Toshkent viloyati IIB YHXB hamda YoXB xodimlari tomonidan 57 ta avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shaxobchalarida (shundan 3 tasi propan gaz quyuvchi va 54 tasi metan gaz quyuvchi) amaldagi texnik reglamentga va yong`in xavfsizligi hamda harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etish, fuqarolar xavfsizligini ta`minlash yuzasidan shaxobcha mas`ul xodimlari hamda shaxobchaga kelgan transport vositalari haydovchilari bilan profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
Tadbir davomida shaxobcha operatorlari, gaz quyuvchi xodimlar hamda haydovchilarga gaz ballonlarga 19,6MPa (200 kg/sm2) dan yuqori bo`lgan bosimda gaz qo`ymaslik, ruxsat etilmagan qo`lbola usulda yasalgan va sinovdan o`tmagan gaz ballonlarga hamda foydalanishdan chiqarilgan “kapron” gaz ballonlariga gaz qo`ymaslik, gaz quyish uchun shaxobchaga kirayotgan har bir transport vositasini shaxobchaga kirishdan oldin to`xtatish va gaz ballonini o`rnatilgan qoidalar bo`yicha talabga javob berish-bermasligi hamda uning hujjatlarini to`liq tekshirish, transport vositasini shaxobchaga kirishdan oldin undagi barcha yo`lovchilarni tushirib, belgilangan joyda kutib turishlarini qat`iy yo`lga qo`yish va nazorat qilish kabi masalalarda tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, haydovchining gaz uskunalaridan foydalanish bo`yicha bilim va ko`nikmalarini o`rganish davomida Yuqorichirchiq tumanidagi “Parvoz Invest” MChJga tegishli bo`lgan gaz quyish shaxobchasiga gaz quyish uchun kelgan haydovchi G`.Nurmatov boshqaruvidagi “GBASPG-Gaz-31029” rusumli, 10 X 558 JA davlat raqam belgili transport vositasiga hozirda foydalanish muddati tugagan 2 dona 50 litr xajmlik gaz balloni o`rnatib olinganligi aniqlanib, holat yuzasidan haydovchi G`.Nurmatovga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo`yildi.
Xuddi shunday Toshkent tumanidagi “Avaton gaz” MChJga tegishli gaz shaxobchasiga gaz quyish uchun kelgan haydovchi Z.Amonov boshqaruvidagi 80 S 771 LA davlat raqam belgili transport vositasiga foydalanishdan chiqarilgan SPG-2 turidagi (kapron) ballon o`rnatilganligi aniqlanib, haydovchi Z.Amonovga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, Chinoz tumanining avtomobil yo`llarida o`tkazilgan tadbirlar davomida, haydovchi B.Alimbekov boshqaruvidagi “Vaz-2109” rusumli, 20 N 218 DA davlat raqam belgili transport vositasiga SPG-2 turidagi (kapron) balloni o`rnatilganligi, haydovchi A.Umarov boshqaruvidagi “Vaz-21063” rusumli, 01 Y 690 G`A davlat raqam belgili transport vositasiga gaz balloni o`zboshimchalik bilan o`rnatilganligi aniqlanib, ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi hamda transport vositalari vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati