Xususiy firma rahbariman. Faoliyatimiz davomida o`tkazilgan soliq tekshiruvi natijalaridan ko`nglimiz to`lmayapti, bunday holda qanday yo`l tutish mumkinligi bizni o`ylantirmoqda. Ana shunday paytlarda biz tadbirkorlar maslahat so`rab kimlarga murojaat etishimiz mumkin? Bizning manfaatlarimizni himoya qiladigan tashkilotlar bormi?
Aziz Nusratov, Buxoro viloyati
Ma`lumki, hozirgi kunda Respublikamizda O`zbekiston Respublikasining 21.09.2006 yildagi 55-sonli "Soliq maslahati to`g`risida"gi Qonuniga muvofiq, soliq maslahati tashkilotlari tadbirkorlik sub`ektlariga soliq qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan amaliy yordam berish bo`yicha o`z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
Soliq maslahati tashkilotlari o`z faoliyatlari davomida korxonalarda yuzaga keladigan soliqqa oid huquqbuzarliklarning oldini olish, soliq masalalarida xatar va muammolarni bartaraf etish ishlarini amalga oshirishmoqda.
Jumladan, sizning savolingizda keltirilgan masala yuzasidan hozirda respublikamizda faoliyatini keng miqyosda yuritib, tadbirkorlik sub`ektlariga bevosita soliq masalalarida yordam berib kelayotgan “Soliq kalkulyatori” soliq maslahatchilari tashkilotiga murojaat qildik. Mavzuga doir savollarga korxona direktori Murod Muhammadjonov ma`lumot berdi.
TEKShIRUV NATIJALARIDAN NOROZI BO`LSANGIZ...
— Soliq maslahatchilari tashkiloti Evropa soliq maslahatchilari konfederasiyasi kuzatuv a`zosi hisoblanib, ular bilan xamkorlikda ishlash davomida soliq maslahati bo`yicha jahon tajribalari amalga tatbiq etib kelinmoqda. Avvalom bor mushtariy murojaatidagi kabi holatlarga tushmaslik uchun tadbirkorlik sub`ekti tekshirishdan oldin yoki tekshiruv davomida soliq maslahati tashkilotiga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, tekshiruv yakunlanganidan keyin natijalardan norozi bo`lib soliq maslahatchilari tashkilotiga murojaat qilinganda, tadbikorlik sub`ektiga quyidagi amaliy ko`mak ko`rsatiladi:
- Avvalo tekshiruv materiallari, e`tirozning asosliligi o`rganiladi.
- Agar e`tiroz o`rinli bo`lsa, unda Soliq kodeksiga asosan tekshiruv yakunlanganidan keyin 10 ish kuni ichida tekshiruvni amalga oshirgan soliq organiga e`tiroz xati kiritilib, ushbu masala soliq organi rahbariyati huzurida muhokama qilinadi.
- Soliq organi rahbari tomonidan e`tirozlar tan olinganda tekshiruvga asosan qabul qilingan qarorda bu o`z aksini topadi. Agar muhokama qilingan masala inobatga olinmasa, soliq maslahatchilari tashkiloti tadbirkorlik sub`ekti nomidan soliq xizmati xodimlarining qarori ustidan tizimning yuqori turuvchi organiga yoki sudga murojaat qilib, huquqlarni oxirigacha himoya qiladi.
ShUNINGDEK
Soliq maslahatchilari o`z faoliyati davomida korxonalarga nisbatan soliq tekshiruvlarida qo`llanilgan jarima sanksiyalarni qayta ko`rib chiqib kamaytirish, jinoiy ishlarni oldini olish, imtiyozlarni qo`llash imkoniyatlari hamda soliq tekshiruvlariga tayyorlash ishlarini keng miqyosda olib boradi.
KO`RSATILADIGAN XIZMATLAR
Mazkur turdagi tashkilotlar tomonidan quyidagi xizmatlar ko`rsatiladi:
- soliq bo`yicha maslahatlar;
- soliqqa oid muammoli masalalarni huquqiy ekspertiza qilish;
- soliq auditi;
- korxonaning faoliyatini tiklash; soliq imtiyozlarini tadbiq etilishi bo`yicha maslahatlar berish; soliq to`lovchi nomidan sudgacha va sudlarda ishtirok etish;
- tuziladigan shartnomalarning soliq oqibatlarini baholash va soliqqa oid huquqbuzarliklarni oldini olish;
- korxonalarni soliq tekshiruvlariga tayyorlash;
- xalqaro soliq bitimlarini qo`llash bo`yicha amaliy yordam ko`rsatish (ikki yoqlama soliq solinishini oldini olish).
Soliq maslahatining boshqa xizmatlardan farq qiladigan o`ziga xos xususiyati shundaki, "Soliq maslahati to`g`risida"gi qonunga asosan soliq maslahati bo`yicha ko`rsatilgan xizmatlar oqibatida mijozga etkazilgan zarar uchun soliq maslahati tashkiloti javobgar bo`ladi. Ya`ni tekshiruvlar davomida qo`shimcha hisoblangan soliqlar, penya va jarimalar soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan qonunchilikka muvofiq qoplab beriladi.
Soliq maslahatchi mutaxassislari har bir mijoz faoliyatini chuqur o`rganib, uning soliq solishdagi o`ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda alohida yondashadi.
Ta`kidlash lozimki soliq maslahati to`g`risida qonunga muvofiq Soliq maslahatchilari hisobotidagi axborotlar sir saqlanadi va oshkor qilinishi taqiqlanadi. Shuningdek, soliq maslahatini amalga oshirayotgan shaxslardan ular soliq maslahati bo`yicha vazifalarini bajarishlari bilan bog`liq holda tayyorlagan hujjatlarning olib qo`yilishi yoki ko`zdan kechirilishi mumkin emasligi faoliyatning kafolati hisoblanadi.
“Soliq kalkulyatori” soliq maslahatchilari tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Soliq bilan muammo tug`ilgan jismoniy va yuridik shaxslar “Soliq kalkulyatori” soliq maslahatchilari bilan quyidagi raqamlar orqali bog`lanishlari mumkin: (+99895) 177 22 61