1

ShARQ TAQVIMIGA KO`RA IT YILI QANDAY BO`LADI?

SUG'DIYONA 30.12.2017, 22:08
ShARQ TAQVIMIGA KO`RA IT YILI QANDAY BO`LADI?

Sharq kalendariga muvofiq 2018 yil it yili hisoblanadi. It tinib-tinchimas, jonsarak jonzot bo`lib, yil bo`yi xotirjamlik va farovonligingizni qo`riqlaydi. Tinchliksevar, adolatparvar hayvon hech qachon egasiga xiyonat qilmaydi.

Qishda it sekin-asta o`zgaruvchan tovuq yilidan keyin vaziyatni o`z qo`liga olib, odamlarni xayrli ishlarga boshlaydi. Bahorda qishki mudroqdan so`ng ko`pchilik moliyaviy daromadga umid qilsa bo`ladi. Chunki yil "ega"sining sarg`ish rangi ko`proq pulni o`ziga tortadi. Albatta, u tilla topib bermaydi yoki hid sezish qobiliyati bilan xazinaga olib bormaydi, lekin mehnatkash va qat`iy kishilarning martabasi oshishi, baxt-saodatli bo`lishiga rag`batlantirishi shubhasiz. Shuningdek, sariq rang quyosh energiyasi bilan bog`liq bo`lib, shijoat, dadillik va yaxshi kayfiyat bag`ishlaydi, quvonchli onlarni baxsh etishga harakat qiladi.

Yangi yilda har qanday sohadagi ishga dadil kirishish mumkin. Do`stlik, samimiylik, haqgo`ylik kabi fazilatlar olqishlanadi. Barcha ishda tartib-qoidaga amal qilish tavsiya etiladi. Shubhali ishlarga bosh suqmagan ma`qul.

Intiluvchanlik, sobitqadamlik va ortga chekinmaslik muhim o`rinda turadi. Maqsadga etishda qat`iylik, iroda, g`ayrat va o`jarlik kabi xislatlarni oshirishni yulduzlar qo`llaydi. Eng asosiysi – rostgo`ylik. Bunday xislatlarga ega va qo`l qovushtirib o`tirmaganlarga yil juda sermahsul bo`lishi, keng imkoniyatlar eshigini ochishda yulduzlar ko`maklashishi aniq.

It beg`araz va olijanob hayvon bo`lib, shon-sharaf, dovruq va hashamga intilmaydi. Lekin go`zal va tabiiy narsalarga, chiroyli kiyinishga yil "ega"si aslo qarshilik kilmaydi. Yil "hukmdori" o`zgarishlarni yoqtirmasligi, o`zining uychasidan billur koshonaga intilmasligidan qat`i nazar, uy-joy sharoitini yaxshilashga ko`maklashadi.

    Intellektual insonlarga it yilida svetoforning yashil chirog`i yoniq bo`ladi. Ro`y berishi kutilayotgan ulkan kashfiyot va loyihalar aqlni lol qoldiradi. Mehnatkash va harakatchan it doimo ko`ngliga mos ish topa oladi. Uning sezgirligi esa o`ziga ishongan kishilarni omad sari boshlaydi.

    Salomatlik jihatdan it yilida muammolar bo`lmaydi. Chiniqqan sariq it kasalliklar avj olishiga yo`l qo`ymaydi. Lekin zararli odatlardan voz kechishga to`g`ri keladi – it pulning befoyda narsalarga sovurilishini yoqtirmaydi.
    Sariq it sayohat qilishni va ko`z o`ngidagi manzaralar almashishini yoqtiradi. Ko`p yangi do`stlar orttiriladi. Bunda muomala madaniyatiga e`tibor qaratish lozim. Chin do`stlarni bir lahzada his qilasiz, g`anim esa aylanib o`tib ketadi. Sofdil insonlarni himoya qilib turgan it doimo ogoh bo`ladi.
    Sevgi-muhabbat bobida afsonaviy va sehrli o`zgarishlar kutilmoqda – yil yangi tanishuv, uchrashuvlarga boy. Oilaviy insonlar bir-biri bilan til topishib, mehr-muhabbat, ahil-inoqlik qaror topsa, o`z juftini topish orzusida bo`lganlarga yil "ega"si baxt kalitini tutqazadi. 2018 yilda oila qurganlar uzoq va baxtli hayot kechiradi.
    It xazina va boylikni yaxshi his qiladi. Lekin bularning sirini shunchaki ochmaydi – 2018 yilning "podshohi" xasis bo`lmagan va imkon qadar xayr-ehson qiladigan insonlardan yordamini ayamaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1