Joriy yilning 6 fevral kuni futbol bo`yicha jahon chempionati Kubogi Toshkent shahridan ham olib o`tiladi. Bu haqida FIFA rasmiy saytida ma`lum qilindi.
Ma`lumki, mundial Kubogini davlatlar bo`yicha aylantirish turiga o`tgan yili 9 sentyabr kuni Moskva shahrida start berilgandi. Dekabr oyigacha u Rossiya hududlarini bosib o`tdi. Shundan so`ng u dunyoning 50 ta davlatini o`z ichiga olgan “sayohati”ni boshladi. Kubok shu yil may oyida, jahon chempionati boshlanishi arafasida mezbon mamlakatga qaytarib olib kelinadi.
Manbada aytilishicha, mazkur tadbir muxlislarga chempionat sovrinini yaqindan ko`rish, hatto uning oldida rasmga tushish kabi imkoniyatlarni taqdim etadi. Zotan, qolgan paytlarda Kubokning aslini faqatgina Syurixda joylashgan FIFAning Jahon futboli muzeyida, shuningdek, qur`a tashlash hamda mundial finalida tomosha qilish mumkin.






