Axborot-kommunikasiya texnologiyalari negizida yangi xizmat turlarining joriy etilishi va yanada rivojlantirilishi, ATSni raqamlashtirish darajasining oshirilishi, mobil va internet aloqasi xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar sonining ko`payishi aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmining 23 foizga, kompyuterli dasturlash xizmatlari hajmining 16,8 foizga oshishini ta`minladi.
Xususan, 2013-2020 yillarda telekommunikasiya texnologiyalarini, aloqa tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning I choragida zamonaviy texnologiya asosida keng miqyosda foydalanish uchun 150 kilometrdan ortiq optik tolali tarmoqlar bunyod etildi.
ZiyoNET elektron portali kutubxonasida joylashtirilgan ta`lim axborot-resurslarining umumiy miqdori 75 mingdan ortdi. Raqamli televideniega bosqichma-bosqich o`tish aholini raqamli televidenie bilan qamrab olish darajasini 45 foizgacha etkazish imkonini berdi.
Bu haqda O`zbekiston respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo`mitasining qo`shma hisobotida ma`lum qilingan. Hisobotning to`liq matni bilan O`zAda tanishish mumkin.





