AsosiyShou-biznes

Kamoliddin Rahimov shogirdlaridan mamnun(mi?)

O`zbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimovni respublika miqyosida tanishadi, hurmat qilishadi. Bu hurmat va ehtirom o`z-o`zidan paydo bo`lmagan. Bu ustoz san`atkorning o`z ustida tinimsiz ishlagani,  mumtoz va milliy qo`shiqlarini maromiga etkazib kuylay olganligi, ijod yo`llarida mashaqqat chekkanligidan dalolatdir. Xalqimiz orasida “Ustozdan o`tmagan shogird shogird emas” degan gap bor. Xo`sh, bugungi kunda ustozning shogirdlarini uning izdoshlari deb bemalol ayta olamizmi?   

Muxbir:

  • Kamoliddin aka, Abdulla Shomag`rupovning ijodini ustoz sifatida qanday baholaysiz?
  • Shogirdlarni yonida maqtash kerakmas-u, ha, mayli (kulishadi). Shogirdim Abdullaning ijodi ma`qul. Abdulladan tashqari shogirdlarim juda ko`p. Ellik yildan ortiq qo`shiqchilik sohasida ijod qilgan bo`lsam, Namangan, Farg`ona va qo`shni viloyatlarda, qolaversa, poytaxtimizda mening qo`shiqlarimga muxlis bo`lib, ashula aytishga havas qilganlar juda ko`p bo`ldi. Balki bu juda ko`p emasdir. Bunga mening ijrochilik uslubim bir oz qiyinroq, ko`proq mahorat talab qilishi  sababdir. Shu bois ellik yil mobaynida yarq etib chiqqan shogirdlarim kamroq bo`ldi. Ularning eng yoshlari mana - Abdulla Shomag`rupov bilan Abduqahhor Jalilov.

Abdulla Shomag`rupov:

  • Avvalambor mana shunday ulug` ustozga shogird bo`lganimdan xursandman,  faxrlanaman.   Kamoliddin akani o`zbek milliy musiqa madaniyatimiz tarixidan o`rin olgan haqiqiy utsozlardan deb bemalol aytishimiz mumkin. Bundan o`ttiz, qirq yil ilgari kuylagan qo`shiqlari bugun ham iste`moldan tushmay, katta-katta tadbirlar, hashamlarda ijro etilib kelinyapti. Shu o`rinda men ham ustozning bir qator qo`shiqlarini ijro etishga harakat qildim. Xususan, “Parvona qilgansiz” qo`shig`i ko`pchilikka manzur bo`ldi.  Shu o`rinda men ham ustozning bir qator qo`shiqlarini ijro etishga harakat qildim. “Parvona qilgansiz” qo`shig`i ko`pchilikka manzur bo`ldi.  Shu qo`shiqni kuylamoqchiman deb ustozning yonlariga borganimda, ular dutor chalib ijro etiladigan bu qo`shiqni qanday aytishim kerakligini ko`rsatib berganlar. Qisqasi, ustoz Kamoliddin Rahimovni o`zbek mumtoz musiqasining katta bir arxivi desam mubolag`a bo`lmaydi. Shu o`rinda savolim ham bor edi. “Parvona qilgansiz”  qo`shig`ining o`z muallifi Sho`xiy domlani hayotda ko`rmaganmiz. Iloji bo`lsa ular haqida ma`lumot berib o`tsangiz...

Kamoliddin Rahimov:

  • Xudo rahmat qilsin, o`z taxallusi o`ziga yarashgan ajoyib, dilbar, sho`x yigit edi.  Ustozi yo`q, o`zi dutor chalib qo`shiq aytgan. “Parvona qilgansiz”ni ham o`zi o`rganganmi, yoki birov o`rgatganmi, bilmayman. Keyin unga bir oz sayqal berib, chiroyli nozu karashmasini joyiga qo`yib, o`zgartirib kuyladik. Keyin navbat senga etdi. Biz kuylagandan ham yaxshi chiqdi. Eshitib xursand bo`ldim. Shogirdlar ustozlarning ashulasini aytib chiqsa, xalqqa yoqsa, “zap, ashula bo`lipti-da, siz aytganingzda yodimda qolmagan bo`lishi mumkin, lekin Abdullajon aytganini eshitib miriqdim”, deyishsa xursand bo`laman. Abdullajon ham asta-sekin ijod qozonida qaynab boryapti. Xudo xohlasa undan xalqimizning, qolaversa, mening ham umidim katta. (Abdulla Shomag`rupovga yuzlanib): —Teleekranlarda Abdullajonni ko`rib, qo`shig`ini tinglab, o`zimning yoshligimni eslayman. Xalqimizning didiga mos shunaqa shogirdlarimiz ko`paysin deb niyat qilaman.  Bugunning tomoshabinida vaqt juda ham qimmat. Ilgari televizorda bitta kanal bo`lgan. Hozir besh, oltita kanal bor. Shular ichida “falon kanalni buragin, falonchi ashula aytyapti”, deyiladigan natijaga erishi kerak, bolam.  Bunga erishish uchun boya aytganimdek, xalqning, tomoshabinning qalbidan joy olish lozim.

Abdulla Shomag`rupov:

  • Rahmat ustoz. Bugungi kunda tadbir va konsertlar bilan bo`lib, tez-tez ustozdan xabar ololmayapman. Lekin qaerda bo`lsam ham, ularning o`gitlari, nasihatlari har doim men bilan. Ustoz bilan saksoninchi yillarda tanishganman. Lekin ungacha qo`shiqlarini tinglab, xirgoyi qilib yurganman. San`atga kirib kelishimga ham, ustozning ijodlariga  bo`lgan mehrim, qiziqishim sabab bo`lgan. Ustozning yoniga meni tog`am olib kelgan. O`shandan beri “ustoz-shogird” an`analarini davom ettirib kelyapmiz.  Xudoga shukr. Kam bo`lmayapmiz. San`at yo`li ustoz aytganlaridek, mashaqqatli, tinimsiz mehnat, izlanish degani. Ustozining yarimta gapiga chidolmasdan ketib qoladigan shogirdlar ham bor. Albatta, ular ko`p narsa yo`qotishadi. Ustozlar tanqidi biz uchun mevadek gap. Mana shuncha yildan beri Kamoliddin akadan biror-bir achchiq so`z eshitganim yo`q. Bundan keyin ham eshitmaslikka harakat qilaman. 

Kamoliddin Rahimov:

  • Chunki bizning hunarimiz qo`pollikni xushlamaydi. Torimizni ham  muloyimlik bilan chalamiz. Qatiq chalsak, simlari uzilib ketadi. Xuddi shu kabi shogirdlarni ham ko`ngliga botmaydigan tarzda, dunyoqarashiga qarab gapiramiz.

Abdulla Shomag`rupov:

  • Bugungi kunda san`at haqida ma`lumoti bo`lmay turib qo`shiq kuylayotganlarning qilayotgan mehnatiga, bir natijaga erisha olmayotganligiga achinaman...

Kamoliddin Rahimov:

  • Qo`shiqchilik san`atida albatta ma`lumotga ega bo`lish kerak. Agar ma`lumot olishga qurbi etmasa, biror bir ustozning etagini tutish lozim, ulardan foydalanish kerak. Izlanish, ko`plab ishlash, erinmay chalish darkor. Nafaqat o`z millatiniki, umuman, er yuzidagi barcha kuy-qo`shiqlardan xabardor bo`lish kerak. Ba`zi bir shoigrdlarimiz  “tayyoriga ayyor!”. Qaysi ashula xalqqa manzur bo`lsa, shuni aytadi-da, san`atini tirikchilik manbaiga aylantirib, o`n, o`n besh yildan so`ng sahnadan chiqib ketaveradi. Qo`shiq bilan ashulani, ashula bilan yallani, yalla bilan duetni farqlay bilish kerak. G`azal tanlab, ashula aytishdan avval ko`plab g`azallardan xabardor bo`lish lozim.
  •  
  • Ustoz bugungi kunda maqom an`anaviy ijrochiligi bo`lmini bitirib, zamonaviy estrada qo`shiqlarini kuylashyapti. Buning sababi maqom qo`shiqchiligi san`atining mashaqqatli ekanligidami? 
  • (O`ylanib) Xo`sh, buning bir nechta sababi bor. Aslida har bir ijodning, yoki kasbning o`ziga yarasha mashaqqati bor. Agar chin yurakdan, halol mehnat qilsa, o`sha kasbning mashaqatlariga duch keladi. Ana undan so`ng rohatini ko`radi. Har bir kasb egasiga avvalambor shu kasbga kirib kelgan paytida ustozlar tomonidan qo`yiladigan talablar bo`ladi. Birinchisi — sabr va qaonat. Yoshlarimizning maqomni bitirib, siz aytayotgandek zamonaviy estrada qo`shiqchiligiga o`zini urishiga sabab, maqom yo`nalishida ancha mashaqqat chekish, ana undan so`ng  ko`zlagan manzilga etib olishning o`zi qiyinroq-da.  Yoshlarimiz orasida ham zamonaviy, ham maqom yo`nalishida ijod qilayotganlari bor. Buni ko`rib  xursand bo`laman.

Abduqahhor Jalilov:

  • San`atkorlar har xil, avval she`r yozib, keyin unga musiqa bastalashadi. Yoki aksincha, musiqa bastalab, keyin unga she`rni moslashtirishadi.  Aslida ijodda qay biri to`g`riroq?

Kamoliddin Rahimov:

  • Xalq orasidan, qalbidan joy olgan yaxshi kuylar, musiqalarimiz bor. Lekin hammasini ham ommabop va muvaffaqiyatli chiqqan deb aytib bo`lmaydi. Mening nazarimda avval g`azal tanlab, shoir qalbidan chiqqan  nolasiga moslab kuy bastalanishi kerak. Masalan, o`zimga kelsak, “Rohat” nomli xalq kuyi bor. Musiqasini ustoz Turg`un Alimatov chalgan.. Ana shu kuyga men g`azal solib kuyladim. Undan avval ustoz rubobchi, bastakor Muhammadjon Mirzaev “Dil kuylasin” nomli kuylariga g`azal solib kuyladim. O`zlari eshitib, xursand bo`lganlar. Xonandalar orasida men hazm qilolmaydigan bir odat borki, ular tayyor g`azalni  boshqa kuyga solib aytishga urinadi. Javon to`la kitob-ku?! O`sha kitoblardan g`azal tanlab, o`zing aytaver. Aytilgan ashulani boshqa kuyga solib aytishing shartmi degim keladi ularga. 
  • San`atga endi kirib kelayotgan Nargiz “Nargiz” qo`shig`ingizni javob tarzida so`zlarini bir oz o`zgartirib kuyladi. Qo`shiq ko`nglingizdagidek chiqdimi?

Kamoliddin Rahimov:

  • Qo`shiqchilik sohasida shu ashulani men ham aytsam qandoq bo`larkin degan nuqtai nazardandir ehtimol, qizimiz Nargiz “Nargiz” qo`shig`ini kuyladi.  Balki  u qiz mening yo`nalishimni davom ettirmas, balki mening yo`nalishimda ijod qila olmas ham... Lekin u “Nargiz”ni chin yurakdan kuylaganligi uchunmi, xalqqa manzur bo`ldi. Shu ustaxonaga o`zi kelib, mendan ruxsat so`radi. Men mayli, aytaqolgin dedim. She`rining u yoq bu yog`ini  Valijon Shamshiev yozib beripti. Mening ijroimga bo`lgan mehr, hofizaning shu qo`shiqni yaxshi ko`rganidan bo`lsa kerak,  o`zining ijrosi ham chiroyli chiqqan. Omadini bersin!

— Shu qo`shiq xonanda Ravshan Komilov ijrosida qanday chiqqan deb o`ylaysiz?

  • (uzoq o`ylanib) Bir narsa deyishim qiyin...

P/S:  Kamoliddin Rahimov yaqin kunlarda muxlislariga  o`z yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi.

 Mohichehra EShMIRZAEVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar