AsosiyJamiyat

Chustda 100 nafar xotin-qiz ishli bo`ldi

'Chustda 100 nafar xotin-qiz ishli bo`ldi'ning rasmi

Namangan viloyati Chust tumanidagi “Chust O`ktamjon servis” tikuvchilik korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo`lmoqda.

Sanobar Tojiboevaning oilaviy tadbirkorlik biznes rejasi negizida vujudga kelgan korxonada ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turi yildan-yilga ortayotir, deb yozadi O`zA.

Dastlab, o`z xonadonida to`rtta tikuv mashinasi va sakkiz nafar chevar bilan faoliyat boshlagan tadbirkor puxta o`ylangan biznes reja asosida ish yuritdi. Chust tumani Do`zanda mahallasidagi foydalanilmay turgan ikki qavatli binodan bir qismini ijaraga olib, tikuvchilik korxonasi tashkil qildi. Asosan bolalar va o`smirlar ichki kiyimini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada 40 dan ziyod ish o`rni yaratildi. Chust shahri, Karnon, Karkidon, Varzik, Toshqo`rg`on qishloqlaridan malakali tikuvchi xotin-qizlar ish bilan ta`minlandi.

Korxona tashkil etilganidan buyon o`tgan besh yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo`lida yaratilgan keng imkoniyatlar, iste`mol bozorining talab va takliflari asosida ish yuritilishi tufayli mahsulot turi va ishlab chiqarish hajmi muntazam ortib bordi. Ayollar va erkaklar uchun ham kiyim-kechak ishlab chiqarila boshlandi. Bugungi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi 20 dan oshdi. Qisqa muddatda eksportchi korxonalar qatoridan joy oldi. O`tgan yili 400 ming dona mahsulot ishlab chiqarildi va oxirgi oyda dastlabki eksport amalga oshirildi. Rossiya davlatiga shartnoma asosida 36 ming dollarlik mahsulot sotildi.

– Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e`tibor kuch-g`ayrat bag`ishlab, faoliyatimizni yanada kengaytirishga undamoqda, – deydi S.Tojiboeva. – Joriy yil yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili, deb e`lon qilingani ham biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Yaqinda “Asaka” bankning 1 milliard 500 million so`mlik krediti ko`magida Xitoydan 100 zamonaviy tikuv, bichuv va dazmollash dastgohi keltirib, o`rnatdik. Bu ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, eng muhimi, 100 nafar xotin-qizni ish bilan ta`minlash imkonini berdi.

    Boshqa yangiliklar