2018 yilning 10 fevral kuni Tehron shahriga tashrif buyurgan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Javad Zarif bilan uchrashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy sayti xabar berdi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, investision, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Vazirlar tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda O`zbekiston-Eron aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashish chog`ida alohida e`tibor Afg`onistondagi vaziyat o`zgarishiga qaratildi, xususan Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik” nomli Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya kun tartibi ko`rib chiqildi.
Uchrashuvda BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilish masalalariga ham e`tibor qaratildi.