1

Yuz terisi qariyaptimi? Vitaminlar tanqisligi bor!

SUG'DIYONA 25.01.2018, 16:55
Yuz terisi qariyaptimi? Vitaminlar tanqisligi bor!

Biribiridan o`taman degan kosmetika vositalarining ishlab chiqaruvchilari, va`dani katta berishsada, doimiy natijani ta`minlay olishga qodir emaslar. Negaki, go`zallik muolajasi ichkaridan, ya`ni, organizmning muhim a`zolarida olib borilishi lozim. Ushbu vazifaning mas`uli esa vitaminlardir! Anglaganingizdek, darmondorilar taqchilligiga duchor bo`lsangiz, tashqi ko`rinishingiz puturdan keta boshlaydi.

Qo`l terisi quruqlashyaptimi?

Terida kollagen qoplamasini ishlab chiqaruvchi hamda teri elastiklik xususiyatini oshiruvchi A vitamini, qo`l va yuz terisi mayinligi uchun g`oyat muhimdir. Teringiz quruqlashib borayaptimi, bilingki, A vitaminining zahirasi tugagan. Shuningdek, ushbu darmondoriga ehtiyoj ortganida soch to`kilishi, tishlarning sinuvchan, milklarning esa bo`shashib ketishi kuzatiladi.

A vitamini bilan xafalashib qolmaslikni istasangiz, ovqatlanish rasionida sabzi, qovoq, baliq yog`i, tuxum sarig`i va sariyog` bo`lishini nazoratga oling. 2 osh qoshiq sabzi sharbatiga 1 osh qoshiq yog`li tvorog va 2 osh qoshiq smetanani aralashtirib, yuz va qo`l tersiga surtib olsangiz, tashqi taraflama A vitaminining foydasini ko`rasiz.

Qazg`oq bor deng...

V guruhi vitaminlari bu hushbichim qomat va teri tarangligining kafolatidir. Aynan ushbu darmondori organizmda moddalar almashinuvini yaxshilab, yog` yig`ilishining oldini oladi. Bel va qorin terisining burishib qolayotganidan tashvishdamisiz, V guruhi vitaminlarini yordamga chorlang.

Sochga qazg`oq tushishida ham V guruhi vitaminlarining «qo`li» bor. Aniqrog`i darmondori miqdorining sezilarli ravishda kamaygani, qazg`oqni paydo qiladi. Bug`doy kepagi, ko`katlar, dukkakli mahsulotlar, jigar, bodom va yong`oqni kanda qilmaslik, sizni ushbu muammodan qutqaradi. Ammo shugina bilan kifoyalanmang. 3 osh qoshiq bug`doy kepagiga 1 stakan qatiq yoki smetanani aralashtirib, nam soch tolasiga surting-da, boshni uqalang. 10-15 daqiqadan so`ng boshni iliq suvda chayib olasiz. Mazkur niqob haftada ikki marotaba qo`llanilsa, bosh terisi V vitaminiga to`yinadi.

Tirnoqlar sinuvchanligining sababi...

Kollagen sintezida ishtirok etuvchi, bo`g`imlar tuzilishini saqlab turilishiga yordam beruvchi va eng asosiysi qarilikni sekinlashtiruvchi C vitamini ayol organizmi uchun g`oyat muhimdir. Askorbin kislotasining etishmasligi teri ko`rinishiga ta`sir ko`rsatadi. Erta paydo bo`lgan ajinlar, soch to`kilishi, sinuvchan tirnoqlar, teri rangparligi – barchasi C darmondorisining taqchilligini anglatadi. Maslahatimiz, sitrus mevalari, maymunjon, qorag`at, pomidor va karamni kanda qilmang. Yangi yil dasturxonidan ortgan mandarinlardan esa quyidagi niqobni tayyorlab ko`rishingiz mumkin. 2 osh qoshiq sutda pishirilgan suli yormasi bo`tqasiga 3 osh qoshiq mandarin sharbati, bir choy qoshiqdan eritilgan sariyog` va asal aralashtiriladi. Niqob 15-20 daqiqaga yuzga surtilib, so`ng iliq suvda chayib olinadi.

Sinuvchan tirnoqlarning chorasi esa haftada bir marotaba iliq vanna muolajasini o`tkazishdir. Bunda sizga 1 litr iliq suv, 4 osh qoshiq kungaboqar yog`i, bir necha tomchi yod eritmasi kerak bo`ladi.

Tishlarim oppoq bo`lsin desangiz...

Organizmda metabolizm jarayonini boshqaruvchi, fosfor va kalsiy moddalarining singishini ta`inlovchi D vitaminining xizmati beqiyos. Aynan ushbu darmondori tishlarning sarg`aymasligi hamda ularning mustahkam bo`lishi uchun xizmat qiladi. Jigar, yog`li baliq iste`mol qilishga odatlanish D vitamini zahirasini to`ldirib turadi. «Tishlarim sarg`ayyapti-ku» deysizmi, u holda darmondoriga boy mahsulotlarni tanovul qilish barobarida, boshqa choralarga ham diqqat qarating. 3 osh qoshiq is`temol sodasi, 10 tomchi vodorod pereksi, 1 choy qoshiq limon sharbati va 3 ta faollashgan ko`mir donasini aralashtirib, qorishma tayyorlang. Tish chyotkasini aralashmaga botirib, tishlarni tozalab oling. Muolajani haftada bir-ikki marotaba o`tkazish, kifoya.

Endi dog`lardan cho`chimang!

Teridagi pigment dog`lardan halos bo`lishni istasangiz E vitaminiga boy mahsulotlarni iste`mol qilibgina qolmay, ushbu darmondori ishtirok etgan kosmetika vositalaridan ham foydalaning. Tuxum, sut – qatiq, kungaboqar yog`i, yong`oqlar, na`matak, organizmning E vitaminiga bo`lgan ehtiyojini to`ldiradi.

Yuz va qo`l terisidagi pigment dog`lar bilan kurashishda quyidagi niqobni sinab ko`ring. 2 osh qoshiq tvorog, 1-2 choy qoshiq zaytun yog`i va 5 tomchi E vitamini aralashtiriladi. Niqob muammoli teriga surtilgach, 15 daqiqaga qoldiriladi.

Yog`li teri muammosi

Yog` moddalari almashinuvini nazorat qiluvchi, shakar va yog`ni quvvat manbaiga aylantiruvchi RR vitaminisiz ichki a`zolar o`z vazifasini uddalay olmaydi. Natijada yuz terisi yog`lashishi kelib chiqadi. Eryong`oq, brokkoli karami, pishloq, xurmo, kartoshka ayni RR vitaminiga boydir. Teri yog`lashishiga qarshi eng oddiy chora bu tuxum oqini atalab, yuz terisiga surtish hamda vaqti – vaqti bilan ko`k choy yordamida kompress qilib turishdir.

Ular birbirini to`ldirib turadi

Soch o`sishi uchun V vitamini muhim hisoblanadi. E darmondorisi esa qonda kislorod aylanishini ta`minlaydi. C vitamini bosh terisidagi qon aylanishiga ma`sul. Shuningdek, u soch ildizinioziqlantiradi. A darmondorisi etishmovchiligida esa sochlar to`kila boshlaydi. Anglaganingizdek, barcha vitaminlar bir-biri bilan uzviy bog`liq. Shunday ekan, har birini me`yorla ushlashga harakat qiling.

Anora MAJITOVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1