Turkiyadagi yig`inda "Paxtakor" birinchi nazorat uchrashuvida yirik hisobda g`alaba qozondi, deya xabar qildi UFF.
Turkiya uchinchi liga ishtirokchisi "Turgutluspor"ga qarshi maydonga tushgan “Paxtakor” 3:0 hisobida zafar quchdi.
Birinchi bo`limda to`liq tashabbusga ega bo`lgan "sherlar" ko`plab qulay vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. 12-daqiqada Kozak raqib darvozasini ishg`ol qildi.
Keyingi daqiqada Bezerraning faol harakatidan so`ng Masharipov ikkinchi to`p muallifiga aylandi. Bo`lim oxirigacha futbolchilarimiz bir qator imkoniyatlardan foydalana olishmadi.
Ikkinchi bo`limda tarkibda o`zgarishlar yuzaga keldi. Lobanov ikki marta "Turgutluspor" a`zolarining penaltidan tepgan to`plari yo`liga g`ov bo`lib, mahoratini namoyish qildi. 84-daqiqada Sayfiev o`yinda hisobni yirik ko`rinishga keltirdi.
Navbatdagi nazorat bellashuvini "Paxtakor" 11 yanvar kuni Turkiya ikkinchi ligasi vakili "Shanliurfaspor" jamoasi bilan o`tkazadi.
"PAXTAKOR" - "TURGUTLUSPOR" - 3:0 (2:0)
Gollar: Kozak 12, Masharipov 13, Sayfiev 84.
"Paxtakor": Suyunov (Lobanov, 46), Kozak, Simich (Andreev, 63), A`zamov, Shorahmedov (Sayfiev, 63), Rahmatullaev (Ismatullaev, 63), Ahmedov (Ahmadov, 63), Masharipov (Ibrohimov, 63), Iskanderov (Sindarov, 63), Abdurahimov (G`anixonov, 63), Bezerra (Hakimov, 63).






