2018 yil 4 fevral kuni 4 nafar noma`lum shaxslar yuzlariga niqob kiyib, pichoq bilan qurollangan holda Qashqadaryo viloyati, Kasbi tuman hududida A. va B. ismli shaxslarning uyiga g`ayriqonuniy ravishda bostirib kirib, qimmatbaho buyumlarni talab qilishgan, deb xabar bermoqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.
Xonadonda hech qanday qimmatbaho buyumlar bo`lmaganligi sababli A. va B. ismli shaxslarni o`ldirish bilan qo`rqitib, 500 AQSh dollarini berishni talab qilishib, pulni 3 kun ichida tayyorlab qo`yishni va aytilgan manzilga etkazib berishni aytib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan noma`lum shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida 2018 yil 9 fevral kuni ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan V., G., D. va E. ismli shaxslar qo`lga olindi.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.