1

Neft-gaz sohasi samaradorligi va istiqbollari muhokama qilindi

Siyosat 25.01.2018, 21:15
Neft-gaz sohasi samaradorligi va istiqbollari muhokama qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 25 yanvar kuni “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida geologiya-qidiruv va qazib olish ishlari samaradorligi, yoqilg`i materiallari bilan ichki ehtiyojni ta`minlashning ahvoli, tizimdagi istiqbolli vazifalar ijrosiga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma`lum qildi.

O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, neft-gaz sanoati sohasida ham qator o`zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi «Neft-gaz sohasining boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori bilan “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi takomillashtirildi.

Uglevodorod xom ashyosini qazib olishni ko`paytirishning 2021 yilgacha bo`lgan dasturi va uni amalga oshirish mexanizmlari tasdiqlandi.

Mamlakatimizda er osti boyliklari ko`p. Ularni o`zlashtirish va qayta ishlash bo`yicha yangi tizim yaratildi. Xo`sh, yurtimiz boyliklari xalqimizga qanday manfaat keltirmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

2017 yilda neft va gaz kondensati qazish, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo`yicha belgilangan reja bajarilgan. Lekin tarmoqda yillar davomida ko`plab muammolar to`planib qolgan.

Zaxiralar etarli darajada oshirib borilmagani sababli 2017 yilda tabiiy gaz qazish va neft mahsulotlari ishlab chiqarish prognozi etarli darajada bajarilmagan. Geologiya-qidiruv jarayonidagi burg`ilash hajmi bo`yicha prognoz 77 foizga bajarilgan. Agar bu ishlar to`liq ado etilganida zaxirani yanada oshirish mumkin bo`lar edi.

Shuningdek, ekspluatasion burg`ilash ishlari prognozi 49 foizga va qurilishi tugatilgan quduqlar soni prognozi 53 foizga bajarilgan, xolos.

Tabiiy gaz qazish quvvatlari hamda tarqatish tarmoqlarini modernizasiya qilish va ta`mirlash ishlari ham etarli darajada emas. Buning oqibatida gaz qazib olishdan boshlab, uni iste`molchiga etkazib berguncha ushbu tabiiy boylikning 6 foizi yo`qotilmoqda.

Prezidentimiz shu kabi kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilar ekan, uglevodorod zaxiralarini oshirish va qazib chiqarishni ko`paytirish borasidagi muhim vazifalarni belgilab berdi.

Geologiya-qidiruv ishlari davlat dasturiga muvofiq, yangi konlar ochish orqali 2018 yilda tabiiy gaz zaxirasini 57 milliard kub metrga, neft va kondensat zaxirasini 3,6 million tonnaga ko`paytirish zarurligi ta`kidlandi.

Joriy yilda 63 milliard kub metr tabiiy gaz, 3 million tonna neft va kondensat qazib olishni ta`minlash uchun 255 ta yangi quduq va 26 ta yangi texnologik ob`ektni qurish ishlarini yakunlash, 76 ta quduqni kapital ta`mirdan chiqarish lozimligi qayd etildi.

“O`zbekneftgaz” AJ tomonidan 2 milliard 756 million dollarlik 24 ta investisiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu mablag`lar Jizzax neftni qayta ishlash zavodini bunyod etish va zamonaviy texnologiyalar bilan ta`minlash, Qandim gazni qayta ishlash kompleksining 2-navbati va Qandim konlar guruhini jihozlash, Sho`rtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilg`i ishlab chiqarish, Surxondaryodagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida qidiruv ishlarini olib borish va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish kabi loyihalarga yo`naltiriladi.

Yig`ilishda mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investisiyalarning yarmidan ko`pi neft-gaz sohasi hissasiga to`g`ri kelishi, sarflangan har bir dollar iqtisodiy foyda keltirishi zarurligi ta`kidlandi.

Davlat manfaatlari nuqtai nazaridan, mahsulot taqsimlash kelishuvlari va qo`shma korxonalar shartlarini qayta ko`rib chiqish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Sohaning logistika yo`nalishlarini diversifikasiya qilish, xom ashyo importi va mahsulot eksporti narxlarining arzonroq bo`lishini kafolatlaydigan transport yo`laklari va tariflarini aniqlash, energiya iste`molini tejash va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalariga e`tibor qaratildi.

Gaz taqsimlash tizimi jismonan eskirgani va iste`molchilarga tabiiy gaz etkazib berishda yo`qotishlarga yo`l qo`yilayotgani tanqid qilindi. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yuqori va o`rta bosimli gaz taqsimot tizimini rivojlantirish, avtotransportlarni gazga o`tkazish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, iste`molchilarning energiya resurslaridan samarali foydalanish madaniyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Neft-gaz sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining kredit reytingini aniqlash ishlarini jadallashtirish bo`yicha ham vazifalar belgilandi.

Muhokama qilingan masalalar bo`yicha zarur hujjatlar qabul qilish va belgilangan chora-tadbirlarni o`z vaqtida amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1