AsosiyJamiyat

“O`zbekfilm” yangi mahsulini taqdim etdi

Bugun Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida "O`zbekkino" Milliy agentligi buyurtmasi bilan "O`zbekfilm" kinostudiyasida suratga olingan "Tog`a" badiiy filmining premeraoldi namoyishi va film ijodkorlari ishtirokidagi matbuot konferensiyasi bo`lib o`tdi.

“Tog`a” filmida tasvirlangan voqealar o`tgan asrning saksoninchi yillari oxirida, Buxoro shahrida bo`lib o`tadi. Sanjar ismli sakkiz yashar bolakay yozgi ta`til paytida tog`asinikiga mehmonga borib, u erda bir muddat yashaydi. Uning tog`asi bo`lmish Jumash garchi quvnoq, hazilkash odam bo`lsa-da, yuragining bir chekkasi kemtik, ya`ni u bilan xotini befarzand edilar. Shu bois Jumash jajji jiyanini eru ko`kka ishonmay, doim o`zi bilan birga etaklab yuradi. Jumash ba`zan nojoiz ishlarga ham qo`l uradi. Lekin ohir-oqibat o`z xatolarini tushunib etib, Sanjarga hayotda halol yashash lozimligini uqtiradi. Sanjar kattalar hayotini kuzatish orqali o`zi uchun zarur xulosalar chiqarib oladi.

Yangi kinolentada rollarni Bobur Yo`ldoshev, Boris Gafurov, Nigora Karimboeva, Abbos Nig`monov, Feruza Sobitova, Ali Choriev, Ra`no Shodieva kabi aktyor va aktrisalar ijro etishgan.

Film ijodkorlari: ssenariy mualliflari - Rashid Malikov, Alisher Jumaniyozov, postanovkachi rejissyor - Rashid Malikov, postanovkachi operator - Umid Malikov, postanovkachi rassom - Mariya Soshina, kompozitor - Dmitriy Yanov-Yanovskiy.

    Boshqa yangiliklar