1

NOODATIY TADBIRKORLIK

Rekord 12.12.2017, 13:20
NOODATIY TADBIRKORLIK

Tuyalar haqida so`z borganda ko`pchilik uni sahro va cho`llarda yuruvchi issiqsevar hayvon sifatida biladi. Uni so`lim tog` bag`rida doim uchratavermaysiz. Qolaversa, tuyachilik bir qarashda istiqboli yo`q sohadek ham ko`rinadi. Ammo bilib ishlaganga chorvachilikning bu tarmog`i koni foyda va boshqa chorva hayvonlariga nisbatan alohida jihatga ham ega. Nega deysizmi? Keling, bu savolga Toshkent vilo­yatining Bo`stonliq tumani so`lim Chimboyliq qishlog`ida o`nlab tuyalarni boqib, ko`paytirayotgan va bu bilan samarali tadbirkorlikni yo`lga qo`ygan qahramonlarimiz Ilhom aka va Ziyoda opa Ro`ziboevlardan javob topamiz. Asl kasbi injener-mexanik bo`lgan Ilhom akaning aytishicha, oila a`zolari bilan uzoq yillardan buyon asalarichilik, yilqichilik bilan shug`ullanib kelishgan.Tuyachilik bilan shug`ullanayotganlariga esa endigina ikki yil bo`lgan...

Ilhom Ro`ziboev:

— Avvaliga ikkita, ya`ni bir ona-bola tuya olib kelgandik, hozirga kelib ularning soni 35 tadan oshdi. Erta bahorda ham bir nechtasi yana bolalaydi. Ilk marta tuyalarni olib kelganimizda butun qishloq ko`rgani chiqqandi. Hozirgacha maktab o`quvchilari ekskursiya qilib tomosha qilgani kelishadi.

Ilhom akaning qisqagina qilib tugallagan ma`lumotlaridan Ziyoda opaning ko`ngillari to`lmay suhbatimizga qo`shildilar.

Ziyoda Ro`ziboeva:

— Aslida tuyachilik bilan shug`ullanishimizga katta o`g`lim Ilyosbek sababchi. Chorvachiligimiz, dehqonchiligimiz sabab o`g`lim Qoraqalpog`iston Respublikasidan ba`zi kerakli texnikalarni olib kelish uchun borib-kelib turardi. O`sha paytlarda televizor orqali ham tuya sutining foydali xususiyatlari haqida eshitib qolgandik. Ilyosbek ham tanishlaridan bu haqida eshitib, tuya olib kelib boqsak, deya bizga maslahat soldi. Rostini aytsam avvaliga u qadar qo`llab-quvvatlamadik — uzoq masofadan olib kelish, tilini topish, buning ustiga yaqin orada birov boqqanini ko`rmaganmiz. Xullas, kelishib, bir nechta qo`yni sotib, Qoraqalpog`iston Respublikasidan bir ona-bola tuya olib keltirdik. Lekin ular olis masofadan sog`ligi yomon ahvolda etib kelishdi. Avval hech tuyaga qiziqib ko`rmaganimiz, u haqida bilmaganimiz uchun “bo`ldi, bu tuyalar endi o`lib qoladi, shuncha xarajatimizga kuydik...”, deb o`ylaganmiz o`shanda. Xudoga shukrki, bilgan amallarimiz va mehr bilan qaraganimiz sabab tuyalar kun sayin o`zini tutib ola boshladi. Avvaliga ularni oilamiz uchun boqib, sutidan foydalanib yurdik. Keyinchalik yaqin-uzoqdan tuya sutining shifobaxshligini eshitgan borki, eshigimizni taqillatib kela boshlashdi. Shundan so`ng ularning sonini yanada ko`paytirishga, shifobaxsh suti bilan barchani ta`minlashga qaror qildik.

— Tuya boqishning mashaqqati katta bo`lsa kerak,alohida sharoit, keng maydon...

Ilhom Ro`ziboev:

—Birinchi olib kelgan tuya­mizni uyimizda boqqanmiz. Hozir ularning soni ancha ko`p va endilikda tuman hokimiyatining ko`magi bilan tuyalarni alohida maydon ajratib o`sha erdaparvarishlayapmiz. Bizning tog`li hududda yantoq yaxshi bo`ladi, biz tuyalarni shu bilan boqamiz. To`g`ri, tuyachilik ancha og`ir. Masalan, tuyalar 12-13 oy homilador bo`ladi vayangi tug`ilgan bolasi boshqa chorva hayvonlariniki kabi tug`ilishi bilan o`zini eplay olmaydi, ancha vaqt alohida parvarishga muhtoj bo`ladi.

Ziyoda Ro`ziboeva:

— Tuyaning nafaqat suti, hattoki juni ham juda foydali. Avvaliga tuyalardan qirqib olingan junlarga xaridorlar ko`paya boshladi. 34 yil o`qituvchi bo`lib ishlab, hozirda nafaqadaligim, kelinlarimning ham borligi sabab tuyaning junini ham o`zimiz uyda qayta ishlay boshladik. Ya`ni, junlarni turli bosqichlarda tozalab, mayin va uzun turlarga bo`lib mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`ydik. Hozirda tuya junidan kelinlarim bilan birga ko`rpa qilyapmiz, bel og`riqlariga foydali bo`lgan belbog`lar yasayapmiz va ip yigirib turli kiyimlar to`qiymiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1