O`zbekiston futbol federasiyasining xabar berishicha Samvel Babayan O`FF Ijroiya Qo`mitasi Byurosining 2018 yil 15 yanvardagi 3-sonli qaroriga muvofiq futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug`ullanishdan umrbod chetlashtirildi.
Samvel Babayan “Paxtakor” futbol klubida faoliyat olib borgan vaqtida futbolchilarning shartnomasi bilan bog`liq hujjatlarga noqonuniy o`zgartirishlar kiritgani aniqlandi. U jamoa tepasiga yangi rahbariyat kelayotganidan xabar topgach, klub bilan bitimi 2018 yil so`ngiga qadar bo`lgan futbolchilar shartnomasini 2017 yil qilib o`zgartirgan. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad — yil so`ngida erkin agentga aylanadigan futbolchilarni xorijiy klublarga sotib, moddiy manfaat ko`rish bo`lgan.
Aynan mana shu manfaat ta`sirida u mamlakatning bosh jamoasini ham ko`ngildagidek boshqara olmadi hamda futbolchilarga bo`lgan noxolis munosabati sabab, terma atmosferasiga salbiy ta`sir ko`rsatdi. Samvel Babayan termaga nomzodlarni saralab olishda asosan o`ziga ma`lum futbolchilar bilangina ishlagan hamda barcha klublarga teng munosabatda bo`lmagan. Shuningdek, tajribali murabbiy hamda mutaxassislarning fikr va tavsiyalarini inobatga olmagan.
O`FF Ijroqo`mi Samvel Babayanning 2018 yilgi Jahon Chempionatining saralash o`yinlari davomida tartib-intizomni yo`lga qo`ymagani, futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilmagani va ularni o`z holiga tashlab qo`ygani, ishiga mas`uliyatsizlarcha yondoshib, o`zbek futbolining yuzi bo`lgan milliy jamoa darajasini tushirib yuborganini ham inobatga olib, uning bu kabi noxolis faoliyati millionlar o`yini bo`lgan futbolga nisbatan xalqning noroziligiga sabab bo`ldi, deb hisoblaydi.
Ma`lum bir futbolchilarni xorij klublariga sotish va moddiy manfaat ko`rish maqsadida, garchi ularning saviyasi talabga javob bermasa ham, doimiy ravishda muhim o`yinlarda milliy terma jamoaning asosiy tarkibida maydonga tushirishni oqlash qiyin. Ayniqsa bu kabi ishlar bosh jamoa natijalariga salbiy ta`sir ko`rsatsa.
Bundan buyon O`zbekiston futbolidagi har bir murabbiy o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda mas`uliyatni chuqur anglagan holda, faoliyat yuritadigan jamoalarida tartib-intizomni yo`lga qo`yib, futbolchilarning holatini nazorat qilib borishi va natija uchun javobgarlikni his etishi talab qilinadi.
Futbol sohasidagi har bir murabbiy va mutaxassis faoliyati O`FF tomonidan asosli tarzda o`rganib chiqiladi va tegishli choralar ko`rib boriladi.






