Rishtonlik tadbirkor Dilshod Boltaboev shahar markazidagi dehqon bozori hududida hokimligidan ruxsatnoma bilan o`z hisobidan xalq kutubxonasi ochgan va hashar yo`li bilan kengaytirilgan. Tadbirkorning o`zi ham kutubxona uchun joy ajratilishida bevosita ko`maklashgan Rishton tumani hokimi G`ayratali Mamadalievga minnatdorlik izhor etgan edi.
Biroq bugun Dilshod Boltaboevning Feysbukdagi sahifasida kutubxona buzilishi mumkinligidan xavotirlanib Prezidentga nomiga yozilgan ochiq xat (iltimosnoma) paydo bo`ldi. Ushbu Iltimosnomani to`liq holda havola etamiz:
"O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga Farg`ona viloyati Rishton tumani Miskin MFY Ehtirom ko`chasi 23-uyda yashovchi hunarmand tadbirkor Dilshod Boltaboevdan ochiq xat (iltimosnoma)
Ota-onam nafaqadalar, men esa Rishton tumani dehqon bozorida tunuka va pechka mahsulotlari savdosi bilan shug`ullanaman. Bozor hududida qonuniy joyimda sentyabr oyida kitob va kitobxonlikni targ`ib qilish maqsadida qarorlaringizdan ilhomlanib bozorga o`z kutubxonamdan kitoblar olib chiqdim. Keyin internetdagi do`stlarimga iltimos qildim. Kitoblar yog`ilib kela boshlagandan so`ng, Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Alisherjon va Rishton tumani hokimi bilan suhbatlashib, ulardan ruxsat olib, o`z do`konimdan 12 kv. metr joyida qurilish ishlarini boshlab, 25 kunda zamonaviy "Roshidoniy" xalq kutubxonasini qurib bitkazdim. Kutubxona ochilganiga uch oy bo`lgan bo`lsa, kitoblar soni 1500 donadan oshdi. O`qilgan kitoblar, o`quvchilar soni 1000 dan oshdi.
Bu qurilishga barcha yurtdoshlarim xayriya aksiyasi qilib pul berishdi, men esa hammasini shu kutubxonaga sarf qildim.
Kecha Rishton tuman hokimi yonida o`tirib buyruq olgan qurilish arxitektori boshlig`i tongda tuman IIB, tuman yong`in xavsizligi bilan chiqishib "Sen noqununiy qurding", deb obro`yimga putur etkazdi. "Kechagina yonlarida eshitdingiz-ku, hokimni gapini", desam ham tan olmadi. Keyin yangi Rishton tuman xokimini yonlariga kirdim va 30 mln.dan ortiq pul sarflaganimni aytdim. Ular "Boshqa joydan joy berib, kredit beraman", dedilar. Men "Boshqa joyga borolmayman va u joyni qurishga berilgan kreditni to`lolmayman, garovga qo`yishga xech nimam yo`q. Har kuni o`quvchilar kitoblar olib ketishmoqda. Bir kunda 20-25 dona ketadi, albatta bepul tarqatyapman, yonida do`konchamda savdo qilyapman. Sizdan iltimos, shu joyim buzilmasligi uchun o`quvchilar va o`z nomimdan o`tinib so`rayman, buzishmasin. Hech qanday yong`inga va hakozolarga halaqit qilmaydi", dedim.
Kutubxonanani Rishton tumani hokimligining hech qanday yordamisiz qurgan edim.
Sizning "Jaholatni ma`rifat bilan engamiz", degan so`zlaringiz doim qulog`imda jaranglaydi. Iltimos, o`tinib so`rayman, kutubxonani buzishmasin. Yordam bering.
Qishloqda kutubxona bor, lekin, sharoiti yo`q. Ham masofa uzoq, u erga hech kim bormaydi. Men qurgan bepul kutubxona bozor ichida. Bozorga yumush bilan kelgan odam olib ketyapti, albatta, bepul.
Hurmat bilan, Dilshod Boltaboev".