— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun qanday ovqatlangan ma`qul?
Shahlo Olimova, Toshkent viloyati
Dilfuza TURDIEVA, shifokor-pediatr, tibbiyot fanlari nomzodi: — Go`dakning asosiy taomi ko`krak suti bo`lgani uchun avvalo o`zingiz allergiya chaqiruvchi mahsulotlar — parranda, ot, qo`y, baliq go`shtlari, mosh, yong`oq, mayiz, kakaoli va sitrusli ozuqalar, sabzi, pomidor, qulupnay kabilarni iste`mol qilmang. Ovqatga faqat mol go`shti ishlating. Suvda qaynatilgan tuxumni esa bir haftada bir marta iste`mol qilishingiz mumkin. Sut kamroq ichgan ma`qul.
Ekssudativ diatez bilan og`rigan farzandingizga sharbatlarni juda ehtiyotkorlik bilan, bir necha tomchidan bering. Har bir sharbat go`dagingizda qanday ta`sir qilayotganini diqqat bilan kuzatib boring. Grechixa, suli (ovsyanka), perlovka, guruch kabi yormalardan sabzavotlar qaynagan suvda bo`tqalar pishirgan ma`qul. Qatiq (kefir) iste`mol qiladigan go`daklarda allergik reaksiyalar kam uchraydi. Faqat mol go`shti va jigari qiymasidan tayyorlangan taomlar berishingiz mumkin.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.