1

Muslimaning 7 bosqichdan iborat “taym menejmenti”

Hidoyat sari 11.01.2018, 16:06
Muslimaning 7 bosqichdan iborat “taym menejmenti”

Aksariyat odamlarning “Hech nimaga ulgura olmayapman” degan nolishiga qo`shilasizmi? Kunni cho`zib, ishni kamaytirib bo`lmaydi. Buning uchun taym-menejment ya`ni vaqtni boshqarishni o`zlashtirish kerak.

Ayrimlar bu muslima ayollarga nima uchun kerak deyishi mumkin. Ayol kishi uyda o`tiradimi, ishlaydimi vaqtidan unumli foydalana olsa, o`ziga oro berishga ham, ilm olishga ham, sog`lom turmush tarzi kechirishi uchun turli jismoniy to`garaklarga qatnashga ham vaqti etarli bo`ladi. Ayol kishi uyda o`tirsa qaramog`ida butun kun bo`ladi, lekin bu o`sha kundan unumli foydalana oldi degani emas. Undan tashqari, bugungi kunda muslima ayollarimiz o`qiydilar, ishlaydilar, bolalarini turli to`garaklarga olib boradilar. Bularga qo`shimcha ravishda uy yumushlarini qo`shsak, natijada o`sha yugur-yugur va vaqt tangligi kelib chiqadi.

Bunga echim topishda va xususan vaqtni boshqarishda bizga Mehribon va Rahmli Zot Alloh yo`l ko`rsatadi.

Avvalo, vaqtni tejash uchun nimani qisqartirish kerakligini bilib olsak. Ish va o`qish vaqtini qisqartirib bo`lmaydi. Unday bo`lsa uy va xo`jalikmi? Bularning barchasi bir-biriga bog`liq narsalardir. Unda barcha bosqichlarni ko`rib chiqsak.

1-bosqich. Niyat

Har bir ibodatli inson uchun asosiy shartlardan biri bu yaxshi niyat va Alloh nomi bilan ish boshlashdir.

2-Bosqich. Uy yumushlari.

Vaqtni tejovchi uy ishlari.

- ishlarni rejalashtirib olish kerak – kundalik va haftalik;

- har bir ishni ortga surmasdan belgilangan vaqtda bajarish lozim;

- boshqa yumushlarga chalg`imay ishlarni tezda qilish (ehtiyotkorlik bilan, jihozlarga zarar etkizmagan holda, o`zimizni kuchli toliqtirmagan holda);

-har bir narsani o`z joyiga qo`yish, doim o`z joyida bo`lishini nazorat qilish;

- vaqti-vaqti bilan uyni keraksiz jihoz va narsalardan xoli etib turish.

3-bosqich. Ovqat tayyorlash

Har doimgi ovqatlanish taomnomasini saqlab qolgan holda oshxonadagi vaqt sarflanishini qisqartirish.

  • haftalik tahminiy ovqatlanish taomnoma (menyu)sini tuzib olish;
  • uyda tayyorlangan yarim mahsulotlardan foydalanish – konservalangan, muzlatilgan, quritilgan mahsulotlar;
  • qaylali ovqat qilgan paytda qaylasini ko`proq qilib, faqatgina garnirini almashtirib turish;
  • oshxona jihozlaridan imkon qadar ko`p foydalangan holda vaqtni tejash uchun harakat qilish.
4-bosqich. Xarid

Vaqtni va pulni isrof qilishdan ehtiyot bo`lishda bizga quyidagilar ko`maklashadi:

  • avvaldan kerakli mahsulot va jihozlarning ro`yhatini tuzish;
  • ro`yhatdagi narsalarni xarid qilishga kerak bo`lgan bo`limlarga kirish, boshqalariga kirib vaqt sarflamaslik;
  • savdo majmualariga kirishdan oldin o`zimiz uchun taxminiy xarid vaqtini belgilab olish.
5- bosqich. Yordamchilarni jalb qilish

Imkon qadar oila a`zolaringizni yordamga chaqiring. Bu ham ishni osonlashtiradi hamda oilani jipslashtiradi.

6-bosqich. Vaqtni o`g`irlovchilar bilan kurashish

Vaqni eng ko`p va bildirmasdan o`g`irlovchi bu – televizor va telefon. Vaqtni isrof qiluvchi bu jihozlar bilan qat`iy kurashish kerak. Tashlab yuborish imkoni bo`lmagani uchun juda bo`lmaganda o`chirib qo`yish lozim. Bundan tashqari telefondagi uzoqdan uzoq keraksiz suhbatlardan, ijtimoiy tarmoqlar va hamma uchun o`ziga xos bo`lgan vaqt o`g`irlovchilardan xalos bo`lish kerak. Bulardan zarur bo`lgan paytda foydalanish lozim. Vaqtimizni zoe ketkazuvchilarga sarflaguncha, ilm olishga, kitob mutolaa qilishga, Qur`on o`qishga sarflashimiz dunyo va oxiratimiz uchun foydaliroq.

7- bosqich. Quvvatni tiklash

Dam olish juda ham kerak! Sog`ligimizni tiklash va go`zalligimizni saqlab turish uchun zarurdir. Yodda tuting: yaxshi, to`liq uyqu (6-8 soat atrofida) – jismoniy va aqliy sog`liqqa katta foyda. Haftaning aksar qismida tiniqib uxlab olishga harakat qiling.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Agar siz Allohning ne`matlarini sanaydigan bo`lsangiz ularning adog`iga eta olmaysiz». Vaqt ham Allohning ne`matlaridan biridir. Har bir o`tgan vaqtning ham savol-javobi bo`ladi. Shu tufayli vaqtdan unumli foydalanishni o`rganing. Vaqtning to`g`ri taqsimlanishi ishlashga, to`garaklarga, uy yumushlariya, hattoki sayr qilib, vaqtni chog` o`tkazisha ham imkon beradi.

Mohira Zufarova

tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1