1

Oila – saodat qasri

Hidoyat sari 18.01.2018, 15:05
Oila – saodat qasri

Oila insonning dunyoviy saodatini ta`minlovchi qo`rg`ondir.

Oilada doimo tinchlik va totuvlik davom etishi uchun eru xotin o`zlarining vazifa va burchlarini to`liq ado etib borishlari lozim.

Alloh taolo erkak kishini uning jismoniy va ruhiy jihatlari bilan oila rahbari bo`lishiga mos qilib yaratgan. Oila qurish va uning osoyishtaligini saqlash, bu yo`ldagi barcha sarf-harajatlar erkak kishining zimmasidadir. Shunday ekan erkak kishi asosan oilani har tomonlama mustahkam bo`lishi uchun mas`uldir.

Mana shunday buyuk va sharafli mas`uliyatlardan biri ahli oilasini nafaqa bilan ta`minlashdir. Demak, erkak kishining eng katta burchi o`z qarmog`idagilarni boshqalarga qaram bo`lib qolishiga yo`l qo`ymasligi ekan. Erkaklarning zimmasiga yuklatilgan ahli oilasining nafaqasi ularga farz hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi o`z qarmog`idagilarini nafaqasiz tashlab qo`yishi uning gunohkor bo`lishligiga kifoya qiladi”,deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Er bu vazifani o`zining umumiy iqtisodiy holatidan kelib chiqib bajaradi. O`z navbatida ayol ham eridan uning toqati etmaydigan narsalarni talab qilishi mumkin emas. Ulamolarimiz: “Erining topganiga qanoat qilmay, undan yanada ko`proq narsalarni talab qilgan ayollar gunohkor bo`ladi”, deyishgan.

Alloh taolo Qur`oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Boy kishi o`z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan(kambag`al) bo`lsa, u holda Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha)nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O`zi unga ato etgan (rizq)dan boshqa narsaga taklif etmas. Alloh tanglik (kambag`allik)dan keyin engillik(boylik)ni ham paydo qilur” (Taloq surasi, 7-oyat).

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishini ahli ayoli uchun sarf qilgan dinori Alloh yo`lidadir”, deganlar (Muslim rivoyati).

Erning oila rahbari bo`lishidagi asosiy omil ham ahli ayoliga infoq qilganidadir. Alloh taolo bu to`g`risida O`zining kalomida shunday deydi:

“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig`i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba`zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va erlari o`z oilasiga o`z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi, 34-oyat).

Oila sarboni bo`lgan er oilasiga boshpana, emoq-ichmoq, kiymoq kabi moddiy taraflarini mukammal ado qilishi, minnat va aziyat etkazmasligi va isrofga yo`l qo`ymasligi lozimdir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajlarida: “Ayollaringiz borasida Allohga taqvo qiling! Ular sizlarning huzuringizdagi Allohning omonatidir. O`zingiz eganingizda edirmog`ingiz, kiyganingizda kiydirmog`ingiz lozimdir”, deganlar (Termiziy rivoyati).

Erkak kishi ahli oilasi, farzandlari ehtiyojini qondirish uchun qilgan harakatlari evaziga Alloh taolo unga ajru savoblar ato etadi.

Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kishi ahli oilasi uchun qilgan nafaqasi infoqlarning eng ulug`idir”, deganlar.

Oilaga infoq qilish orqali Allohning huzuridagi ulug` maqomlarga ega bo`linar ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Er o`z ayoliga Alloh yo`lida bir luqma edirsa, ana shunda ham savobga ega bo`ladi”, degan ekanlar (Muslim rivoyati).

Er oilasi uchun nafaqa topib, uni ularga edirishida niyatini to`g`ri qilganligi bois, ulug` savoblarga ega bo`ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, musulmon kishi biror bir narsani Allohdan savob umid qilgan holda oilasiga infoq qilsa, o`zi uchun sadaqa bo`ladi”, deganlar (Muslim rivoyati).

Xulosa o`rnida shuni aytish mumkinki, Islom dini o`z ayoliga yaxshi munosabatda bo`lgan erkak kishini insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo`shadi. Shu bilan birgalikda oila rahbari bo`lmish er o`z ayolining ba`zi bir kamchiliklariga ko`z yumishga buyurib, oilani bardavom bo`lishini ko`zlab, ularga pandu nasihat qilishni tavsiya qiladi.

Maqal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir banda o`z zimmasiga Alloh tomonidan yuklatilgan mas`uliyatga beparvo bo`lsa, jannatning hidini hidlamaydi”, deya ogohlantirganlar.

Er o`z ayoliga u Allohning unga bergan omonati sifatida qaramog`i, farzandlarini e`tiqodli, axloqli, o`qimishli qilib tarbiyalamog`i lozimdir.

Alloh taolo jamiyatimizning asosi bo`lgan oilalarimizni saodatli qilsin!

Jaloliddin hoji domla Hamroqulov

"Novza" jome` masjidi imom-xatibi

Toshkent islom instituti kafedra mudiri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1