O`zbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 6 fevral kuni «Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida» PQ-3512 sonli qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda Bojxona qo`mitasi axborot xizmati.
Qaror jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tishni tartibga solish, bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazish sharoitlarini umume`tirof etilgan jahon standartlariga muvofiqligini ta`minlash, bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish, shuningdek bojxona chegarasini kesib o`tadigan jismoniy shaxslar uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qabul qilindi.
Qaror bilan jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to`lovlari undirilmaydigan quyidagi cheklangan me`yorlari tasdiqlandi. Unga ko`ra:
O`zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o`tganda – 2000 (ikki ming) AQSh dollari miqdorida;
O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o`tganda – 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdorida;
O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi avtomobil yo`li (piyodalar yo`li) o`tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o`tganda – 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdorida;
xalqaro pochta va kurerlik jo`natmalari orqali jismoniy shaxslar manziliga kelayotgan tovarlar uchun bir kalendar oy mobaynida – 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdori belgilandi.
Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to`lovlari undirilmaydigan cheklangan me`yorlari doirasida tovarlar olib kirilganda ularni yozma deklarasiyalash talab etilmaydi.
Shuningdek, jismoniy shaxslar 3 000 AQSh dollarigacha qiymatdagi tovarlarni bojxona deklarasiyasi taqdim etmasdan olib chiqishlari mumkinligi belgilandi.
Ammo, ayrim turdagi tovarlar uchun olib chiqishning quyidagi me`yorlari tasdiqlandi:
guruch – 3 kg.gacha, non mahsulotlari – 5 kg.gacha, go`sht va go`sht mahsulotlari – 2 kg.gacha, shakar – 2 kg.gacha, o`simlik yog`i – 2 kg.gacha, shuningdek yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalar – 40 kg.gacha.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan ayrim turdagi tovarlarning bojxona to`lovlari undirilmaydigan olib kirish me`yorlari ham belgilandi. Xususan:
Alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 g.gacha.
Shuni unutmaslik kerakki, mazkur tovarlarni olib kirish chog`ida uning qiymati fuqarolarning xalqaro aeroportlar, temir yo`l, daryo o`tkazish punktlari yoki avtomobil yo`lida joylashgan o`tkazish punktlari orqali harakatlanishiga bog`liq ravishda mazkur qarorda belgilangan bojxona to`lovlari undirilmaydigan cheklangan me`yorlar doirasida amalga oshiriladi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 6 dekabridagi «Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PF-5276-son Farmoni bilan jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibini soddalashtirilgan edi.