim. Buni qarangki, birinchi urinishdayoq to`rtinchi o`rinni zabt etdim. Bu men uchun katta g`alaba! O`zimga bo`lgan ishonchim yanada oshdi va shuni bildimki, bundan keyin kuchli sportchilar bilan bemalol bellasha olaman.

— Pavel Petrovich, nega aynan bodibilding sport turini tanlagansiz?

— Yoshligimda to`lachagina bola edim. Asli sport zaliga kelishimga sabab bo`lgan omil ham shu, tashqi ko`rinishimdan uyalardim-da. Murabbiylar tomonidan belgilangan mashqlarni bajarish asnosida sekin-asta qomatim ko`rkamlasha boshladi. Bildimki, mashg`ulotlarni kanda qilmasam, kerakli natijaga erisha olaman. Shu-shu atletlar safiga qo`shildim. Bilasizmi, bodibilding sport turi qomatni o`zingiz istagandek shaklga keltirish imkonini beradi. Ammo buning sharti o`z ustingizda ishlash va harakat qilishdir.

— Ko`zlangan natijaga erishish uchun qay darajada shug`ullanish kerak? Ehtimol, buning uchun bir necha yillar kerak bo`lar?

— Hech bir g`alaba o`z-o`zidan qo`lga kiritilmaydi. Buning ortida muntazam mashq qilish, tana imkoniyatlarini yaxshi bilish va maqsadni aniqlashtirish kabi shartlar bor. Qolaversa, har bir sportchining o`z mashq dasturi mavjud. Uning ishlab chiqilishida atletning mashg`ulotlar davomidagi ko`rsatkichlari hisobga olinadi.

— Hafta davomida necha marta mashq qilasiz?

— Uch bosqichli mashg`ulotlar davomiyligiga amal qilaman. Birida mushak massasining ortishi uchun mashq qilinadi, ikkinchisida natija mustahkamlanadi, uchinchisida esa teri osti yog` qavati parchalanishiga kuch beriladi. Har bir bosqichda mashqlar davomiyligi turlicha bo`ladi. Umumlashtirganda esa haftada uch-olti marta, kuniga ikki mahal shug`ullanaman.

— Atletlarning qay tariqa taomlanishi ham ko`pchilikka qiziq...

— Taomnoma tuzishda har bir inson organizmi individual tuzilganligini inobatga olish lozim. Masalan, menda semirishga moyillik bor, shu bois oqsilga boy mahsulotlarni ko`paytirib, uglevod va yog`ni kamaytirganman. Asosan, tuxum, baliq, parranda go`shti va sut-qatiq mahsulotlarini iste`mol qilaman. Barra sabzavot va mevalarni kanda qilmayman, yormalar, grechixa, makaron, non esa belgilangan miqdorda.

— Bodibilding bilan shug`ullanishni istaganlar uchun nimani maslahat berasiz?

— Avvalambor, mashg`ulotlar zaliga kelib, sportchilarning ishlarini kuzatishsin. Professional murabbiyga shogird tushishsin va eng asosiysi maqsadlari aniq bo`lsin. Yana... orzu qilishsin! Chunki orzularning ro`yobga chiqish xususiyati bor-da! Bo`lajak atlet keyinchalik qaddi-qomatini qan­day tasavvur qilyapti, egallamoqchi bo`lgan marralari qay darajada yuqori — xayol qilsin va u tomon talpinsin, shunda barchasi chinga aylanadi. Men bunga ishonaman!

Orzu “Bir paytlar oshpaz bo`­lish­ni orzu qilardim, ammo ushbu mutaxassislik bo`yicha o`qishga kirolmaganman. Oshpazlikka bo`lgan qiziqishim hali ham so`nmagan, qaysi mamlakatga bormay, albatta noodatiy taomlarni tatib ko`raman. O`zimizning palovxonto`rani esa qoyillataman. Hatto kartoshka qovurish ham men uchun olam-olam zavq ulashadi!”

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1