Andijon viloyati Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi faoliyati yuzasidan olib borilgan o`rganishlar natijasida tuman tibbiyot birlashmasi tizimida faoliyat yuritib kelayotgan ayrim rahbar xodimlar aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish, profilaktika tadbirlarini olib borish, shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish kabi dolzarb vazifalarni qoniqarsiz bajarib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Sog`likni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
Shu munosabat bilan Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi tizimidagi 8 nafar rahbar xodim vazifasidan ozod etildi. Ular: birlashma boshlig`i Q.Sayidumarov, birlashma boshlig`ining davolash ishlari bo`yicha o`rinbosari Q.Mamadaliev, QVP koordinatori A.Miskinova, ko`p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri D.Dehqonova, shoshilinch tibbiy yordam bo`limi mudiri T.Tojiboev, jarrohlik bo`limi mudiri M.Yunusov, tez tibbiy yordam mudiri N.Mamadalieva, terapiya bo`limi mudiri M.Teshaboeva.
Viloyatdagi har bir davolash muassasasi rahbariga xalq roziligi va aholi manfaatlari yo`lida shaxsiy javobgarlikni his qilib ishlash, birlamchi tibbiy xizmatga bo`lgan ehtiyojni sifatli va samarali qondirish kabi muhim vazifalar tushuntirildi.