1

Tanishing: 2018 – yil trendlari

SUG'DIYONA 26.01.2018, 09:12
Tanishing: 2018 – yil trendlari

Yangi yilning birinchi oyidanoq Parij moda haftaligiga «start» berildi. 2018 yilda qaysi ranglar ommalashishi-yu, qay bir bichim urfga kirishini bilmoqchi bo`lsangiz, jahonga mashhur dizaynerlardan eshitgan qaynoqqina yangiliklarimizga diqqat qiling.

Qizil charmga nima deysiz?

Dizaynerlarning ta`biricha, bahorga yaqin qizilcharmdan ishlangan plashlar ommalashar ekan. Shuningdek, ushbu tusdagi qayiqchali tuflining ham bozori chaqqon bo`ladi, deganlar yo`q emas.

Yil rangi – siyohrang!

Och, to`q, jilosiz, tovlanuvchi – siyohrang tusli matodan tikilgan ko`ylak yo kardiganga ko`zingiz tushdimi, xarid qiling. Qishning so`nggi oylari hamda erta bahorda siyohrang matoli klassik shimlar ham urfga kiradi.

«Baxroma»

Bundan 8-10 yillar oldin urfda bo`lgan matoli uzun shokildalar yana podiumga qaytmoqda. Ko`ylakning etak qismiga ulangan shokildalar endilikda kundalik obrazda ham qo`llanishi mumkin. Bundan tashqari, plash va kardiganlarning bel qismiga taqiladigan alohida bog`ichli turlari ham ishlab chiqarilmoqda.

Leopard printini eslaysizmi?

80-yillarda «yulduzlik» onlarini boshdan kechirgan leopard printli mato bu mavsum yangi ranglarda qaytmoqda. An`anaviy jigarrang va qaymoqrang tusli naqshlar endilikda sariq, qora va qizil tus oladi. Moda ijodkorlari qishning so`nggi oylariga qadar ushbu print ommalashishini aytib, bahor – yoz oylarida yupqa matoga tushirilgan nusxalari ham taqdim qilinishini aytishmoqda.

Yorqin pushti debmidingiz?..

Shu rangdagi qalin sviter qishning sovuq kunlari garderobingizda etakchilik qilsa, ko`klamga yaqin yorqin pushti rangli plash, engsiz kardigan va pidjak xarid qilishingiz mumkin. Darvoqe, yil rangi deya tanlangan siyohrangdan so`ng to`q pushti tuslari ikkinchi o`rinni egallamoqda.

Bichimlar soddalashmoqda...

Old o`yindig`i dumaloq yoki to`rtburchak shaklda ishlangan, tizzadan tushib turuvchi ko`ylaklar, dizaynerlar tilida «eng maqbul bichim». Bu yil murakkab andozalardan foydalanilmaydi. Negaki, moda ijodkorlari jismoniy faollik uchun har tomonlama qulay liboslarni ixtiyor etishmoqda. Bundan tashqari, 2018 yil trendlari orasida kundalik obrazning oqshom qiyofasi sifatida qo`llanishi ham ko`zda tutilgan.

Pop – art

Mashhur rassomlar yaratgan asarlar, kassabop filmlar, Gollivud aktyor – aktrisalarining suratlari tushirilgan matoning qavilgan uslubda yig`ilishi – pop – art deyiladi. Yil davomida ushbu uslub yopinchiqlar, engli kardigan va uzun ko`ylaklarda ko`zga tashlanishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1