1

Sheril Kara Cendberg. Milliarder xonimning haqiqatlari

SUG'DIYONA 30.01.2018, 13:28
Sheril Kara Cendberg. Milliarder xonimning haqiqatlari

Sheril Kara Sendberg amerikalik mashhur biznes-vumen, milliarder xonim. Uning «Іech qachon olg`a odimlashdan cho`chimang: ayol, karera va liderlikka intilish» deb nomlangan kitobini o`qisangiz, biznesda va umuman hayotda yutuqlarga erishish biz o`ylaganchalik qiyin emasligini tushunasiz. Ushbu bestsellardagi ayrim fikrlarni ona tilimizga o`girdik va bugun uni sizga ilinmoqchimiz.

«Erta turing, uyga kech qaytmaysiz»

— Men «Google»dan «Facebook»ka ishga o`tishda rosa qo`rqqanman, ochig`i. Negaki, eski ishimda savdo masalalariga javobgar edim. Shu bois butunboshli kompaniya mas`uliyatini zimmamga olish vahimali tuyulardi. Ammo nailoj, bildirilgan ishonch hurmati taklifni rad etolmadim, bor kuchimni yig`ib, «Facebook»da faoliyat boshladim. Bilasiz, ushbu ijtimoiy tarmoqqa odamlar, asosan, kechqurunlari kirishadi. Mening esa kompaniyadagilar bilan kechgacha ishda qolib ketishga, bolalar, uy-ro`zg`or yumushlarini tashlab qo`yishga haqqim yo`q. Xo`sh, nima qilmoq kerak? Astoydil o`ylab, buning ham yo`lini topdim: ishga erta kelish, o`zim istagan vaqtda unumli ishlash va soat oltiga qolmay uyga ketish... Shu tariqa ro`zg`or tashvishlarini tindirgach, internet orqali yana ishlashda davom etadigan bo`ldim. Kun tartibim hozirgacha shunday.

Odamlar esa mana bu tarzda yo`l tutishadi: ishda soat 9.00 dan 6.00ga qadar o`tirsam, bas, haqimni halollab olaveraman. Bu bilan ish bitmaydi, axir! Sizdan nimani so`rasalar, shunigina bajarishga tirishsangiz, o`zingizda qandaydir yangi fikrlar, intilishlar bo`lmasa, hech nimaga erisholmasligingiz aniq. Qachonki, biz o`zimizga nima kerakligini aniqlab olsak va shundan kelib chiqqan holda ish yuritsakkina, ayol kishi bo`lishimizga qaramay, omadga erishamiz. Іamma gap ish uchun vaqtni to`g`ri taqsimlay bilishdadir. Shaxsan men oilamga ham, sog`ligimga ham, ishimga ham vaqt ajrata olaman.

«Nega ayollar O`Ziga ishonmaydi?»

«Google»da ish boshlagan kezlarim qo`l ostimda bor-yo`g`i 4 kishi ishlardi. Oxirgi yillarda esa xodimlar soni 4 000 nafarga etdi. Yodimda, o`sha paytlar ofisimdan erkaklarning qadami uzilmas, ular qabulimga yozilib, nuqul mana bu mazmundagi gapni aytishardi: «Men yangilik istayman! Іindistonda ochilayotgan ofisimizga yuborishingizni xohlardim...» Ayollar esa bunday emasdi, ularni har doim yangilikka undardim va bunga javoban, ko`pincha, mana bu gapni eshitardim: «Mening hali o`qishim bor...» «Buni uddalay olamanmi, yo`qmi, ko`zim etmayapti...» «O`rgangan ishimni qilaverganim ma`qul, yangisiga kuchim etmaydi, deb qo`rqaman...» Rosti, faoliyatim asnosida biror erkakdan shunday javobni eshitmadim. Erkaklar uchun liderlik, boshqaruv, obro`-e`tibor suv va havodek zarur. Ularda shunday tushuncha borki, erkak kishi qanchalar omadli, tajribali bo`lsa, uni shuncha ko`p sevishadi, qadrlashadi. Ayolni esa buning uchun rag`batlantirishmaydi. Qaytaga ayollar ham, erkaklar ham — barcha birdek bunday ayolni yoqtirmaydi, yoqlamaydi. Ammo ayni shakldagi munosabatdan qo`rqmaslik kerak, deb o`ylayman. Cho`chidingmi, boy berasan! Yaxshisi, bunday paytda gender tengligi haqida o`ylaylik...



* «Ish qidiryapsizmi? Unda o`zingizga mos ish topa olishingizga yurakdan ishoning. Ana shunda hayot sizga ajoyib sovg`alar taqdim etadi!»

* «Hech qachon umidsizlanmang! Yana va yana harakat qilishdan to`xtamasangiz, o`ylagan hamma niyatlaringiz amalga oshadi!»

* «Borayotgan manzilimiz tep-tekis, sip-silliq yo`ldan iborat emas. Bu haqiqatni tan olmasak, katta imkoniyatlarni boy beramiz…»

* «Karera zinapoya, deyishadi, men esau shunchaki jungli o`rmonlariga sayohat, degan bo`lardim!»

«Jim turgan yaxshi, jur`at esa undan ham»

Ish va shaxsiy hayot o`rtasidagi me`yor haqida ayol kishi juda yoshlikdan o`ylay boshlaydi. Masalan, bizning avlodni mana bu shior ostida tarbiyalashgan: «Ayol kishi eri, oilasi uchun har qanday qurbonlikka, qiyinchilikka, mashaqqatga tayyor turishi kerak». Bu gapda jon bor, albatta. Lekin hamma narsaning ham me`yori yaxshi. Masalan, o`zim, qurbonlikka tayyor turish g`oyasi bilan ulg`ayganim uchun bir vaqtning o`zida ham karera va ham oila poydevorini mustahkamlashga intilishni, hatto xayol qilolmasdim. Ishda qanday taklif bo`lmasin, eplay olmasam-chi, degan qo`rquv bor jur`atimni o`g`irlardi. Keyinroq o`zgardim.

Tan olish kerak, o`z kuchiga ishonmaslik — omadli ayollarning ham og`riqli nuqtasi. Chunki biz, ayollar hamisha omadimizni tasodifiy, aslida, bu darajaga unchalik ham loyiqmasman, deb bilamiz. Mana, masalan, men: Garvard diplomini qo`limdan tortib olishayotganini necha marta tushimda ko`rganman... Erkaklar-chi? Ulardan bir so`rab ko`ring-a, omadga qanday erishganliklarini! Bari hech ikkilanmay o`z kuchim bilan erishganman, deb javob beradi. Ayol kishi esa «Yordam berishgan», «...ko`magida», «falonchi tufayli» qabilida fikr bildiradi.

Men, meni shunchaki «biznes-vumen», deyishlarini yoqtirmayman. Chunki barcha yutug`imga o`z mehnatim bilan erishdim. Shuning uchun ham tan olinishni, eng omadli, eng taniqli tadbirkor ayol sifatida dovrug` qozonishni istayman! Ish va biznesda faoliyat ko`rsatayotgan aksariyat xotin-qizlar jim turishni, shunchaki oqim bo`ylab suzishni ma`qul ko`rishadi. Ularning fikricha, hech kimning e`tiborini tortmaslik eng xavfsiz usul.Ammo bu strategiya hamisha ham to`g`ri bo`lavermaydi. Biz o`zimizni himoya qila olishimiz, oldinga tomon intilishlarimizga xalal berayotgan to`siqlarni jur`at bilan enga bilishimiz kerak.

«Kamchiliklarimizni tan olaylik...»

— Ishbilarmon ayol mana bu odatga doim amal qiladi: turli tadbirlarda qo`lni baland ko`tara bilish va konferensiyalarda ko`zga yaqin erda o`tirish. Men ko`p kuzataman, ayollar shunday paytda tashabbusni juda tez qo`ldan berishadi, o`zgalarning birinchi o`ringa chiqib olishi uchun o`zlari istamagan holda sharoit yaratishadi. Ammo biz o`zimizning kimligimizni ko`rsatmoqchi bo`lsak, har qanday hayajonni engib, fikrimiz, takliflarimizni aytishimiz kerak. Ana shunda g`oyalarimizni inobatga oluvchilar topiladi, bizga e`tibor qaratishadi. Aks holda bir burchakda o`tirganimizcha qolib ketaveramiz...

Biz, ayollarning yana bir kamchiligimiz, hamma narsani bir vaqtning o`zida bajarishga intilishimiz, har qanday og`ir mas`uliyatni zimmamizga olishimizdir. Axir, bu mumkin emas. Uyda ham, ishda ham barini birdek a`lo bahoga uddalab bo`lmaydi. Hamma yumushni bir vaqtning o`zida bajarishga kirishish, o`zgalarning ham vazifasini bajarishga tirishish barcha umidlarni puchga chiqaradigan eng qisqa yo`ldir. Shu haqda o`ylar ekanman, turmush o`rtog`imdan minnatdor bo`laveraman. U meni har tomonlama qo`llagan, yutuqlarga erishishimga to`sqinlik qilishni istamagan, mustaqil fikrim va qarashlarimni doim hurmat qilgan. Uning o`zi ham tadbirkor, etarlicha ishi, tashvishi bor, shunda ham menga oson bo`lishini istaydi, uydagi ko`pgina tashvishlarni o`zining elkasiga ortadi. Gapning rosti, ayol kishi eri qo`llab turganini his qilsa, oilada ham, ishida ham doim mamnun yuradi, barcha o`ylagan rejalariamalga oshadi. Shu ma`noda aytmoqchimanki, ro`zg`orning yukini er-xotin baravar tortishi, mas`uliyatni baravar his qilishi kerak. Ana shunda oilada baraka bo`ladi, ziddiyatlar, omadsizliklar, kelishmovchiliklar, ajralishlar kamayadi.

Muborak ANVAR qizi tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1