AsosiyJamiyat

Xalqqa xizmat qilish oilaviy an`ana: Shavkat Mirziyoevning otasi haqida nimalarni bilamiz?

'Xalqqa xizmat qilish oilaviy an`ana: Shavkat Mirziyoevning otasi haqida nimalarni bilamiz?'ning rasmi

Zomin ahli Miromon Mirziyoevni chuqur hurmat bilan yodga oladi. U Samarqand Davlat tibbiyot institutini tamomlagan va butun umrini bemorlar va muhtojlarga yordam berishga bag`ishlagan, deb yozadi "Xabar.uz" nashri.

Miromon Mirziyoev 1953 yili, Samarqand Davlat tibbiyot institutini tamomlaganidan so`ng, o`z yurti Zominga qaytib keladi va tuman shifoxonasida silga qarshi shifokor-ftiziatr sifatida ish boshlaydi.

O`sha paytda tumanda sil kasalliklariga qarshi bo`lim ham, shifoxona ham mavjud emasdi. Yosh Miromon o`z-sa`y harakatlari bilan tuman shifoxonasida besh o`rinli sil kasalliklarini davolash bo`limi ochishga muvaffaq bo`ladi. Bemorlarni tashish uchun ham transport ham bo`lmagan og`ir bir paytda ularni shifoxonaning o`ziga keltirib davolash zarur edi. Chunki shifoxonadan tashqarida bemorlardan kasallik tarqalishi ehtimoli juda yuqori bo`lgan.

Miromon Mirziyoev shunday og`ir sharoitda sil kasalliklari bo`limi alohida binoga ko`chib o`tishi va 25 o`ringa kengayishiga erishadi. Bundan tashqari, qahramonimiz bo`limga yangi tibbiy uskunalar ham olib kelinishiga bosh-qosh bo`ladi.

1970 yilda dispanserga bemorlarni tashish uchun «UAZ» mashinasi beriladi, bu ham katta yutuq edi. Miromon Mirziyoev bu bilan ham to`xtab qolmay soha muammolari yuzasidan sog`liqni saqlash ministriga murojaat qilishga qaror qildi.

1974 yili Zominga sil kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sh.Alimov boshchiligidagi yirik ishchi guruh etib keladi va rayonning uzoq qishloqlarigacha borib bemorlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazadilar.

Qiziq, Miromon Mirziyoev nega bunday yo`l tutgan?! Axir u ham ko`pchilik qatori tinchini o`ylab o`z kabinetidan o`tiraverishi va kuniga bir necha bemorni ko`rikdan o`tkazish bilan qanoatlanishi mumkin edi-ku. Yo`q, u xalqiga xizmat qilishga astoydil bel bog`lagan inson edi.

Urushdan keyingi murakkab yillar, ocharchilik, keng tarqagan og`ir kasalliklarni xalqimiz unutgani yo`q. Ana shu yillarda Miromon Mirziyoev uzoq urinishlardan keyin Zominga rentgen apparati olib keladi. Hali markaziy rayonlarda ham bo`lmagan bu apparatning keltirilishi katta yutuq edi. Shuningdek, Mirziyoev butun Zomin bo`ylab tibbiy ko`riklar o`tkazadi va 7 yoshdan 70 yoshgacha bo`lgan, sil bilan og`rigan 1700 bemorni o`z vaqtida aniqlab, nazorati ostida turli dispanserlarda davolanishini ta`minlaydi. Bu og`ir dard o`z vaqtida davolanmasa, insonni ne kuyga solishini hamma yaxshi biladi.

Uzoq yillik harakatlardan so`ng Zominda sil kasali bilan og`riganlar deyarli qolmadi, Miromon Mirziyoev yuzlab insonlarni davolashga, kasallikning og`ir asoratlari va hatto o`limdan asrab qolishga muvaffaq bo`ldi.

U ishlayotgan shifoxonada Jiyanboy ismli qorovul ishlar, uning oilasi juda katta, farzandlari ko`p edi. Olgan maoshi bolalarini ta`minlashga etmasdi. Ularning og`ir ahvolini ko`rgan Miromon aka bu oilaga ko`mak berishga qaror qiladi va Jiyanboyning xotini va o`g`lini shifoxonaga ishga joylashtiradi. Bu oila Miromon aka bilan aka-ukadek bo`lib ketadi.

Oqibat avloddan ham o`tishi bor gap. Bu satrlarni o`qirkanmiz, mehribon oiladan buyuk insonlar etishib chiqishiga yana bir bor amin bo`lamiz. Shavkat Mirziyoev mana shu savobli ishlarni ko`rib ulg`aygan inson, u o`z xalqini sevishni otasidan o`rgangan. Otasining hayot yo`li unga katta hayot darsini o`tagan. Chunki hamma narsa oiladan boshlanadi, prezidentning serg`ayratligi va qat`iyati — oilaviy an`ana.

    Boshqa yangiliklar