O`zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag`ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi, deya xabar qilmoqda O`zA.
Tadbirda Sok universiteti, Tokio san`at universiteti rahbarlari, professor-o`qituvchilari va talabalari, "Yaponiya-O`zbekiston" do`stlik uyushmasi a`zolari hamda Yaponiya ijtimoiy-siyosiy doiralari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Yaponiya oliy ta`lim muassasalari professorlari mumtoz adabiyotimizning atoqli namoyondasining ijodidan parchalar o`qidi. Tokiodagi Soka universitetining bosh maydonida o`rnatilgan Navoiy haykali poyiga gul qo`yildi.
Tadbirda ta`kidlanganidek, ulug` shoirning ijodiy merosi o`zbek xalqining jahon madaniyati va tamadduni xazinasiga ulkan hissasi bo`lib qo`shildi. Ishtirokchilar Kunchiqar mamlakatda Alisher Navoiy haykalining o`rnatilishi Buyuk ipak yo`li davridan buyon an`anaviy o`zaro bog`liq xalqlarimiz o`rtasidagi madaniy muloqotning yorqin ramzidir.
So`zga chiqqanlar Yaponiyada buyuk mutafakkirning ijodiga qiziqish nihoyatda katta ekanini qayd etib, uning asarlari yapon tiliga tarjima qilinganini alohida ta`kidladilar. Shuningdek, nafaqat O`zbekiston, balki butun insoniyatning bebaho boyligi bo`lgan Navoiy ijodini o`rganish Soka universitetining o`quv dasturiga kiritilgan.
Soka universiteti rektori Yoshixisa Baba Alisher Navoiy butun insoniyat tarixida o`chmas iz qoldirgan buyuk inson, uning asarlari esa jahon tafakkur xazinasining noyob durdonasi ekanini ta`kidladi. Yaponiya olimlari shoir ijodini katta qiziqish bilan o`rganmoqda. Buyuk shoir xotirasiga atab Soka universitetida o`rnatilgan haykal Yaponiya va O`zbekiston o`rtasidagi do`stlik va ma`naviy hamkorlik ramzidir.
Y.Baba Alisher Navoiy haykali poyida shoirning yapon tilida bitilgan, bugun ham o`z ahamiyatini yo`qotmagan hikmatli so`zlarni o`qib berdi:
«Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig`,
Yor o`ling bir-birigizgakim, erur yorlig` ish».
Soka universiteti professori, taniqli navoiyshunos olim Misuru Koyama Alisher Navoiy asarlari bugungi kunda butun dunyoda, shu jumladan Yaponiyada ham katta qiziqish bilan mutolaa qilinayotgani, buyuk shoirning asarlari ko`pgina tillarga o`girilgani bundan dalolat berayotganini ta`kidladi.