Belgiya futbol federasiyasida Texnik bo`lim boshlig`i Kris van Puyvelde hamda hamda «Anderlext» futbol klubining Skautlar bo`limi boshlig`i Bekir Tedek O`zbekistonga keldi. Bu haqda O`FF rasmiy sayti xabar bermoqda.
Bugun Kris van Puyvelde o`z yordamchilari Bekir Tedek va O`zkilich Kemal bilan birgalikda O`zbekiston futbol federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashib, O`FF va Belgiya Futbol Federasiyasi o`rtasidagi bolalar-o`smirlar hamda ommaviy futbolni rivojlantirish bo`yicha hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish bo`yicha suhbat olib bordi.
Suhbat chog`ida O`zbekistonda bolalar-o`smirlar futbolini rivojlantirishning yangi modeli, rivojlantirish loyihasining 4 ta mintaqaga bo`lib, ularga alohida xorijlik texnik direktorlarni jalb qilish, O`zbekiston Futbol Federasiyasida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi futbolning rivojlanishini monitoring qiladigan va buning uchun javob beradigan Texnik direktor tayinlash, bolalar futboli va ommaviy futbolni rivojlantirish bo`yicha Belgiya taraqqiyot modelini va tajribasini O`zbekistonda tadbiq qilish, yurtimizdagi musobaqalar va futbol tadbirlarida skauting, ya`ni seleksiya ishlarini takomillashtirishda Belgiya va Evropa mamlakatlari tizimini yo`lga qo`yish, O`zbekistondagi iqtidorli va iste`dodli yosh futbolchilarni tanlab olib, Belgiya va Evropa mamlakatlarining katta futbol akademiyalari va professional jamoalariga yuborish masalalari xususida so`z bordi.
Belgiyalik mutaxassis 19 yanvarga qadar yurtimizda bo`lib, bolalar futbolini rivojlantirish, murabbiylar tayyorlash, seleksiya bo`yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishadi.
Shuningdek, Kris van Puyvelde «Paxtakor», «Lokomotiv», «Bunyodkor» stadionlariga tashrif buyurib, bu erdagi infratuzilma, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.






